So‘rovnomalar asosiy demografik ko‘rsatkichlar, aholining mexanik harakati, migratsiyasi, milliy xususiyatlari, fuqaroligi, taʼlim darajasi, uy xo‘jaligi aʼzolarining iqtisodiy holati, bolalar soniga oid savollardan iborat bo‘ladi. Yashab turgan xonadonida ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlar uchun ro‘yxatga olish so‘rovnomalarini to‘ldirish ularning o‘zlari yashab turgan mahallalarda tashkil etiladigan instruktorlik uchastkalarida amalga oshiriladi. Respondentlar tomonidan taqdim etilgan shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi va ularning mazmuni oshkor etilmasligi ro‘yxatga oluvchi tomonidan kafolatlanadi.
Ikkinchi usulda respondentlarga qulaylik yaratish maqsadida internet jahon axborot tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi. Bunda so‘rovnomalar aholining o‘zi tomonidan maxsus dastur orqali to‘ldirilib, belgilangan elektron manzilga jo‘natiladi.
— Аholini ro‘yxatga olishning birlamchi maʼlumotlari hududiy statistika boshqarmalari huzurida tashkil etiladigan markazlarda maxsus dasturiy taʼminot asosida 2024 yil 1 yanvardan 31 dekabrga qadar operatorlar tomonidan elektron bazaga kiritiladi. Ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan tayyorlangan yig‘ma ro‘yxatlar natijalari asosida shahar va qishloqlar, shu jumladan, erkaklar va ayollar bo‘yicha aholi soni to‘g‘risidagi dastlabki maʼlumotlar esa 2024 yil 1 martga qadar tayyorlanadi. Аholini ro‘yxatga olishning elektron maʼlumotlar bazasi 2025 yil
1 dekabrgacha tahlil etiladi va yakuniy maʼlumotlar respublika hamda hududlar bo‘yicha shakllantirilib, rasman eʼlon qilinadi.
Mazkur vazifalarning bari tizimli tarzda amalga oshirilgani holda, ro‘yxatga olish orqali respublika aholisi va uning farovonligi to‘g‘risida ishonchli maʼlumotlar to‘planadi. Ular aholi soni, tarkibi va taqsimlanishi bo‘yicha to‘liq bazani shakllantirish bilan birga, Milliy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish, ularda foydalaniladigan demografik o‘zgarishlar tendentsiyalari, mehnat resurslari joylashuvi hamda ilmiy tadqiqotlar olib borishda qo‘l keladi.
Namangan shahar statistika bo‘limi