Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davom etmoqda
Prezident tez o‘sib borayotgan yuqori salohiyatli o‘rta korxonalar sonini hozirgi 3,5 mingtadan 10 mingtaga yetkazish zarurligini ta’kidladi.
Buning uchun, 2023 yil 1 yanvardan:
– kichikdan o‘rta biznesga o‘tgan korxonalar ikki yil davomida foyda solig‘ining faqat 50 foizini to‘laydi;
– mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi;
–soddalashtirilgan soliq, moliyaviy va statistika hisobotlari joriy etiladi;
– davlat xaridlarida 20 foiz kvota o‘rnatilib, ushbu xaridlar doirasida ularga oldindan 50 foiz mablag‘ to‘lab beriladi (amalda 15 foiz).
Ochiq muloqotda kichik va o‘rta biznes uchun eng muammoli masalalardan biri qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va qaytarish bilan bog‘liqligi ta’kidlandi.
Prezident 2021 yilgi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida biznes uchun soliq yukini tushirish siyosatini davom ettirib, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini yanada tushirishga va’da bergan edi.
–Ochiq aytishim kerak, “iqtisodiyot pandemiya tufayli hali to‘liq tiklanmadi, jahon iqtisodiyotidagi vaziyat yaxshi emas, shu sababli buni keyinga qoldiraylik”, deb taklif berganlar ham bo‘ldi. Lekin sizlarni ishontirib aytaman: biz islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz va 2023 yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 12 foizga tushiramiz!, – dedi Shavkat Mirziyoyev.