18/06/2021

2020- yilning 1- iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda kadrlar masalasiga alohida to‘xtalib, statistika tizimining barcha mutaxassis kadrlarini o‘qitish, malakasini oshirish yuzasidan topshiriqlar berilgan edi.

Shundan kelib chiqib, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan belgilangan aniq reja asosida, qo‘mita markaziy apparati va hududiy statistika idoralari xodimlarini tizimli o‘qitish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Mazkur grafik asosida tizim xodimlarining malakasini oshirish hamda sohaga doir bilim va salohiyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan onlayn seminarlar tashkil etilgan edi.

Joriy yilning 18- iyun kuni Davlat statistika qo‘mitasi Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi boshqarmasi tomonidan “Tashqi iqtisodiy faoliyatga oid xalqaro tasniflagichlarni amaliyotda qo‘llash” mavzusida navbatdagi onlayn muloqot o‘tkazildi.

Unda Davlat statistika qo‘mitasi xodimlari va hududiy statistika boshqarmalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasiga oid atamalar, eksport va import mahsulotlarini hisobga olish usullari bo‘yicha qo‘mita mutaxassislari hududiy statistika boshqarmalari xodimlarining bilim va salohiyatini o‘rgandi.

 

Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O‘razbekov Humayun Ulug‘bek o‘g‘li tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi ishlarini shakllantirish va takomillashtirish masalalari yuzasidan o‘z takliflarini berib o‘tdi.

Videokonferensiyada qo‘mitaning Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi boshqarmasi va hududiy statistika boshqarmalari xodimlariga sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni muhokama va tahlil qilgan holda tizimni rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi.

Hududiy statistika boshqarmalari Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi bo‘limi xodimlarining soha bo‘yicha bergan savollariga qo‘mita vakillari batafsil javob va tushuntirishlar berdi.

 Matbuot xizmati