17/04/2026

2026-yil 17-aprel kuni Namangan viloyat statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida “Huquqiy bilimlar” mavzusida o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

 

      2026-yil 17-aprel kuni Namangan viloyat statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida oʻtkazilgan “Huquqiy bilimlar” oʻquv mashgʻuloti boʻyicha yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 13.04.2026-yildagi “Yakka tartibdagi uy-joylar hamda kichik hajmdagi noturar bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari yuzasidan xususiy qurilish nazoratini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 167-son Qarori mazmun-mohiyati toʻgʻrisida maʻlumot va tushunchalar berilib, endilikda yakka tartibdagi uy-joylar va kichik hajmdagi noturar bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari yuzasidan qurilish nazorati xususiy sektor tomonidan bajarilishi, xususiy qurilish nazorati arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish faoliyati uchun litsenziyaga ega boʻlgan hamda qurilish obyekti loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini ishlab chiqqan loyiha tashkiloti tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilishi, qurilish (rekonstruksiya ishlari) yakuniga yetgandan soʻng loyihachi tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida xulosa shakllantirilishi va buyurtmachiga taqdim etilishi va obyektdan foydalanish uchun ruxsatnoma tegishli tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimlari tomonidan berilishi haqida tushunchalar berildi.

     Bundan tashqari, agarda xususiy qurilish nazorati amalga oshirilmaganda yoki nazoratni amalga oshirgan loyihachining ijobiy xulosasi mavjud boʻlmaganda, obyektlarni foydalanishga qabul qilish taqiqlanishi haqida ham maʼlumotlar berildi.

     Qarorda belgilanishicha, mazkur qaror tasdiqlangan sanadan oldin qurilishi va rekonstruksiya qilish ishlari boshlab yuborilgan ikki qavatdan yuqori boʻlmagan (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni (yordamchi xoʻjalik imoratlarini hisobga olmagan holda) 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlmagan yakka tartibdagi uy-joylar, qurilish hajmi 300 kub metrdan ortiq boʻlmagan noturar bino va inshootlarga nisbatan qarorda koʻrsatilgan talablar tatbiq etilmasligi haqida ishtirokchilarga tushunchalar berib oʻtildi.

     Bundan tashqari, mazkur qaror bilan nizom ham tasdiqlangan boʻlib, ushbu nizom ikki qavatdan yuqori boʻlmagan (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni (yordamchi xoʻjalik imoratlarini hisobga olmagan holda) 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlmagan yakka tartibdagi uy-joylar, qurilish hajmi 300 kub metrdan ortiq boʻlmagan noturar bino va inshootlar qurilishi hamda rekonstruksiya qilinishi yuzasidan qurilish nazorati xususiy sektor tomonidan amalga oshirilishi tartibini belgilashini, xususiy qurilish nazorati obyektning quruvchisi va nazoratchi oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshirilishi va u obyekt qurilishida quruvchi tomonidan obyektning kelishilgan loyiha hujjatlariga rioya qilmaganlik holatlarini aniqlash, kelishilgan loyiha hujjatlariga rioya qilmaslik holatlari boʻyicha dalolatnoma tuzish, qoidabuzarlikka yoʻl qoʻygan buyurtmachini (mulkdor) mazkur holatlar toʻgʻrisida ogohlantirish hamda qurilishni toʻxtatish toʻgʻrisida koʻrsatma taqdim etish, yakunlari boʻyicha xulosa berish, foydalanishga qabul qilishda ishtirok etishga haqli ekanligi ham belgilanganligi, xususiy qurilish nazoratchisi nazoratni amalga oshirish boʻyicha oʻz vakolatlarini buyurtmachining roziligi (yoki tashabbusi) bilan shartnoma asosida boshqa arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish faoliyati uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxsga topshirish huquqiga egaligi haqida ham maʼlumotlar berildi.