Joriy yilning 27-may kuni Davlat statistika qoʻmitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutida “Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning statistik tahlilini takomillashtirishning nazariy va uslubiy jihatlari” xalqaro ilmiy-amaliy anjumani tashkil qilindi.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanni o’tkazishdan asosiy maqsad – Raqamli iqtisodiyotning nazariy va uslubiy jihatlarini keng yoritib berish, raqamli iqtisodiyotni statistik tahlil qilish metodologiyasini takomillashtirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda sunʼiy intellektning roli va oʻrnini koʻrsatib berish, shuningdek, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning statistik koʻrsatkichlarni baholash boʻyicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Konferensiya ishida Davlat statistika qoʻmitasi raisi iqtisod fanlari doktori, professor Begalov Bahodir Abdusalomovich so‘zga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 5- oktabrdagi PF-6079- son Farmoni bilan tasdiqlangan “Raqamli Oʻzbekiston-2030” strategiyasi hamda 2020- yil 4- avgustdagi PQ- 4796-son qarori bilan tasdiqlangan 2020-2025- yillarda Oʻzbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasi bilan yurtimizda Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, mazkur jarayonlarning statistik kuzatuvini amalga oshirish hamda manfaatdor vazirlik va idoralar oʻrtasida raqamli maʼlumotlarning tezkor almashinuvini yoʻlga qoʻyish boʻyicha bir qator ustuvor loyiha va vazifalar belgilab berilganini alohida ta‘kidlab o‘tdi.
Shuningdek, mazkur konferensiyada AQSHning Penselvaniya va Jorjiya universitetlari, Rossiyaning Ural, Janubiy federal va Moliya universitetlari, Microsoft kompaniyasi, Polsha xalqaro biznes akademiyasi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining tegishli vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi.
Matbuot xizmati