O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 avgustdagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar ajratish mexanizmini soddalashtirish, aholining bandligini oshirish, daromad manbaini kengaytirish va mehnat faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022 yil davomida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari (keyingi o‘rinlarda – dasturlar) doirasida:
a) loyihalarni moliyalashtirish uchun maqsadli jamg‘armalar hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda – jamg‘armalar) resurslari tijorat banklariga yillik 10 foiz stavkada joylashtiriladi;
b) imtiyozli kreditlar yillik 14 foiz stavkada:
oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlariga – 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;
chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik va parrandachilik (tuxum yo‘nalishi) uchun – 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;
bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarni xarid qilish uchun – 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga;
“Hunarmand” uyushmasi a’zolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, “usta-shogird” maktablarini tashkil etish, uy-muzeylar va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish uchun – 3 yilgacha muddatga hamda aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 18 oygacha muddatga ajratiladi;
v) kreditlar mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchisining (keyingi o‘rinlarda – hokim yordamchisi) o‘ziga biriktirilgan mahallada istiqomat qilayotgan (joylashgan) qarz oluvchiga beradigan tavsiyasi asosida ajratiladi;
g) chorvachilikni rivojlantirish yo‘nalishida kreditlar ustuvor ravishda kamida 10 dan 50 boshgacha chetdan keltirilgan naslli chorva mollarini (qoramol, qo‘y, echki) boqish uchun kichik fermalarni tashkil etishga beriladi;
d) “yetakchi” tadbirkorlik sub’ektlariga dehqon xo‘jaliklari yer maydonlari va aholi tomorqalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kooperatsiya asosida yetishtirish va yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish uchun aylanma mablag‘larni to‘ldirishga kreditlar ajratiladi.
2. “Agrobank” ATB, AT “Xalq banki” va “Mikrokreditbank” ATB (keyingi o‘rinlarda – vakolatli tijorat banklari) 2022 yil 1 martdan dasturlar bo‘yicha kreditlarning to‘liq raqamlashgan holda Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi (keyingi o‘rinlarda – Yagona elektron platforma) orqali ajratilishini ta’minlasin. Bunda:
kredit olish uchun arizalar barcha bosqichlarda onlayn tarzda ko‘rib chiqiladi va har bir bosqichda qabul qilingan qaror to‘g‘risida Yagona elektron platforma (SMS-xabarnoma, elektron pochta yoki shaxsiy kabinet) orqali ma’lumot berib boriladi;
kredit mablag‘larini ajratish bo‘yicha hujjatlar elektron ko‘rinishda shakllantiriladi va masofadan imzolanadi;
kredit olish uchun arizalar masofadan qarz oluvchi tomonidan mustaqil ravishda yoki tegishli mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisining ko‘magi bilan taqdim etiladi;
Yagona elektron platforma orqali aholiga o‘zini o‘zi band qilish uchun kreditlar belgilangan mezonlar asosida skoring baholash natijalariga ko‘ra, avtomatlashtirilgan holda ajratiladi;
ajratilgan kreditlar hisobiga tovar va xizmatlarni bozor tamoyillari asosida erkin sotib olish yoki sotish Yagona elektron platformada yaratilgan “marketpleys” tizimi yordamida amalga oshiriladi;
o‘z mahsulot va xizmatlarini sotish bo‘yicha takliflar asbob-uskunalar va mahsulotlar yetkazib beruvchi (ish bajaruvchi) tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda – ta’minotchilar) tomonidan “marketpleys” tizimida erkin joylashtiriladi;
ta’minotchilar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar foydalanuvchilar tomonidan baholanadi va ularning reytingi avtomatik ravishda shakllantiriladi;
ta’minotchilarning o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarishi yuzasidan monitoring tuman (shahar) oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari tomonidan amalga oshiriladi. Monitoring natijalariga ko‘ra, ta’minotchilarning “marketpleys” tizimidagi o‘z xizmatlarini taklif etish imkoniyati davriy ravishda o‘rganib chiqiladi;
kreditlar qarz oluvchiga u tomonidan mustaqil tanlangan ta’minotchi bilan tuzilgan shartnoma asosida kelishilgan narxda mahsulot yetkazib berilganidan (ish bajarilganidan) va qarz oluvchi tomonidan qabul qilib olingandan so‘ng hamda hokim yordamchisi tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijasiga ko‘ra, qarz oluvchini identifikatsiyalash orqali ta’minotchiga o‘tkazib beriladi;
hokim yordamchilari o‘ziga biriktirilgan mahallalarda dasturlar doirasida ajratilgan kreditlardan maqsadli foydalanilishini va ularning samaradorligini monitoring qilib boradi hamda kreditlarning o‘z vaqtida qaytarilishi bo‘yicha sektor rahbarlari va tijorat banklari bilan birgalikda tegishli choralarni ko‘radi.
3. Markaziy bank Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
bir oy muddatda Yagona elektron platformadan foydalanish, shu jumladan, kreditlarni ajratish, rasmiylashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlarning o‘zaro elektron hamkorligini tartibga solishni nazarda tutuvchi tegishli nizom loyihasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2022 yil 1 fevralga qadar Yagona elektron platforma Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, tijorat banklari va boshqa tegishli tashkilotlarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlasin.
4. Qishloq xo‘jaligi vazirligiga Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “Hunarmand”, “O‘zto‘qimachiliksanoat”, “O‘zcharmsanoat”, “O‘zbekbaliqsanoat”, “Parrandasanoat”, “O‘zbekiston asalarichilari”, “Limon yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmalari va boshqa uyushmalar, tegishli idoralar bilan birgalikda “marketpleys” tizimida ta’minotchi korxonalar o‘rtasida raqobat muhitini shakllantirish hamda taklif etilayotgan tovar va xizmatlarning muqobil narxda va sifatli yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida mazkur tizimga takliflarning ishonchli (namunali) ta’minotchi korxonalar tomonidan kiritib borilishini, asbob-uskunalar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar turi va quvvatlari yetarlicha bo‘lishini ta’minlash tavsiya etilsin.
5. Belgilansinki:
dasturlar doirasida kreditlar ustuvor ravishda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga o‘zini o‘zi daromadli mehnat bilan band qilish yoki ularning doimiy mehnat bilan bandligini ta’minlashga (ish o‘rinlari yaratishga) qaratilgan loyihalarga ajratiladi;
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga kredit ajratilishi ularni ushbu ro‘yxatdan chiqarish uchun asos hisoblanmaydi va fuqarolar mazkur daftarlardan hokim yordamchisi, tuman davlat soliq inspeksiyasi va tegishli sektor rahbarlari tomonidan fuqaroning unga ajratilgan kredit hisobiga amalga oshirgan faoliyatidan doimiy va barqaror daromad manbaini shakllantirganini o‘rganish orqali beriladigan tavsiya asosida chiqariladi;
dasturlar doirasida ilgari ajratilgan kredit mablag‘lari bo‘yicha mavjud qarzdorligi to‘liq so‘ndirilmagan, shuningdek, avval ajratilgan kreditlardan maqsadsiz foydalangan qarz oluvchilarga ushbu dasturlar orqali yangi kredit ajratilishiga ruxsat etilmaydi.
6. Savdo-sanoat palatasiga tijorat banklari bilan birgalikda tuman va shaharlarda samaradorligi yuqori va barqaror ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan loyihalar biznes-rejalarini Yagona elektron platformaga joylashtirib borish tavsiya etilsin.
7. Davlat soliq qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hokim yordamchilari bilan birgalikda dasturlar doirasida ishsiz fuqaroning o‘ziga ajratilgan kredit hisobiga amalga oshirgan faoliyatidan doimiy va barqaror daromad manbaini shakllantirganini o‘rganish orqali qonunchilikda belgilangan tartibda ushbu fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlasin.
8. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi dasturlar doirasida loyihalarni moliyalashtirish uchun:
a) ikki oy muddatda “Agrobank” ATBga ajratilgan 2,9 trillion so‘m va “Mikrokreditbank” ATBga ajratilgan 1,3 trillion so‘m miqdoridagi resurslarni mazkur banklarning ustav kapitalini oshirishga yo‘naltirsin. Bunda:
“Agrobank” ATB va “Mikrokreditbank” ATBning ustav kapitalini oshirishga yo‘naltirilgan mablag‘lar hisobidan chiqarilgan aksiyalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Moliya vazirligi nomiga rasmiylashtiriladi;
Moliya vazirligining mazkur band doirasida tijorat banklarining 50 foiz va undan ortiq aksiyalariga egalik qilishga kirishishi yangidan xarid qilingan aksiyalarga ega bo‘lish deb hisoblanmaydi;
b) vakolatli banklarga dastur koordinatorlarining taqsimotiga muvofiq 3,65 trillion so‘m miqdordagi kredit resurslari 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga ajratilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va tijorat banklarining dasturlari doirasida Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tijorat banklariga bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish uchun ajratilgan resurslarni mazkur Jamg‘armaga qaytarish grafiklarini ushbu yo‘nalishlarga ajratilgan kreditlar muddatiga mos ravishda uzaytirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
10. 2022 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirishning manbalar va hududlar kesimidagi maqsadli parametrlari 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilarga:
iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari S.M.Xolxo‘jayev, Markaziy bank raisining o‘rinbosari A.A.Kamalov, moliya vazirining o‘rinbosari D.Sh.Sultanovga (keyingi o‘rinlarda – Dastur koordinatorlari) – haqiqiy ehtiyojdan hamda moliyalashtirish taklif etilayotgan loyihalarning istiqboli va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirilganligidan kelib chiqqan holda, ajratilayotgan mablag‘larni vakolatli tijorat banklari va viloyatlar kesimida tezkor qayta taqsimlash;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlariga – dasturlar doirasida hududga ajratilgan mablag‘larni har bir mahallada amalga oshirilayotgan loyihalarning istiqboli va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirilganligidan kelib chiqib, tuman (shahar) va mahalla (ovul) kesimida taqsimlash vakolati berilsin.
11. Belgilansinki:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari hamda sektor rahbarlari tijorat banklari bilan birgalikda dasturlar bo‘yicha ajratilgan kreditlarning ularni so‘ndirish grafigiga muvofiq belgilangan muddatlarda qaytarilishiga mas’ul hisoblanadi;
hududlarda har oylik kreditlash hajmlari kreditlarni so‘ndirish grafigi ijrosining bajarilmagan miqdoriga mos ravishda kamaytiriladi.
12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
mazkur qarorga asosan har bir hududda chorvachilik uchun ajratiladigan kreditlarga mutanosib ravishda chorva mollari uchun ozuqabop ekinlar ekishga mo‘ljallangan yer maydonlarining, shuningdek, ularni o‘tlatishga mo‘ljallangan yaylovlarning muntazam ravishda ochiq elektron tanlovga chiqarib borilishini ta’minlasin;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda kelgusi ikki yilda “Andijon tajribasi” asosida barcha mahallalarda tadbirkorlik sub’ektlari va xonadonlar o‘rtasida iqtisodiy kooperatsiyani kengaytirish orqali aholining bandligini ta’minlash va daromad manbaini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Bunda, fuqarolar bilan kooperatsiya asosida faoliyatini tashkil etadigan “yetakchi” tadbirkorlik sub’ektlariga dasturlar doirasida kreditlar ajratiladi, ushbu tadbirkorlik sub’ektlari bilan kooperatsiya asosida ishlayotgan fuqarolarga dasturlar doirasida kredit ajratishga yo‘l qo‘yilmaydi.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 20 dekabr