Avval xabar berganimizdek, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan belgilangan aniq reja asosida, qo‘mita markaziy apparati va hududiy statistika idoralari xodimlarini tizimli o‘qitish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, tasdiqlangan edi.
Mazkur grafik asosida tizim xodimlarining malakasini oshirish hamda sohaga doir bilim va salohiyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan onlayn seminarlar tashkil etib kelinmoqda.
2022- yilning 27- may kuni Davlat statistika qo‘mitasi Narxlar statistikasi boshqarmasi tomonidan “O’zbekiston Respublikasida Narxlar statistikasi ko‘rsatkichlarini shakllantirish” mavzusida navbatdagi o'quv seminari tashkil etildi.
Videokonferensiyada Davlat statistika qo‘mitasi xodimlari va hududiy statistika boshqarmalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda narxlar statistikasi oid atamalar, iste’mol narxlari indeksi va inflatsiyani hisoblash usullari bo‘yicha qo‘mita mutaxassislari hududiy statistika boshqarmalari xodimlarining bilim va salohiyatini o‘rgandi.
Shuningdek, Narxlar statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Umarov Muxtor Turayevich narxlar statistikasi ko‘rsatkichlarini shakllantirish masalalari yuzasidan o‘z takliflarini berib o‘tdi.
Videoseminarda qo‘mitaning Narxlar statistikasi boshqarmasi va hududiy statistika boshqarmalarining Narxlar statistikasi bo‘limi xodimlari sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni muhokama va tahlil qilgan holda tizimni rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi.
Hududiy statistika boshqarmalari xodimlariga qo‘mita mutaxassislari tomonidan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan taklif va tavsiyalar berildi.
Matbuot xizmati