O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi 710- son qaroriga muvofiq, aholini sinov tariqasida ro`yxatga olish tadbiri 2021- yil 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo`jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida o`tkazilishi rejalashtirilgan.
Joriy yilning may oyida sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish o`tkazilishi ko`zda tutilgan 4 ta hududda uy-joy ro`yxаtini tuzuvchilar tomonidan o‘z hududini xatlovdan o‘tkazish davomida respondentlar yashaydigan, vaqtincha bo‘lib turgan yoki yashashi mumkin bo‘lgan barcha binolar ro‘yxatini aniqlash va kartografik materiallarni tekshirish, ularga tegishli belgi qo‘yish yuzasidan ishlar tashkil etilgаn.
Davlat statistika qo‘mitasining Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi xodimlari uy-joylar ro`yxаtini tuzuvchilar ish jarayoni yakuni bo‘yicha qilingan ishlarni qabul qilish jarayonlarida ishtirok etmoqda. Tashkil etilgan uchrashuvlarda qo‘mita vakillari aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbirlarini sifatli va samarali tashkil etish yuzasidan taklif va tavsiyalar berdi.
Ta’kidlash lozimki, aholini ro‘yxatga olish ma’lum bir davrda O‘zbekiston aholisining soni, yoshi, jinsi, diniy va etnik tarkibi, oilaviy ahvoli, ma'lumot darajasi, uy-joy bilan ta'minlanganligi, iqtisodiy faolligi, daromad olish manbalari, nogironligi xususida batafsil ma'lumot olishga yordam beradi. Shuningdek, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq ko‘rsatib beradi.
Matbuot xizmati