Prezident Shavkat Mirziyoyev joylardagi bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 11 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari safarini Qarshi tumanidagi Abu Muin Nasafiy maqbarasini ziyorat qilishdan boshladi. Qur’on tilovat etildi, Yaratgandan yurtimizga tinchlik, farovonlik tilab duo qilindi.
Bu ulug‘ mutafakkir XI asrda yashagan. Moturidiya ta’limotining davomchisi, aqida ilmining yetuk bilimdoni sifatida dinimiz sofligini saqlagan, adashganlarni ma’rifat bilan to‘g‘ri yo‘lga boshlagan. Lekin uzoq yillar uning merosi ham, qadamjosi ham e’tibordan chetda qolib ketgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan alloma maqbarasi obod va ulkan ziyoratgohga aylantirildi. Davlatimiz rahbari ushbu bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Bu yerda yangi masjid, muzey, kutubxona va ma’muriy binolar qurilgan. Daraxtlar, gullar ekilib, so‘lim bog‘ tashkil etilgan. Abu Muin Nasafiy kitoblarining nomi va o‘gitlari yozib qo‘yilgan. Ziyoratgohda XI asrga oid yodgorlik va quduq, XIII asrda qurilgan eski masjid ham saqlanib qolgan.
Prezidentimiz yangi masjid va muzeyni kirib ko‘rdi. Muzeyda Abu Muin Nasafiyning hayoti va asarlari multimedia vositalari orqali aks ettirilgan. Bu yerda qadimgi Samarqand qog‘oziga bitilgan Qur’oni karimning asl nusxasi, matoga to‘qib yozilgan muqaddas oyatlar ham saqlanmoqda.
Shavkat Mirziyoyev alloma asarlari bugungi kunda ham dolzarbligini, ularning mag‘zini xalqimizga, yoshlarga yetkazish kerakligini ta’kidladi. Shu maqsadda Qarshi davlat universiteti qoshida Abu Muin Nasafiy nomida ilmiy markaz tashkil etish taklifini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi Prezident maktabida qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashdi.
Mamlakatimizda ixtisoslashtirilgan ta’limning yangi tizimi – Prezident maktablari tashkil etildi. Joriy yilda Qarshi shahrida ham shunday maktab foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu muassasani ko‘zdan kechirdi.
168 o‘rinli maktab binosi va yotoqxona Prezident maktablari standarti asosida qurilgan. Fan xonalari, laboratoriyalar, sport zallarida eng zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
Bu yil maktabga 10 mingdan ziyod o‘quvchi hujjat topshirib, shundan 144 nafari qabul qilindi. Ta’lim jarayoni rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida olib boriladi. Buning uchun eng malakali o‘qituvchilar, jumladan, 10 nafar chet ellik mutaxassis jalb qilingan. 15 o‘rinli o‘qituvchilar mehmonxonasi qurilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.
– Bu hayotlaringizdagi birinchi eng katta g‘alabangiz. Ana shu g‘alaba bilan sizlarni tabriklayman, ota-onangizga rahmatlar aytaman. O‘z kelajagingizga zamin yaratayapsiz. Vaqtdan, bu sharoitlardan unumli foydalaninglar. bugungi muvaffaqiyat – tarix. Yanayam ko‘proq o‘qib, izlanishdan to‘xtamanglar. Kelgusida yangi O‘zbekistonning munosib farzandlari bo‘lib yetishasizlar. Men bunga ishonaman, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezident maktabi bilan viloyatdagi boshqa maktablar o‘rtasida tajriba almashinuvni yo‘lga qo‘yish, shu asosida aniq fanlarni o‘qitish metodologiyasini yangilash zarurligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyati Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyini borib ko‘rdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 oktyabrdagi farmoyishiga muvofiq, qatag‘on qurbonlarining xotirasini abadiylashtirish va merosini o‘rganish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda qatag‘on qurbonlari muzeyi tashkil etildi.
Qashqadaryodagi muzey Odina masjidida joylashtirilgan. Bu chuqur ma’noga ega. Chunki u tarixiy bino.
Odina masjidi 1386 yilda Sohibqiron Amir Temur tomonidan bunyod etilgan. 1868 yili Chor Rossiyasi bosqini davrida masjidning ayvon qismi to‘pga tutilib, vayron qilingan. Mustabid tuzum davrida dastlab omborxonaga, 1938 yildan qamoqxonaga aylantirilgan.
– Mustabid tuzum davrida xalqimizning qadr-qimmati, insoniy sha’ni va g‘ururi oyoqosti qilingan. Shunday tabarruk joyning qamoqxonaga aylantirilgani ham bunga misol. Biz bugun mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga alohida e’tibor qaratayapmiz. O‘tganlar hurmatini ham joyiga qo‘yishimiz kerak. Bu yerda Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi tashkil etilgani – tarixiy adolatning tiklanishi, – dedi Prezident.
Muzey 11 ta bo‘limdan iborat. Ularda Turkiston o‘lkasida olib borilgan mustamlakachilik siyosati va qatag‘onlarni aks ettiruvchi noyob tarixiy fotosuratlar, xaritalar, ashyolar va boshqa manbalar aks ettirilgan.
Shuningdek, muzeyda yoshlar klubi hamda kutubxona tashkil qilingan.
Davlatimiz rahbari shu yerda jurnalistlarning savollariga javob berdi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifini yakunlab, Buxoroga jo‘nab ketdi.