Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 dekabr kuni xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Joriy yil 11 mayda davlatimiz rahbarining “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Unda mazkur sohani muhim drayverga aylantirish va 2023 yilga qadar xizmatlar hajmini ikki baravarga oshirish belgilandi.
30 sentyabrda yana bir muhim hujjat – “Xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilinib, pandemiya davrida umumiy ovqatlanish, savdo, turizm, transport sohalari uchun berilgan imtiyozlar muddati uzaytirildi. Tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda aytilgan muammolar hal etildi.
Joriy yilda jami 18 trillion so‘mlik 29 mingta loyiha amalga oshirilib, xizmatlar sohasi 20 foizga o‘sgan. Lekin, 5 ta tuman va shaharda o‘sish sur’ati kam bo‘lgan. Umuman, joylarda aholiga xizmat ko‘rsatish darajasi pastligicha qolmoqda.
Shu bois yig‘ilishda xizmatlar sohasini keng rivojlantirish, foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari bu borada har bir hududga alohida yondashuv zarurligini ta’kidlab, aniq misollar keltirdi. Tuman va shaharlarning aholi soni, geografik joylashuvi, iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, 3 ta yo‘nalish belgilandi.
Birinchi yo‘nalish – xizmatlar sohasini 158 ta tumanda rivojlantirish.
Xususan, sayyohlik maskanlari bor 45 ta hamda tog‘li hududdagi 40 ta tumanda turizm xizmatlari ko‘paytiriladi.
Masalan, Shahrisabz tumanining Navro‘z, Miraki, Oqdaryo va Hisor qishloqlariga yiliga 500 mingga yaqin sayohatchilar keladi. Agar shu hududdagi 65 kilometr yo‘l ta’mirlanib, internet va mobil aloqa yaxshilansa, xizmatlar hajmi 3-4 barobar oshishi mumkin. Natijada mehmon uylari, savdo va ovqatlanish shoxobchalari ochilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari paydo bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari bunday tumanlarni zarur infratuzilma bilan ta’minlab, yerlarni tayyor loyiha bilan auksionga chiqarish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, turizm sohasi uchun maxsus soliq rejimi joriy etish, mehmon uylari uchun imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Qayd etilganidek, sanoati rivojlangan 27 ta tumanda savdo, umumiy ovqatlanish, logistika, mehmonxona va ko‘ngilochar maskanlar xizmatlariga ustuvorlik beriladi.
Qishloq xo‘jaligida daromad yuqori bo‘lgan tumanlarda umumiy xizmatlar bilan birga, zamonaviy agroxizmatlar rivojlantiriladi.
Masalan, Qamashi tumanida Agroxizmatlar markazi, xususiy veterinariya korxonalari tashkil etiladi. Tuman markazida 200 tonnalik sovutkichga ega “Ekobozor” quriladi va mingta ish o‘rni yaratiladi.
Tuman hokimlariga Qamashi misolida shunday dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Ma’lumki, kelgusi yil 21 ta tumanda 10 ming oila uchun “Yangi O‘zbekiston” massivlari, maktab, bog‘cha va tibbiyot maskanlari quriladi. Bu ham servis va savdoni rivojlantirish uchun juda katta imkoniyat ekani ta’kidlandi.
Chegara oldida joylashgan 25 ta hamda xalqaro avtomagistral va temir yo‘l o‘tgan 100 ta tuman savdo va logistika xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashtiriladi. Shu bois mutasaddilarga yo‘l bo‘yi xizmatlarini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, qo‘shni davlatlar bilan chegara punktlari va ularga boradigan yo‘llarda servis infratuzilmasini tubdan yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Umuman, mazkur 158 ta tumanda xizmat ko‘rsatish sohasida 300 ming ish o‘rni yaratish mumkinligi ta’kidlandi.
Ikkinchi yo‘nalishda 29 ta o‘rta va yirik shahar hamda aholisi 300 mingdan ko‘p 6 ta tumanda zamonaviy bozor xizmatlari rivojlantiriladi.
Bu borada ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatidan samarali foydalanish, yengil konstruksiyali ob’ektlar uchun yer uchastkalarini auksionga chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shaharlarda aksariyat maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘rinlar yetishmayotgani sir emas. Shu bois xususiy ta’lim xizmatlari qamrovini kengaytirish, maktab va bog‘cha qurish uchun yer maydonlarini ajratish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Toshkent viloyati tajribasi asosida har bir viloyatda yoshlarni zamonaviy xizmatlarga o‘qitadigan IT-akademiyalar tashkil etish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Umuman, mazkur 35 ta shahar va tumanda xizmat ko‘rsatish sohasida 200 ming ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Uchinchi yo‘nalishga ko‘ra, Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida yuqori daromadli xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.
Misol uchun, poytaxtimizning Sergeli tumanidagi yer usti metrosi atrofida savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida 5 mingta ish o‘rni yaratish imkoniyati bor. Yoki rassomchilik, haykaltaroshlik, hunarmandchilik mahsulotlari sotiladigan “san’at ko‘chalari” tashkil etish mumkin.
Mutasaddilarga muzeylar faoliyatini yaxshilash, ko‘rgazmalarini kengaytirish va turistlar uchun yangi yo‘nalishlar ochish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Yana bir masala – Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi yirik shaharlarda “Taks fri” tizimini joriy etish, shahar ichida “Dyuti fri” do‘konlarini ochish orqali chakana savdo hajmini yanada oshirish mumkin. Shu bois xorijiy mehmonlarga xaridlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish tizimini barcha turistik shaharlarda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.
Umuman, Toshkent, Namangan va Samarqand shaharlarida xizmat ko‘rsatish sohasida 750 ming ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan.
Kelgusi yilda xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga 500 million dollar ajratilishi belgilandi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi