07/07/2026

2026-yilning yanvar–may oylarida Namangan viloyatida qurilish sohasi iqtisodiyotning eng faol yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoldi. Hisobot davrida viloyatda jami 5 trln 361,9 mlrd so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 120,0 foizni tashkil etib, qurilish sohasida yuqori o‘sish sur'atlari saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

So‘nggi besh yillik ma'lumotlar tahlili qurilish ishlari hajmi yildan-yilga izchil ortib borayotganini tasdiqlaydi. Xususan, 2022-yilda 2 trln 137,5 mlrd so‘mni tashkil etgan qurilish ishlari hajmi 2026-yilga kelib qariyb 2,5 barobarga oshdi. Bu esa viloyatda investitsiya loyihalarining kengayishi, yangi ishlab chiqarish quvvatlari, ijtimoiy obyektlar hamda zamonaviy infratuzilma barpo etilishi bilan chambarchas bog‘liq.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, qurilish ishlari hajmi bo‘yicha Namangan shahri yetakchilikni saqlab qolmoqda. Hisobot davrida shaharda 1 trln 92,3 mlrd so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilgan bo‘lib, o‘sish sur'ati 120,5 foizni tashkil etdi. Shuningdek, Uychi tumanida 472,9 mlrd so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, o‘sish sur'ati 180,2 foizga yetgani e'tiborga molik. Mazkur ko‘rsatkich viloyatdagi eng yuqori o‘sish sur'ati sifatida qayd etildi.

Yuqori o‘sish sur'atlari Mingbuloq (156,3 foiz), Chust (125,4 foiz), Namangan shahri (120,5 foiz), Namangan tumani (119,7 foiz), Uchqo‘rg‘on (118,6 foiz) hamda Yangiqo‘rg‘on (117,7 foiz) tumanlarida ham kuzatildi. Bu hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari iqtisodiy faollikning oshishiga xizmat qilmoqda.