29/11/2021

Hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich! Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Avvalambor, go‘zal Ashxobod shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotimiz kunida Sizlar bilan uchrashib turganimdan g‘oyat mamnunman.

Qadrli birodarim Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedovga bugungi anjumanni yuksak saviyada tashkil etgani va samimiy mehmondo‘stligi uchun bildirilgan minnatdorchilik so‘zlariga qo‘shilaman.

Turkmanistonning Tashkilotga samarali raisligi va ko‘p tomonlama amaliy aloqalarni kengaytirishga katta hissa qo‘shayotganini alohida e’tirof etmoqchiman.

Jumladan, joriy yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan sheriklik to‘g‘risida qabul qilingan Rezolyutsiyasi bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘ldi.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Tarixi, dini, urf-odat va an’analari yaqin bo‘lgan birodar xalqlarimiz azal-azaldan savdo-sotiq aloqalari va madaniy rishtalar bilan chambarchas bog‘langan.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti o‘tgan davr mobaynida davlatlarimiz umumiy manfaatlarini ifoda etadigan, ulkan iqtisodiy salohiyatga ega yirik mintaqaviy tuzilmaga aylandi.

Bugun hurmatli hamkasblarim bildirgan barcha fikr-mulohazalar Tashkilotimizning xalqaro maydondagi o‘rni va ahamiyati oshib borayotganini, o‘zaro do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash, barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan intilishlarimiz yakdil ekanini tasdiqlamoqda.

O‘z navbatida, biz Tashkilotimiz doirasida keng qamrovli aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdorimiz hamda bo‘lajak raislik vazifasini samarali amalga oshirish niyatidamiz.

Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!

bugungi kunda barchamiz global va mintaqaviy vaziyatning tobora murakkablashib borayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Davom etayotgan pandemiya ta’sirida jahon iqtisodiyoti rivojida qanday tendensiyalar kuzatiladi, xalqaro hamjamiyat yana qanday yangi xavf-xatarlarga duch keladi, degan savollarga hamon aniq javob yo‘q.

Bunday o‘zgaruvchan sharoitda quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha umumiy sa’y-harakatlarimizni birlashtirish zarur, deb hisoblaymiz.

Birinchi yo‘nalish – 500 milliondan ortiq aholi yashaydigan, ulkan bozorga ega bo‘lgan mamlakatlarimizning savdo va investitsiya sohalaridagi katta imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishimiz zarur.

Qabul qilingan “Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti istiqbollari – 2025” dasturi asosida mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini yanada kengaytirish va eng muhimi, amaliy natijadorlikka erishish maqsadga muvofiqdir.

Buning uchun Tashkilotimiz doirasida yangilangan va keng qamrovli Savdo bitimini ishlab chiqish va qabul qilishning fursati keldi, deb hisoblaymiz.

Mazkur hujjatda savdo to‘siqlarini bartaraf etish, bojxona tartiblarini raqamlashtirish hamda hozirgi vaqtda dolzarbligi tobora oshayotgan elektron savdoni keng tatbiq etish masalalari o‘z ifodasini topishi zarur.

Shuningdek, mamlakatlarimizda o‘zaro sarmoyalar oqimini ko‘paytirish va ularni ishonchli himoya qilish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirishga qaratilgan Qo‘shma harakatlar dasturini qabul qilish – bugungi kun talabidir.

Shu bilan birga, o‘zaro savdo hajmlarini oshirish, mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarni ishlab chiqish va jahon bozorida umumiy raqobatbardoshligimizni kuchaytirishimiz lozim.

Shu maqsadda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkiloti YUNIDO va Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun SPEKA Maxsus dasturi bilan hamkorlikda Tashkilotimiz doirasida Savdo, investitsiyalar va innovatsiyalar markazini tashkil etish hamda uning qarorgohini Toshkent shahrida joylashtirishni taklif qilamiz.

Ikkinchi yo‘nalish – mintaqamizdagi mavjud va yangi transport yo‘laklaridan unumli foydalanish.

Bu borada mintaqalararo tranzit xablarini tashkil etish, zamonaviy transport va yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish, transport va tranzit tariflarini optimallashtirish hamda qo‘shimcha chegirmalarni taqdim etish, xalqaro yuk va yo‘lovchi tashish shartlarini yengillashtirish, transport sohasini raqamlashtirish masalalariga aniq yechimlar topishimiz zarur.

Bu rejalarni ro‘yobga chiqarish uchun mamlakatlarimizning transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish va tranzit salohiyatini kengaytirishga qaratilgan Mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.

Uchinchi yo‘nalish – “yashil taraqqiyot”ga erishish uchun amaliy sa’y-harakatlarimizni safarbar etishimiz darkor.

Ekologik muammolar va iqlim o‘zgarishi keskin tus olayotgan hozirgi davrda davlatlarimizda to‘plangan va xorijiy ilg‘or tajribadan samarali foydalanish, “yashil iqtisodiyot”ni birgalikda faol rivojlantirish, sanoat tarmoqlariga resurstejamkor texnologiyalarni keng tatbiq etish, uglerod neytralligiga erishish kun tartibidagi eng dolzarb vazifalardan biridir.

Buning uchun xalqaro ekolog olimlar va ekspertlar ishtirokida yuqori darajadagi doimiy Muloqot kengashini tuzishni taklif etamiz.

To‘rtinchi yo‘nalish – sayyohlik almashuvlarini qayta tiklash masalasidir.

Buxoro shahrida 2022 yili bo‘lib o‘tadigan turizm vazirlarining navbatdagi uchrashuvida pandemiyadan keyingi davrda Xavfsiz sayyohlikni rivojlantirish umummintaqaviy Dasturini qabul qilish tashabbusini bildirmoqchiman.

Shu asosda “ziyorat turizmi” va boshqa qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini ishlab chiqish, aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish, turizm infratuzilmasini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilgan bo‘lar edi.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Tashkilotimiz a’zosi bo‘lgan Afg‘onistondagi bugungi murakkab vaziyat haqida alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Ushbu mamlakat kun sayin og‘ir gumanitar inqirozga kirib bormoqda.

Xalqaro hamjamiyat, jumladan, yaqin qo‘shnilar yordamisiz afg‘on xalqi yakka holda bu qiyin sinovlardan o‘ta olmaydi.

Shu bois afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni birlashtirish va umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishimiz kerak.

Shuningdek, Afg‘oniston bilan mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan yirik savdo, transport va energetika loyihalarini amalga oshirish ishlarini izchil davom ettirish tarafdorimiz.

Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!

Yana bir muhim masalaga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Tashkilotimizning xalqaro nufuzi va obro‘sini oshirish, boshqa mintaqaviy tashkilotlardan farq qiladigan va o‘ziga xos kun tartibiga ega bo‘lish, yetakchi xalqaro tuzilmalar bilan aloqalarni mustahkamlash, hamkorligimizning institutsional mexanizmlarini rivojlantirishni hozirgi davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar tayyorlash uchun yuqori darajadagi Ekspertlar guruhini tuzish tashabbusini ilgari suramiz.

Shu bilan birga, hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlari va dolzarb vazifalardan kelib chiqib, har yilga nom berish an’anasini joriy etish, o‘ylaymanki, o‘rinli bo‘lar edi.

Biz, O‘zbekiston Tashkilotga raislik qiladigan davrda mamlakatlarimizda O‘zaro uzviy bog‘liqlikni mustahkamlash yili, deb e’lon qilishni taklif etamiz.

Muhtaram hamkasblar!

Biz bugungi tadbirimizning yakuniy hujjati – Harakatlar uchun Ashxobod konsensusi qabul qilinishini ham qo‘llab-quvvatlaymiz.

Fursatdan foydalanib, Tashkilotimiz yangi Bosh kotibi Xusrav Noziriy janoblarini mas’uliyatli faoliyati boshlanishi munosabati bilan samimiy tabriklab, kelgusi ishlarida yutuq va omadlar tilaymiz.

So‘zimning yakunida, umumiy intilish va harakatlarimiz natijasida Tashkilotimiz doirasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorligimizni yaqin istiqbolda sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tara olishimizga ishonaman.

Barchangizni katta mamnuniyat bilan navbatdagi sammitimizda ishtirok etish uchun O‘zbekiston zaminiga taklif etaman.

E’tiborlaringiz uchun rahmat.

UzA