27/06/2022

Davlat statistika qoʻmitasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan tadbir tashkil etildi. Tadbirga Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi,  Konstitutsiyaviy komissiya aʼzosi Nazarov Sharofiddin Xakimovich taklif etildi.

Tadbirni Davlat statistika qoʻmitasi raisi Begalov Baxodir Abdusalomovich kirish soʻzi bilan ochib berib, mavzu yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi.

Shundan soʻng, Nazarov Sharofiddin Xakimovich Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqida batafsil, moddama-modda toʻxtalib oʻtdi.

Xususan, fuqarolarimizning uy-joyga boʻlgan huquqlarini himoya qilish, mulk daxlsizligini kafolatlash, tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, oʻz faoliyati yoʻnalishlarini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli ekani borasidagi oʻzgartirishlar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Shuningdek, ustozga boʻlgan yuksak ehtirom,  pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻyilmaslik yuzasidan kiritilayotgan oʻzgartirishlar haqida ham atroflicha soʻz yuritildi.

Tadbir yakunida Sharofiddin Nazarov qoʻmita xodimlarining Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqida bergan savollariga batafsil javob berdi.

Matbuot xizmati