24/11/2022

2022- yilning 23- noyabr kuni Toshkent shahridagi Milliy matbuot markazida Davlat statistika qoʻmitasi hamda BMT Xalqaro bolalar jamgʻarmasi UNICEF tomonidan “Bolalar va ayollar holatini xalqaro darajada baholashda Multiindikator klaster kuzatuvlarining ahamiyati” mavzusiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Tadbirda Davlat statistika qoʻmitasi rahbariyati, markaziy apparat xodimlari, BMT Xalqaro bolalar jamgʻarmasi (UNICEF) vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

1_7j1a0430

Matbuot anjumanida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 9-apreldagi PQ-4273-son qarori ijrosini taʼminlash hamda respublikada bolalar va ayollar holatini xalqaro darajada baholash maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 625- son qaroriga muvofiq, 2020-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida Multiindikator klaster kuzatuvlarini oʻtkazilishi belgilandi.

Multiindikator klaster kuzatuvi BMTning Xalqaro bolalar jamgʻarmasi (UNICEF) tomonidan ishlab chiqilgan uy xoʻjaliklarining tanlanma kuzatuvi xalqaro dasturi boʻlib, asosan bolalar va ayollar holatini baholash maqsadida koʻp koʻrsatkichli maʼlumotlarni yigʻadi, shu oʻrinda onalar va bolalar boʻyicha dunyo miqyosidagi eng yirik statistik maʼlumotlar manbasi hisoblanadi.

2_7j1a0681

MICS kuzatuvlari 1995- yildan boshlab, 2022- yilga qadar butun dunyo mamlakatlari oʻrtasida 118 ta davlatda 349 marotaba oʻtkazilgan. Ushbu kuzatuvda ona va bola salomatligi, ayollarning reproduktiv salomatligi, bolalar huquqlari va ularning taʼlim olish darajasi, bolalarning sogʻlom va jismoniy rivojlanishi kabi muhim statistik koʻrsatkichlar jamlanadi.

2021-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida Multiindikator klaster kuzatuvlarini (MICS) oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va BMT Bolalar jamgʻarmasi UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Davlat statistika qoʻmitasi kuzatuvni oʻtkazish boʻyicha vakolatli davlat organi etib belgilangan.

3_7j1a0594

Oʻzbekiston Respublikasida MICS kuzatuvi bundan 15 yil oldin boʻlib oʻtgan, oʻtgan yillar davomida ayollar va bolalar huquqlarini muhofaza qilishga, gender tengligini taʼminlashga, jamiyatda ayollarning holatini yaxshilashga, mamlakatda bolalarning rivojlanishi uchun kerakli sharoitlarni yaratishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi, bu esa, xalqaro tavsiyalarga mos ravishda maʼlumotlarni yangilash va foydalanuvchilarga ishonchli, toʻliq va dolzarb statistik maʼlumotlar taqdim etish kerakligini koʻrsatadi.

MICS kuzatuvini oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad, 15 yoshdan 49 yoshgacha boʻlgan ayollar bilan oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalarini, 5 yoshgacha boʻlgan bolalar toʻgʻrisida onalari yoki vasiylaridan olingan aniq maʼlumotlarni, aholi turmush darajasi, yashash joyi (shahar yoki qishloq) va jinsi boʻyicha toʻplangan barcha maʼlumotlarni mamlakatlar miqyosida xalqaro darajada taqqoslash imkonini beradi.

4_7j1a0542

Kuzatuv natijalariga koʻra shakllangan koʻrsatkichlar uy xoʻjaligi boʻyicha Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) koʻrsatkichining 40 foizini qamrab oladi. Bu esa, oʻz navbatida, Jahon bankining “Statistika salohiyati indeksi”da va boshqa halqaro reytinglarda Oʻzbekiston Respublikasi koʻrsatkichlarini yaxshilanishiga, yuksalishiga xizmat qiladi. Kuzatuv jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha tanlab olingan 556 ta mahallada joylashgan 15 mingdan ortiq uy xoʻjaliklarida, joylarga chiqilib respondentlar bilan shaxsan suhbatlashish orqali, planshetlarda, elektron koʻrinishda savolnomalarni toʻldirish yoʻli bilan maʼlumotlar yigʻildi.

MICS natijalari boʻyicha shakllantirilgan maʼlumotlar Davlat statistika qoʻmitasining rasmiy veb-sayti (www.stat.uz) hamda UNICEFning (www.mics.unicef.org) veb-saytiga joylashtirildi. Kuzatuv natijalari boʻyicha statistik sharh tayyorlanib, chop etildi.

5_7j1a0621

Kuzatuv oʻtkazilgan uy xoʻjaliklarida bolalarning 3 % i biologik ota-onalari bilan yashamaydi. Uy xoʻjaliklarining 23 % i ayollar tomonidan boshqariladi.

Bolalar oʻlimi boʻyicha tahlillar: besh yoshga toʻlmasdan vafot etish koʻrsatkichi har 1000 nafar yangi tugʻilgan chaqaloqqa nisbatan 25 tani tashkil etmoqda. Ushbu koʻrsatkich 2006-yilda oʻtkazilgan MIСS natijalarida 57 nafarni tashkil etgan.

6_7j1a0467

Yuqorida qayd etilganidek, soʻnggi 15 yilda goʻdaklar va besh yoshgacha boʻlgan bolalar oʻrtasida oʻlim koʻratkichining pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Tugʻilishning umumiy koeffitsiyenti har bir ayolga 3,3 ta farzand tugʻilishini tashkil etmoqda. Tugʻishgacha boʻlgan parvarish vaqtida ayollarning 90 % i kamida toʻrt marta, 98 % i esa kamida ikki marta malakali tibbiyot xodimi tomonidan koʻrikdan oʻtkazilgan. Tugʻruqlarning 99 % i davlat tibbiyot muassasalarida, malakali tibbiyot xodimlari ishtirokida amalga oshirilgan.

7_7j1a0632

21 % tugʻruqlar kesarcha kesish jarrohlik amaliyoti yordamida amalga oshirilgan. Yuqori koʻrsatkichlar, yaʼni 24 % nisbatan boy qatlamlarda kuzatilmoqda, nisbatan kambagʻalroq qatlamlarda bu koʻrsatkich 19 % ni tashkil etdi.

Bolalarni koʻkrak suti bilan oziqlantirish:

40 % ayollarda tugʻruqdan soʻng farzandlari bir soat ichida koʻkrakka qoʻyilgani kuzatildi. Kuzatuv natijalari har toʻrt chaqaloqdan faqat bittasi (25%) 6 oygacha faqat ona suti bilan oziqlanganligini koʻrsatmoqda.

5 yoshgacha boʻlgan 7 % bolalarda boʻyi oʻsishdan ortda qolayotgani kuzatilmoqda. Mazkur koʻrsatkich 2006-yil natijalariga (14,6 %) nisbatan ikki barobarga pasaygan. Shuningdek, bu koʻrsatkich MDH hududidagi davlatlar orasida ham eng past koʻrsatkich hisoblanadi.

Toʻyib ovqatlanmaslik koʻrsatkichi ham biologik norma doirasida qayd etildi. 5 yoshgacha boʻlgan 2 % bolalarda toʻyib ovqatlanmaslik kuzatilmoqda. 2006-yil natijalariga (5,1 %) nisbatan pasayish qayd etildi.

8_7j1a0518

Ortiqcha vazn 5 yoshgacha bolalarning 5 % ida (oʻgʻil bolalar 5 %, qiz bolalar 4 %) kuzatilmoqda. 2006-yilda oʻtkazilgan MICS kuzatuvida bu koʻrsatkich 7 % ni tashkil etgan.

3-4 yoshdagi 46 % bolalar erta taʼlim dasturlarida ishtirok etgan. Bu koʻrsatkich, aynan kuzatuv vaqtidagi natijani ifodalaydi. Shu oʻrinda, 2006-yil (19,7 %) natijalariga nisbatan 2,3 barobarga yaxshilanganini kuzatish mumkin.

9_7j1a0669

2-4 yoshli bolalarning 96 % ida sogʻliq, taʼlim olish va psixologik nuqta-nazaridan normal rivojlanish qayd etildi. Bu MDH mintaqasidagi eng yuqori koʻrsatkichlardan biridir.

Maktabga qatnaydigan va uy vazifasini bajaradigan 7-14 yoshdagi bolalarning 72 % iga ota-onalari tomonidan yordam beriladi. Shu bilan birga, yosh bolalarga katta yoshdagi bolalarga qaraganda koʻproq yordam beriladi.

Matbuot anjumani soʻnggida mavzu yuzasidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga Davlat statistikasi qoʻmitasi xodimlari tomonidan batafsil javob berildi.

Matbuot xizmati