07/07/2021

6 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi Raisi Volkan Bozkirni qabul qildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, O‘zbekistonning BMT va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari bilan ko‘p qirrali hamkorligini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, global va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, bugungi kunning yangi tahdid va xatarlariga qarshi kurashish, shu jumladan koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yengib o‘tish kabi ustuvor yo‘nalishlarda mamlakatimiz hamda tashkilot institut va tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlik yuqori darajada ekanini mamnuniyat bilan qayd etdi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida O‘zbekiston bu borada muhim tashabbuslarni faol ilgari surmoqda va global kun tartibini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari, keyingi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash, mintaqada turizmni barqaror rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ma’rifat va diniy bag‘rikenglik, Orolbo‘yida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini yaratish kabi muhim masalalar bo‘yicha Bosh Assambleyaning qator maxsus rezolyutsiyalari ishlab chiqildi va qabul qilindi.

Bosh Assambleyaning joriy sessiyasi raisi Volkan Bozkir xalqaro maydonda, eng avvalo, BMTda O‘zbekistonning nufuzi ortib borayotgani, davlatimiz rahbarining global va mintaqaviy tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini alohida ta’kidladi.

Uchrashuvda mamlakatimiz va Markaziy Osiyo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, gender tenglik va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning dolzarb jihatlari bo‘yicha sheriklik munosabatlarini, shu jumladan parlamentlararo hamkorlik doirasida ilgari surish, atrof-muhitni muhofaza qilish, vaksinalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan tartibga solish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va BMT institutlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yaqin va samarali muloqotni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Matbuot xizmati