23/02/2022

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublikada qurilish sohasini va qurilish materiallarini ishlab chiqarish kompleksini yanada rivojlantirish, hududlarda aholi uchun arzon uy-joylar qurilishini ta’minlash, uy-joy qurilishi bozorida talab va taklif nomutanosibligini qisqartirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 iyundagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6244-son farmoniga muvofiq respublikaning 24 ta tuman va shaharlari qurilish materiallarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qurilish vazirligi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:

1-ilovaga muvofiq respublikaning 8 ta tumanida xomashyoni qazib olishdan uni qayta ishlash, laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazish, tayyor qurilish va pardozbop materiallar ishlab chiqarishgacha qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratuvchi qurilish materiallari klasterlarini tashkil etish;

2-ilovaga muvofiq respublikaning 16 ta tuman va shaharlarida boshqa hududlar bilan sanoat kooperatsiyasini tashkil qilish orqali qurilish materiallari ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish;

har bir hududda kamida bittadan qurilish materiallarini ishlab chiqarishdan qurilish ob’ektlarini loyihalashtirish va tayyor ko‘p qavatli uy-joylar qurishgacha qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratuvchi uy-joy qurilishi klasterlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

3. 2022 yilda yangi tashkil etiladigan qurilish materiallari va uy-joy qurilishi klasterlarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki, 2022 yil 1 martdan boshlab:

barcha yuridik shaxslarga respublikada ishlab chiqariladigan sement, sement klinkeri va qurilish oynasini cheklovlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida (kvotasiz) eksport qilishga ruxsat beriladi;

2024 yil 1 yanvarga qadar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga (ularning vakolatli vakillariga) qurilish materiallarini barcha mamlakatlarga, shu jumladan, chegaradosh davlatlarga avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha miqdorini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.

5. Moliya vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB bilan birgalikda:

2022 yil yakuniga qadar kapital bozorlari kon’yunkturasidan kelib chiqib, qurilish materiallarini ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirish uchun “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning 300 million AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda xalqaro korporativ obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish hamda uy-joy qurilishi klasterlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 150 million AQSH dollari miqdorida Hukumat kafolatisiz xorijiy kredit liniyalari mablag‘larini jalb qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 iyundagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6244-son farmoniga ko‘ra Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan “O‘zsanoatqurilishbank” ATBga ajratilgan kredit liniyasini 5 yil muddatga subordinar qarz sifatida qayta rasmiylashtirish choralarini ko‘rsin.

6. Qurilish vazirligi qurilishda energiya tejamkor materiallarni keng joriy etish orqali uy-joy qurilishi vaqti va tannarxini pasaytirish maqsadida:

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda va keyinchalik doimiy ravishda ko‘p qavatli uy-joylar qurilishida mazkur qarorga 4-ilovadagi ro‘yxatda keltirilgan energiya tejamkor devorbop qurilish materiallardan foydalanishning afzalliklari yuzasidan keng targ‘ibot qilib borsin;

“Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK va uning filiallari tomonidan ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish jarayonida ularda energiya tejamkor devorbop qurilish materiallari qo‘llanganligiga alohida e’tibor qaratilishini ta’minlasin.

7. 2022-2023 yillarda yangi noruda konlarini shakllantirish uchun geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirishning manzilli rejasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qo‘yilsinki, mazkur qarorga 5-ilovaga muvofiq geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun 2022-2023 yillarda Davlat byudjetidan Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga geologiya-qidiruv ishlari uchun ajratiladigan mablag‘lar doirasida 100 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.

8. Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda 400 ta foydali qazilma kon uchastkalari auksion savdolariga chiqarilishini ta’minlasin.

9. Xorazm viloyati uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 avgustdagi “Investitsiya loyihalarini tashqi infratuzilma bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5233-son qaroriga muvofiq zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ta’minlanadigan investitsiya loyihalari qiymati kamida 50 milliard so‘m miqdorida belgilansin.

Bunda, ushbu tartibga ko‘ra qiymati 50 milliard so‘mdan 200 milliard so‘mgacha bo‘lgan investitsiya loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash xarajatlari ushbu loyihalar qiymatining 20 foizidan oshmasligi lozim.

10. Uy-joylar qurilishini va qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

12. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Qurilish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.B.Voitov, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi huzuridagi Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash raisi S.S.Annaklichev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.

 

     O‘zbekiston Respublikasi

              Prezidenti                                                          Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri, 

2022 yil 21 fevral

UzA