25/01/2022

Xitoy Xalq Respublikasining FHT Future Technologies kompaniyasi va Namangandagi B.A.Holding kompaniyalar guruhi hamkorligida yirik loyihalar rejalashtirilgan.

Bugun taqdimoti oʻtkazilgan oʻzbek-xitoy innovatsion-industrial parki loyihasi umumiy qiymati 300 million AQSH dollarga teng boʻlib, uch bosqichda amalga oshiriladi. Foto elektr stansiyasi dastlabki bosqichda 150 megavatt elektr toki ishlab chiqarish kutilmoqda. Loyiha toʻla quvvatda ishga tushganida parkda 30 dan ortiq korxonalar faoliyat yuritadi. Ularda 10 mingga yaqin ishchilar ishlashi va fotoelektr uskunalari, aqlli texnikalar, yangi turdagi xom ashyodan batareykalar,vodorod yoqilgʻisi singari qator mahsulotlar va yiliga 450 megavat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilyapti. Kutilayotgan yillik ishlab-chiqarish quvvati 500 million AQSH dollari tashkil etadi. Mahsulotlarning 50 foizi eksportga yoʻnaltiriladi. Pop tumanida amalga oshirilishi kutilayotgan mazkur loyiha ekologik jihatdan ham oʻzini oqlaydi.

Viloyat hokimi investorlar bilan muloqotda hamkorlikdagi istiqbolli megaloyihaga katta ishonch bildirdi. Amaliy ishlarga tezroq kirishish zarurligi, buning uchun viloyatda barcha kuch va imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.

 

Namangan.uz