Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kuni axborot texnologiyalari sohasidagi natijalar va joriy yilgi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Bugun axborot texnologiyalari har bir jabhaga kirib borgan. Bu soha rivojlansa, boshqa sohalar ham ilgarilaydi, odamlarga qulayliklar oshadi.
Shu bois so‘nggi yillarda infratuzilmani yaxshilash, malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Xizmatlar sifati va ko‘lami sezilarli oshdi.
Misol uchun, aholi maskanlarini mobil internet bilan qamrab olish darajasi 2017 yilda 30 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 96 foizni tashkil etmoqda. Yoki 2017 yilda sohadagi eksport hajmi bor-yo‘g‘i 600 ming dollar bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 46 million dollarga, joriy yilning birinchi choragida esa 16 million dollarga yetgan.
IT-parklarda 11 ming nafardan ziyod yoshlar ishlamoqda. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘qib chiqqan yoshlar soha kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Lekin hali muammolar, ishga solinmagan imkoniyatlar ham ko‘p. Jumladan, hududlarda optik tolali internet qamrovi va tezligi talab darajasida emas. Magistral avtomobil yo‘llarining atigi 38 foizi mobil internet bilan qamrab olingan. Sohaning rivojlanish holati hududlar kesimida bir maromda emas – IT xizmatlarning 90 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Qoraqalpog‘iston, Andijon va Surxondaryoda bu boradagi ko‘rsatkichlar juda past. Ayrim vazirlik va idoralar eski, ishonchsiz va o‘zaro integratsiya qilinmagan axborot tizimlaridan foydalanib kelmoqda.
Yig‘ilishda shu kabi kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilib, barcha tarmoq va hududlarda raqamlashtirishni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni “drayver” sohaga aylantirib, IT xizmatlarni 2,5 barobar oshirish va eksportni 500 million dollarga yetkazish maqsadi belgilangan.
Davlatimiz rahbari buning uchun O‘zbekistonni mintaqaviy IT-markazga aylantirish kerakligini ta’kidladi.
Xizmatlar ko‘lamini muntazam kengaytirib borish, sohada eksport hajmini shu yil yakuniga qadar 100 million dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. IT-parklarga ko‘proq kompaniyalarni jalb qilish, masofaviy xizmatlar markazlari tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali yana 5 mingdan ziyod yoshlar yuqori daromadli ishga ega bo‘ladi.
Yig‘ilishda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturidagi loyihalar ijrosi ham tahlil qilindi. Joriy yil yakuniga qadar 404 ta hududiy va 133 ta tarmoq loyihasi ishga tushirilishi aytildi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga yana 70 ta xizmatni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga kiritish topshirildi. Shu tariqa portaldagi jami xizmat turlari soni 376 ta bo‘ladi.
Shuningdek, pensiyaga ariza berish, shaxsiy guvohnoma olish, sug‘urtalash kabi yana 50 ta xizmatning mobil ilovasi yaratiladi. Bu orqali davlat xizmatidan onlayn foydalanuvchilar soni 4 millionga yetadi.
Telekommunikatsiya tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha ham vazifalar ko‘p. Xususan, bu yil 6 ming 800 ta yangi mobil stansiya o‘rnatish, 80 ta olis qishloqni aloqa tizimiga ulash, optik tolali aloqa qamrovini 80 foizga yetkazish, 60 foiz magistral yo‘llarni mobil internet bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Toshkent viloyatida yuqori quvvatli Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi ishga tushiriladi.
“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasini transformatsiya qilib, sifatli xizmatlar eksport qiluvchi yuqori texnologik kompaniyaga aylantirish, xalqaro reytinglar olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Kiberxavfsizlikni kuchaytirish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Barcha vazirlik va idoralarning axborot tizimlarini shu jihatdan tanqidiy o‘rganib, zarur choralar ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
Sohadagi yana bir ustuvor vazifa – fan va ta’limni rivojlantirish.
bugungi kunda iqtisodiyotni raqamlashtirish uchun yana 12 ming nafar yuqori malakali mutaxassislarga talab bor. Shuning uchun Toshkent axborot texnologiyalari universitetini ilm-fan va ta’lim klasteriga aylantirish, zamonaviy IT-park universitetini tashkil etish taklifi bildirildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddilar axborot berdi.