Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 28 sentabrdagi 539-son qarori bilan Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritish va uning asosida davlat xizmatini koʼrsatish sohasida bir qator yangiliklar joriy etildi.
Korxona va tashkilotlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni foydalanuvchilarga taqdim etish xizmati shu kunga qadar anʼanaviy shaklda (amalda 15 kunda), yaʼni foydalanuvchilarning murojaatlariga asosan shartnoma tuzish orqali koʼrsatilar edi.
Mazkur qaror bilan, ikki oy muddatda maʼlumotlarni inson omili aralashuvisiz davlat xizmatlari markazlari va Oʼzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn rejimda olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, korxona va tashkilotlar toʼgʼrisida olish mumkin boʼlgan maʼlumotlar roʼyxati 8 tadan 16 turga koʼpaytirildi.
Shu bilan birga, Davlat statistika qoʼmitasining veb-sayti orqali korxona va tashkilotning STIR kodini kiritgan holda real vaqt rejimida yuridik shaxs toʼgʼrisida bepul maʼlumotlar olishning amaldagi tartibi saqlab qolindi.
Bundan tashqari, yuridik shaxsning asosiy faoliyat turi va unda ishlayotganlarning oʼrtacha yillik soni oʼzgarganda – yillik statistika hisoboti bilan bir qatorda roʼyxatdan oʼtkazuvchi organlar, jumladan Davlat xizmatlari markazlari orqali quyidagi hollarda oʼzgartirish belgilandi:
yuridik shaxs yangi tashkil etilgan vaqtda asosiy faoliyat turi (IFUT) kodini biriktirishda yoki xodimlar soni toʼgʼrisidagi maʼlumotni toʼldirishda noaniqlikka yoʼl qoʼyilgan deb hisoblanganda;
yuridik shaxs faoliyat koʼrsatmayotganda, qoʼshib olish yoʼli bilan qayta tashkil etilganda, belgilangan tartibda faoliyati tiklanganda;
yuridik shaxs qayta roʼyxatdan oʼtib, taʼsis hujjatlarida ushbu faoliyat turi asosiy faoliyat turi deb belgilanganda;
yuridik shaxs maʼlum faoliyatni amalga oshirish boʼyicha litsenziya olganda yoki litsenziyasi bekor qilinganda.
Yuqorida sanab oʼtilgan islohotlar:
- maʼlumotlarni real vaqt rejimida shakllantirish
va ularni elektron shaklda qisqa muddatda yuklab olish imkoniyatini yaratish orqali amaldagi maʼlumotlarning ommabopligi va foydalanuvchilar qamrovini oshirishga erishiladi;
- maʼlumotlarni olish tartibi osonlashtiriladi, ortiqcha qogʼozbozlik va ovoragarchiliklarni oldi olinadi hamda maʼlumotlarni olish uchun shartnomani rasmiylashtirish
va banklar orqali toʼlovlarni amalga oshirish amaliyotidan voz kechiladi.
Bundan tashqari, taqdim etilayotgan maʼlumotlarning shaffofligi va ochiqligini taʼminlash boʼyicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda davlat organlarida yuz berishi mumkin boʼlgan korruptsiyaviy omillarni bartaraf etishga xizmat qiladi.