04/08/2022

 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari  to‘g‘risida"gi 710-son Qaroriga muvofiq, joriy yilning 1-iyulidan eʼtiboran respublikamizning barcha hududlari (shahar va tumanlari)da aholini roʻyxatga olish boʻlimlari tashkil etildi.

Shuningdek, 2022- yilning 1-31 avgust kunlari respublikamizning barcha hududularida aholi punktlarida turar joylar va binolar ro‘yxatini tuzish hamda registratorlik hududining sxematik rejasiga aniqlik kiritish maqsadida registratorlar ishga jalb qilinishi belgilangan. Ishga jalb qilingan registratorlarga joriy yilning 1-3 avgust kunlariga qadar maxsus ishlab chiqilgan reja asosida o‘quv seminarlar tashkil etildi.

Joriy yilning 4-31 avgust kuniga qadar Namangan viloyatining barcha shahar va tumanlarida 525 nafar registratorlar tomonidan o‘zlariga biriktirilgan hududdagi barcha uy-joylar va aholi yashaydigan noturar joylar ro‘yxatini tuzish, aholi soniga aniqlik kiritish, hamda xaritalarni o‘rganish ishlari amalga oshiriladi.

Xususan, hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning roʻyxatini tuzish aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlikning eng asosiy bosqichlaridan biri hisoblanadi. Bu vazifaning toʻliq va sifatli bajarilishi, oʻz navbatida, roʻyxatga olish ishlarining samarali boʻlishiga zamin yaratadi.

Aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbasi hisoblanadi.

Ta’kidlash lozimki, aholini ro‘yxatga olish ma’lum bir davrda O’zbekiston aholisining soni, yoshi, jinsi, diniy va etnik tarkibi, oilaviy ahvoli, ma’lumot darajasi, uy-joy bilan ta’minlanganligi, iqtisodiy faolligi, daromad olish manbalari, nogironligi xususida batafsil ma’lumot olishga yordam beradi. Shuningdek, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq ko‘rsatib beradi.

Eslatib o‘tamiz, aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha asosiy tadbir 2023-yil noyabr oyida o’tkaziladi.

 

 

Hududlarda amalga oshirilayotgan ish jarayonlaridan fotolavhalar:

 

 

  Axborot xizmati