03/08/2021

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 avgust kuni joriy yilning birinchi yarmidagi iqtisodiy natijalar tahlili hamda yil yakuniga qadar barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Birinchi yarim yillikda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 6,2 foizga o‘sgani qayd etildi. Bunga, asosan, sanoat 8,5 foiz, investitsiyalar 5,9 foiz va xizmatlar hajmi 8 foizga oshgani hisobiga erishilgan. Inflyatsiya darajasi 10,9 foizni tashkil etgan.

Shu davrda jami 200 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu sohadagi yuqori o‘sish sur’atlari kon-metallurgiya, to‘qimachilik va elektr energiyasi tarmoqlarida, Qashqadaryo, Sirdaryo, Jizzax, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida kuzatilgan.

Bunga, avvalo, iqtisodiyotning bir maromda ishlashi hamda tashqi bozorlarda kon’yunkturaning yaxshilanishi evaziga erishilgan. Iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda davlat resurslari ham hal qiluvchi omil bo‘lmoqda.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari hududlar va tarmoqlarni rivojlantirish uchun zarur moliyaviy resurslar ajratilgan bo‘lsa-da, hali joylarda kutilgan natija bo‘lmayotganini ta’kidladi.

Hududiy sanoat hajmi Sirdaryo viloyatida 41 foiz, Xorazmda 33 foiz, Namangan va Surxondaryoda 24 foiz o‘sgan. Biroq, bu ko‘rsatkich katta imkoniyatlarga ega Farg‘ona viloyatida atigi 1,2 foiz va Toshkent viloyatida 4,6 foizni tashkil etgan.

Umuman, birinchi yarim yillikda 110 ta hududiy sanoat korxonasida o‘tgan yilga nisbatan 2,2 trillion so‘mlik mahsulotlar kam ishlab chiqarilgan.

Investitsiya loyihalarining samaradorligi ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, hududiy investitsiya dasturlari doirasida birinchi yarim yillikda 5 ming 246 ta loyiha amalga oshirilgan. Lekin ularning sanoat o‘sishida o‘rni sezilmayotgani, bunga mas’ul hokim o‘rinbosarlari korxonalar bilan yaqindan ish olib bormayotgani qayd etildi.

Hisobot davrida mamlakatda jami 53 mingta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 14 foiz oshgan.

Yig‘ilishda 9 oy va yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy o‘sishni ta’minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Ikkinchi yarim yillikda yirik tarmoq korxonalarida 86 trillion so‘mlik, hududlarda 142 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi bunda muhim omil bo‘ladi.

Masalan, shu davrda to‘qimachilikda 15 trillion so‘mlikdan ziyod mahsulot tayyorlash va 1 milliard 700 million dollarlik eksport qilish imkoniyati bor. Yoki, elektr texnikasi tarmog‘ida eksportni 348 million dollar, charm sanoatida 251 million dollarga yetkazish mumkin.

Shuningdek, hududlarda “drayver” bo‘lgan sohalarni rivojlantirish, kichik va o‘rta korxonalarda ishlab chiqarishni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.  

Bosh vazir o‘rinbosarlariga ishga tushirilgan loyihalarni joyiga chiqqan holda, batafsil o‘rganib, to‘liq quvvatda ishlashiga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriq berildi.

Ma’lumki, oxirgi besh yilda qishloq xo‘jaligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha Prezidentning 30 dan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi.

Qo‘shimcha yer maydonlari foydalanishga kiritilib, imkoniyatlar kengaydi. Soha uchun subsidiyalar ajratildi. Qishloq xo‘jaligining barcha yo‘nalishlarida klaster tizimi joriy qilinib, ularga shu yilning o‘zida 6 trillion so‘mdan ziyod kreditlar berildi.

Lekin, bu sohada natijadorlik kutilgandek emasligi, ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi.

Xususan, qishloq xo‘jaligidagi ishlab chiqarish hajmi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm va Toshkent viloyatlarida o‘tgan yilgi darajada saqlanib qolgan. Dehqonchilik yo‘nalishida mahsulot yetishtirish kamaygan.

Chunki hosildorlik o‘zgarmayapti, ayrim mahsulot turlari bo‘yicha esa pasayib ketmoqda. Chorvachilik va parrandachilik yo‘nalishidagi ishlar ham qoniqarli emasligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari aholining oziq-ovqat mahsulotlariga talabi oshib borayotgani, ishlab chiqarish hajmi o‘sayotgan talabni qondirishi zarurligini ta’kidladi.

Ikkinchi chorakda mahsulot yetishtirish va qayta ishlash hajmini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda xizmatlar sohasi tahliliga ham alohida e’tibor qaratildi.

Ma’lumki, shu yil 11 may kuni “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilingan edi. Hududlarda xizmatlar turini kengaytirish va sifatini oshirishga qaratilgan loyihalarga keng yo‘l ochildi.

– Davlat tomonidan imkoniyat yaratib berildi. Odamlarimiz ham harakatchan, mehnatsevar. Endi xizmatlar sohasida keskin o‘zgarish qilish kerak. Bu yangi ish o‘rinlari tashkil etishning eng arzon yo‘li. Qishloqlarda xizmatlar qancha ko‘paysa, sifat ham oshadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun birinchi bosqichda 7 ta tijorat bankiga 1 trillion 575 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Buning hisobidan hududlarda 2 ming 400 ta loyihani amalga oshirish boshlandi.

Natijada 2020 yilning birinchi yarmiga nisbatan xizmatlar ko‘rsatish hajmi 18 foizdan ko‘proq oshdi. Ayniqsa, Sirdaryo, Andijon, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida bu boradagi ko‘rsatkich yuqori bo‘ldi.

 Yig‘ilishda bu boradagi ishlarni davom ettirib, yil yakuniga qadar sohada 415 mingta yangi ish o‘rni tashkil etish mumkinligi aytildi. Bo‘sh turgan bino va yer maydonlarini tadbirkorlarga berish, o‘zini o‘zi band qilishni qo‘llab-quvvatlash bu borada katta imkoniyat ekani qayd etildi.

Transport vazirligiga yangi yo‘nalishlar tashkil etib, jamoat transporti yetib bormagan 1 ming 113 ta mahallani qamrab olish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasida Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlari, viloyat hokimlari hisobot berdi.

Har bir tarmoq va hudud bo‘yicha 9 oy hamda yil yakuniga mo‘ljallangan aniq rejalar ishlab chiqib, ijrosini ta’minlash vazifasi qo‘yildi. 

UzA