09/08/2021

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 2021 yil 5-6 avgust kunlari Turkmanboshi shahrida bo‘ldi.
6 avgust kuni Turkmanboshi shahri yaqinidagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raislik qilgan sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Natalya German ishtirok etdi.

Markaziy Osiyo ulkan geostrategik va geoiqtisodiy ahamiyatga ega mintaqa. Bu yerda 74 milliondan ortiq aholi yashaydi. Ularning tarixi va madaniyati, mamlakatlarimizning iqtisodiyoti va infratuzilmasi bog‘lanib ketgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston mintaqa mamlakatlari bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga tayangan holda faol va pragmatik siyosat olib bormoqda. Jumladan, keyingi yillarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika hamda madaniy-gumanitar sohalarda ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tarixan qisqa muddat ichida Markaziy Osiyoda prinsipial jihatdan mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratildi.

Prezidentimiz bir necha bor ta’kidlaganidek, mintaqa mamlakatlari oldida umumiy sa’y-harakatlar bilan Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirishdek bosh maqsad turibdi. Bu maqsadga erishish, mintaqa salohiyatini to‘la yuzaga chiqarish, o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi.

Bu hayotiy tashabbus qardosh xalqlarimizning manfaatlariga mos bo‘lgani uchun keng qo‘llab-quvvatlandi va tezda amalga oshdi. Birinchi sammit 2018 yil mart oyida Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida, ikkinchisi esa 2019 yil noyabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan edi.

Avazada tashkil etilgan navbatdagi uchrashuv ham g‘oyat muhim va mazmunli bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida umumiy siyosiy iroda va birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida bugun mintaqamiz yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va barqaror taraqqiyot makoniga aylanib borayotganini ta’kidladi.

– Bu yerda yangi siyosiy muhitni shakllantirishda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarining o‘rni beqiyos. Oliy darajadagi muntazam uchrashuvlarimiz mintaqaning betakror salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari dolzarb masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon etib, qator takliflarni ilgari surdi.

bugungi voqelik Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish bo‘yicha qat’iy qadamlarni taqozo etayotgani ta’kidlandi. Yangi "o‘sish nuqtalarini", uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan yangi rivojlanish “drayver”larini aniqlash muhim ahamiyatga ega.

Mintaqa ichidagi savdoni kengaytirish zarurligi, to‘laqonli erkin savdo rejimiga o‘tish maqsadida mavjud to‘siqlarni bartaraf etish muhim ekani qayd etildi. Sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish hisobiga qo‘shilgan qiymatning uzun zanjirlarini yaratish mumkin.

Buning uchun mamlakatlarimiz tadbirkorlari va hududlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni rag‘batlantirish, investitsiya va iqtisodiy forumlarni muntazam o‘tkazib borish lozimligi ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Savdo-iqtisodiy hamkorlikning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish fursati kelganini aytdi.

Markaziy Osiyoning transport-tranzit salohiyatini samarali ishga solish mintaqa mamlakatlarining umumiy strategik manfaatlariga mos keladi. Keng rivojlangan va integratsiyalashgan transport tizimi Yevroosiyo qit’asining muhim tranzit “xab”iga aylanishga qodir.

Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari mavjud transport yo‘laklari va infratuzilmasini, shu jumladan, Kaspiy dengizi portlari, yirik transchegaraviy logistika markazlarini imkon qadar to‘liq quvvat bilan ishlashini ta’minlashga chaqirdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston kelajakda “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” transafg‘on yo‘lagi, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” avtomobil va temir yo‘llari imkoniyatlaridan foydalanish niyatida.

Shuningdek, sanitariya talablariga rioya qilgan holda transport qatnovlarini to‘liq tiklash muhim ekani qayd etildi.

Mintaqada milliy iqtisodiyotlar va aholi soni o‘sishi ta’sirida energetik xavfsizlik masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan umumiy energetika makonini shakllantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish, bunda “yashil” energetika va energiya tejamkor texnologiyalarni jadal joriy etishga alohida e’tibor qaratish lozim.

O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo mamlakatlarining Elektr energetikasi muvofiqlashtiruvchi kengashini faollashtirish, uning mandati va vakolatlarini kengaytirish hamda mamlakatlarning kengashdagi vakillik darajasini oshirishni taklif qildi.

Pandemiya sharoitida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashdagi muammolar o‘tkir tus olganiga e’tibor qaratildi. Dunyoning ayrim mintaqalarida narxlar o‘sishi va asosiy oziq-ovqatlarning yetishmovchiligi kuzatilmoqda.

Davlatimiz rahbari mintaqa mamlakatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, birinchi yig‘ilish kun tartibiga oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish bo‘yicha mintaqaviy tizimni joriy etish masalasini kiritish taklifini bildirdi.

Bu oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda ularning sifatini nazorat qilish, shu jumladan, jahon bozoriga yetkazish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar va qo‘shma dasturlarni belgilab olishga xizmat qiladi.

Pandemiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish va o‘zaro yordam ko‘rsatish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Shavkat Mirziyoyev shu maqsadda test natijalari va emlash sertifikatlarini tan olish bo‘yicha yagona axborot tizimini ishga tushirish, yuqumli kasalliklarni profilaktika, diagnostika qilish va davolash, tibbiyot xodimlarini tayyorlash sohasida tajriba almashishni kengaytirish, farmakologiyada ilmiy hamkorlikni hamda hayotiy muhim dori vositalarini ishlab chiqarishda kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish takliflarini ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari mintaqaning ekologik muammolari hamisha diqqat markazida bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Bu boradagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, Orol dengizi halokatining oqibatlarini yumshatish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rish zarur.

Shu ma’noda O‘zbekiston Prezidenti mamlakatlarimizning iqlim o‘zgarishlariga moslashishiga, resurs tejovchi texnologiyalarning yana keng joriy etilishiga xizmat qiladigan “Markaziy Osiyo uchun “yashil” kun tartibi” mintaqaviy dasturini ishlab chiqishni taklif qildi.

O‘zbekiston yetakchisi mintaqamiz va dunyoning boshqa yirik mintaqalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhim ekanini qayd etdi. Yaqinda Toshkent shahrida o‘tgan Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi bo‘yicha xalqaro konferensiyani qo‘llab-quvvatlagani va delegatsiyalari unda faol ishtirok etgani uchun davlat rahbarlariga minnatdorlik bildirdi.

Umumiy sa’y-harakatlar bilan ushbu masala borasida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinishi, bu jarayonda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi ham faol ishtirok etishiga ishonch bildirildi.

– Mamlakatlarimiz taraqqiyotida mintaqa aholisining aksariyat qismini tashkil etayotgan yoshlar muhim o‘rin tutishini barchamiz anglab turibmiz. Butun dunyoda yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurash davom etayotgan bugungi kunda Markaziy Osiyo kelajagining hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari kelgusi yilda O‘zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini o‘tkazishni taklif etdi. Bu mamlakatlarimiz hukumatlari va yoshlari o‘rtasida ishonch va do‘stlikni mustahkamlash, interfaol muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun platforma shakllantirishda muhim qadam bo‘ladi.

Umumiy madaniy makonimizni yanada rivojlantirish xalqlarimiz qardoshlik munosabatlarini mustahkamlashning muhim omilidir.

O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoning madaniy merosiga bag‘ishlangan festivallar, madaniyat va kino kunlarini o‘tkazish, birgalikda kitoblar nashr qilish muhim ekanini ta’kidladi.

Xalqlarimizni yaqinlashtirishga xizmat qiladigan yana bir omil bu – turizm sohasi. Mintaqa ichida sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish uchun qo‘shimcha rag‘batlardan faol foydalanish muhimdir.

Davlatimiz rahbari turizm xizmatlarining doirasini qamrab oladigan “Bir sayohat – butun mintaqa” qo‘shma dasturini amaliy ro‘yobga chiqarish taklifini ilgari surdi.

– bugungi sammit muhim voqea – davlatlarimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi arafasida o‘tayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Bu yillar barchamiz uchun qiyin davr bo‘ldi. Asosiy xulosa shuki, birgalikda, jips bo‘lib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, oldimizda turgan muammolarning yechimiga erishamiz, mintaqaning barqaror taraqqiyoti va aholi farovonligini yuksaltiramiz. Boshqa muqobil yo‘l yo‘q! – dedi Prezidentimiz.

Mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga barqaror tus berish, shu maqsadda “xalq diplomatiyasi”, parlamentlar, fuqarolik jamiyati institutlari va media sohasi salohiyatidan yanada keng foydalanish muhim ekani qayd etildi.

– Markaziy Osiyo ayollari muloqoti yanada rivojlanayotgani, gender tenglik sohasidagi global maqsadlarga erishishga qaratilgan aloqalar kengayib borayotganini olqishlaymiz, – deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Parlamentarizmning roli ortib borayotganini hisobga olib, Prezidentimiz Toshkent shahrida Mintaqaviy parlament forumini o‘tkazishni taklif etdi.

O‘z nutqini yakunlar ekan, davlatimiz rahbari Maslahat uchrashuvining natijalari Markaziy Osiyodagi birodar xalqlarning ko‘p qirrali sherikligini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mamlakatimiz yetakchisi Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi yuqori darajada tashkil etilganini, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda bu yana bir muhim bosqich bo‘lishini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini, mintaqaviy va xalqaro darajadagi aloqalarni muhokama qildilar.

Davlat rahbarlari pandemiyaning qiyin davriga qaramay, O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda avval erishilgan kelishuvlarning bajarilish holati ko‘rib chiqildi. Ijobiy o‘sish sur’atlarni davom ettirish uchun yangi loyihalar ishlab chiqish, chegaradosh hududlar va ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish kerakligi ta’kidlandi.

Transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, Janubiy Osiyo va Janubiy Kavkaz yo‘laklari orqali yangi tashqi bozorlarga chiqish, shu jumladan, Ashxobod bitimiga muvofiq xalqaro transport va tranzit yo‘lagini yaratish istiqbollari muhokama qilindi.

Muloqotda bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi. Hamkorlikning yangi “o‘sish nuqtalari”ni topish, samarali loyiha va shartnomalar tayyorlash uchun yaqin vaqtlarda Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari strategik sheriklik munosabatlarini xalqlarimiz farovonligi yo‘lida o‘zaro ishonch va hurmat tamoyillari asosida izchil mustahkamlab borish borasida qat’iy ekanliklarini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan muzokara o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari Sadir Japarovni ilk bor Maslahat uchrashuvida ishtirok etayotgani bilan chin dildan qutladi va bu ko‘p tomonlama muloqot maydoni mintaqamiz farovonligi yo‘lida mamlakatlarimiz sa’y-harakatlarini birlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Uchrashuvda, avvalo, joriy yil 11-12 mart kunlari Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi batafsil muhokama qilindi.

Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 foizga ortib, 425 million dollardan oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlarida, xususan sanoat, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, mashinasozlik va boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish boshlab yuborilgan. Faol madaniy-gumanitar va hududlararo almashinuv olib borilmoqda.

Energetika sohasidagi hamkorlik, xususan, Qambarota-1 gidroelektr stansiyasini birgalikda qurish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temir yo‘li strategik ahamiyatga ega ekani, uni qurish bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirish muhimligini ta’kidladi.

Qirg‘iziston Prezidenti O‘zbekistonning mintaqada samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash borasidagi amaliy sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Davlatimiz rahbarining Markaziy va Janubiy Osiyo hamkorligini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari mintaqamizning qardosh xalqlari manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidladi.

Barcha sohalardagi aloqalarni izchil rivojlantirish uchun oliy va yuqori darajadagi muloqotni muntazam davom ettirishga kelishib olindi.

Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasida Turkmanboshi shahrida ushbu mamlakatlarning milliy sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Mintaqa davlatlari rahbarlari mazkur ko‘rgazmani borib ko‘rdilar.

“Made in Uzbekistan” ekspozitsiyasida mamlakatimizning oziq-ovqat, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, charm-poyabzal, elektr texnikasi, kimyo, farmatsevtika, zargarlik va qurilish materiallari kabi sanoat tarmoqlari salohiyati namoyish etilgan.

Ko‘rgazmadan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Turkmaniston mahsulotlari ham o‘rin olgan. Ekspozitsiyalar 8 ming kvadrat metrdan ziyod maydonni egallagan.

Prezidentlar mahsulotlar sifatini ko‘zdan kechirib, o‘zaro tovarlar yetkazib berish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdilar.

“Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo xalqlarining milliy taomlari festivali va tantanali konsert bo‘lib o‘tdi.

Prezidentlar dastlab milliy taomlar namunalarini ko‘zdan kechirdi.

So‘ng Markaziy Osiyo mamlakatlari san’at ustalari ishtirokida tantanali konsert dasturi namoyish etildi. Folklor-etnografik ansambllar va estrada xonandalarining chiqishlari zamonaviy sahna bezaklari bilan uyg‘unlashib, ajib manzara hosil qildi. Milliy kuy-qo‘shiq va raqslar xalqlarimiz birligi, madaniy yaqinligini yaqqol namoyon etdi.

Sammit doirasida “Avaza” milliy turistik zonasida Markaziy Osiyo mamlakatlari Iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi. Forum ishi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy, energetika va kimyo, transport-logistika sohalarida hamkorlik bo‘yicha tematik sessiyalar shaklida tashkil etildi. Har bir sessiyada ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi. Shuningdek, mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotlarining yangi “o‘sish nuqtalari”ni aniqlashga qaratilgan aniq takliflar ko‘rib chiqildi. Forum doirasida ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilib, ko‘plab kelishuvlar imzolandi.

Maslahat uchrashuvi doirasida Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi.

Tadbirda mintaqa davlatlari o‘rtasida gender siyosati sohasida hamkorlikni rivojlantirish, ayollarning jamiyat hayotidagi rolini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Anjuman yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari forumi deklaratsiyasi qabul qilindi.

Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvining navbatdagi yig‘ilishi doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbirlar, shuningdek, yetakchi ayollar muloqoti va mintaqa Iqtisodiy forumi Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil topgan sammitning yangi bosqichga chiqqanidan dalolat beradi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkmanistonga tashrifi yakunlandi.

O‘zA