07/05/2022

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 may kuni elektr texnikasi sanoatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Oxirgi besh yilda ushbu tarmoqda 465 million dollar investitsiya o‘zlashtirilib, 163 ta yangi loyiha ishga tushirilgan. Ishlab chiqarish hajmi 4 barobar, eksport esa 3 barobarga oshgan. Eng muhimi, ish o‘rinlari soni 2 barobar ko‘payib, 32 mingtaga yetgan.

Shu bilan birga, bu sohada to‘la foydalanilmayotgan imkoniyatlar hali ko‘p. Taraqqiyot strategiyasida 2026 yilga qadar elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini yana 2 barobarga, eksportni 3 barobarga oshirish maqsadi belgilangan.

Yig‘ilishda shu boradagi muhim vazifalar muhokama qilindi.

Xususan, joriy yilda 250 million dollarlik 86 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari aholi talabi va import tarkibini o‘rganib, shunga mos mahsulotlar ishlab chiqarish, viloyatlar kesimida yangi loyihalarni shakllantirish zarurligini ta’kidladi.

Yurtimizda yangi konlar topilib, mis zaxirasi kengaytirilmoqda. Kelgusi yillarda mis ishlab chiqarish hajmini 2 barobar oshirish hisob-kitob qilingan. Bunga asoslanib, Ohangaron tumanidagi yangi mis klasterida 168 million dollarlik 12 ta loyiha doirasida 90 ming tonna misni qayta ishlash quvvati yaratiladi. Bu klasterga a’zo korxonalarga misni uzoq muddatli kontrakt asosida, birja narxlaridan chegirmalar bilan xarid qilish imkoni beriladi.

Prezidentimiz ushbu klasterning tashkiliy, moliyaviy jihatlari bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ma’lumki, mamlakatimizda muqobil energetika rivojlantirilmoqda. Bu sohadagi yangi loyihalarda kamida 1 milliard dollarlik butlovchi qismlarga talab bor. Bundan foydalanib, mahalliylashtirishni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Ijtimoiy muassasalarda muqobil energiyada ishlaydigan suv isitish tizimlari hamda ko‘chalarda quyoshdan quvvat oladigan yoritish moslamalarini o‘rnatish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Elektr texnikasi sohasida eksport imkoniyatlari ham katta. Masalan, bizga qo‘shni davlatlar har yili ko‘p milliard dollarlik elektrotexnika mahsulotlari xarid qiladi. Lekin bunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlar ulushi katta emas.

Bu tarmoqda eksport hajmini joriy yilda 700 million dollarga, kelgusi yilda esa 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu maqsadda maishiy texnika misolida bojxona hududida qayta ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berildi.

Sohaga innovatsiyalarni joriy etish hamda eksportni kengaytirish uchun Elektrotexnika jamg‘armasiga 20 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Mutasaddi idoralarga ichki bozorga sifatsiz mahsulotlar kirib kelishining oldini olish, maishiy texnikalar markirovkasi tizimini joriy etish muhimligi ta’kidlandi.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi huzurida Loyihalash va injiniring markazi, “Elektroapparat”, “Texnopark”, “Artel”, “Uzkabel” korxonalari negizida izlanish va rivojlantirish markazlari (Research and development) tashkil etib, ularga malakali xorijiy va mahalliy mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda kadrlar masalasiga ham e’tibor qaratildi. Kelgusi uch yilda tarmoq uchun 4 ming nafar oliy va 14 ming nafar o‘rta ma’lumotli mutaxassislar zarurligi qayd etildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga elektrotexnika bo‘yicha o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqib, takomillashtirish vazifasi qo‘yildi. Toshkent shahridagi Radiotexnika kolleji, Samarqand va Chirchiq xizmat ko‘rsatish texnikumlari, Farg‘ona elektrotexnika kolleji “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga biriktirildi

UzA