23/09/2026

Namangan viloyatining shahar va tumanlarida faoliyat yuritayotgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining mas’ul xodimlari ishtirokida “1 (Umumta’lim)” statistika hisobotini to‘ldirish va taqdim etish tartibi bo‘yicha o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda. Seminarlar Aholi turmush darajasi va ijtimoiy soha statistikasi bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan tashkil etilib, ishtirokchilarga hisobot shaklini to‘g‘ri, to‘liq va sifatli to‘ldirish yuzasidan batafsil tushuntirishlar berilmoqda.


Seminar davomida 2026/2027-o‘quv yili boshiga taqdim etiladigan 1-umumta’lim shakli (yillik) statistik hisobotni e-Stat 4.0 avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuborish tartiblari haqida tushunchalar berilmoqda. Shuningdek, hisobotlarni to‘ldirish jarayonida sodir bo‘ladigan xato kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar batafsil muhokama qilinmoqda.


Mazkur seminarlardan ko'zlangan maqsad respondentlar uchun hisobot topshirish jarayonini soddalashtirish, tushunmovchiliklardan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan korrupsion holatlarning oldini olish, statistik hisobotlarning to‘liq va o‘z vaqtida qabul qilinishini ta’minlashdan iborat.

Seminarlar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar olishmoqda.