18/01/2022

Respublika miqyosida aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazishda Davlat statistika qoʼmitasi markaziy apparati xodimlari ishtirok etadi, hududlarda ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, materiallarni avtomatlashtirilgan holda qayta ishlash, dastlabki yakunlarni sarhisob qilish va natijalarni eʼlon qilish uchun Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari, tumanlar va shaharlar statistika boʼlimlari xodimlari jalb etiladi.
Аlohida davrlarda normativ-huquqiy hujjatlar, qoʼllanma va maʼlumotnoma hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, aholini roʼyxatga olishni moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlashda hisob-kitoblarni tayyorlash uchun qoʼshimcha ravishda shartnoma asosida shtatda boʼlmagan yuqori malakali mutaxassislar vaqtinchalik jalb etiladi.
Tuman va shahar miqyosida roʼyxatga olish, instruktorlik, hisob va statsionar uchastkalarda ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish uchun toʼlov-shartnoma asosida xodimlar jalb etilishi mumkin.
Registratorlar shahar va qishloq aholi punktlaridagi uylarning tayyorgarlik bosqichida avval tuzilgan roʼyxatlarini va kartografik materiallarni aniqlash (aniq hududdagi uylarning haqiqatda mavjudligini tekshirish) uchun toʼlov-shartnoma asosida jalb etiladi.
Registratorlarni davlat statistikasi organlari va uy-joy fondidan foydalanuvchi tashkilotlar xodimlari orasidan tanlab olish tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan davlat statistikasining hududiy organlari bilan birgalikda tashkil etiladi.
Davlat statistikasi organlari xodimlari, oliy taʼlim muassasalari oʼqituvchilari va yuqori kurs talabalari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablari oʼqituvchilari orasidan roʼyxatga olish uchastkalari mudirlari, instruktorlar va roʼyxatga oluvchilarni tanlab olish tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan davlat statistikasining hududiy organlari bilan birgalikda shartnoma asosida tashkil etiladi, zarur hollarda, boshqa toifadagi shaxslar ham, ular aholi roʼyxatini oʼtkazishga tayyorgarlik koʼrish va/yoki uni oʼtkazishda ishtirok etishga rozi boʼlgan taqdirda, bu jarayonga jalb qilinishi mumkin.
Vaqtinchalik jalb etiladigan xodimlarga ismlari yozilgan nishonlar (guvohnomalar) beriladi.
Bunda xodimning yashash joyi tekshirilayotgan aholi punktiga qatnash uchun qulay boʼlishi kerak.

Matbuot xizmati