28/10/2021

Shaxsga doir maʼlumotlarni yig‘ish respondentlar yashaydigan (turadigan) turar joylarni va boshqa xonalarni aylanib chiqish chog‘ida yoxud mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ushbu maqsadlar uchun beriladigan xonalarda respondentlar so‘rovini o‘tkazish hamda ro‘yxatga olish varaqlarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.

Shaxsga doir maʼlumotlarni yig‘ish axborot xavfsizligini taʼminlash talablarini hisobga olgan holda axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish orqali ham amalga oshirilishi mumkin.

Respondentlar so‘rovi davlat tilida o‘tkaziladi. Davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida so‘rovdan o‘tkazilishi mumkin.

Ro‘yxatga olish varaqlari ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiriladi.

Аholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish muddati ichida yashash (turgan) joyida hozir bo‘lmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar bo‘lgan respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir maʼlumotlar ular uy xo‘jaligining voyaga yetgan aʼzolari tomonidan maʼlum qilinadi. O‘ziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar to‘g‘risidagi shaxsga doir maʼlumotlar ularning vasiylari yoxud homiylari tomonidan maʼlum qilinadi.

Respondent ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud maʼlumotlar asosida to‘ldiriladi.

Аholini ro‘yxatga olish dasturida nazarda tutilmagan savollar bo‘yicha shaxsga doir maʼlumotlarni yig‘ish taqiqlanadi.

Davlatobod tumani statistika bo‘limi