Joriy yilning 19- oktabr kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasi majlislar zalida "O‘zbekiston Respublikasida Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish " mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
Unda, viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari B. Xoliqov, Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i N. Najmiddinov hamda Namangan Muhandislik Qurilish inistituti o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari B. Xoliqov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 710-son Qarorining mazmun mohiyati, aholini ro‘yxatga olishning maqsadi, ro‘yxatga olishning nima uchun zarurligi haqida tushunchalar berdi.
Shuningdek, Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i N. Najmiddinov joriy yilning 4–31-avgust kunlari Namangan viloyatining barcha shahar va tumanlarida 525 nafar registrator xodimlar tomonidan turar-joylar va aholi yashashi mumkin boʻlgan noturar joylar roʻyxatini shakllantirish hamda mahalla xaritalarini joyidagi haqiqiy holatga mosligini oʻrganish ishlari olib borilganligi, ayni paytda registratorlar tomonidan oʻrganilgan mahalla xaritalari hududiy kadastr boʻlimlari tomonidan qayta ishlash jarayonlari olib borilayotgani haqida ma'lumot berdi.
Tadbir davomida aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazishda nimalarga e’tibor qaratish lozimligi, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar xususida atroflicha ma'lumotlar berildi.
Axborot xizmati