Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” Farmoni, “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida, Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan Statistika integrallashgan axborot tizimi (SIAT) yaratildi hamda uning negizida siat.stat.uz Oʻzbekiston Respublikasi statistika portali ishga tushirildi.
Xususan, SIAT axborot tizimi tegishli vazirlik va idoralar uchun zarur statistik maʼlumotlarni integratsiya yoʻli bilan elektron axborot almashinishni yoʻlga qoʻyish hamda quydagi bir qator vazifalarni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqildi:
- maʼlumotlar bazasini boshqarishning zamonaviy tizimlarini joriy etish;
- raqamli statistik maʼlumotlar manbalarini yagona maʼlumotlar omboriga toʻplash;
- integratsiya platformasi (REST-API) asosida axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish;
- maʼlumotlarni vizual tasvirlash (jadval, grafik, diagramma, kartogramma) modulini joriy etish;
- statistik maʼlumotlardan foydalanuvchilar uchun yagona veb-interfeys joriy etish.
Natijada, SIAT yordamida - rasmiy statistikani eʼlon qilish va ularni foydalanuvchilar tomonidan qidirib topish vaqti 5-10 barobarga, alohida soʻrovlar asosidagi integratsiya qilish vaqti esa 10 kundan 1 kungacha qisqartirildi va bu esa, oʻz oʻrnida xalqaro tashkilotlar, jumladan, Open Data Watch tashkiloti ekspertlari tomonidan ijobiy baholandi.
SIAT negizida tashkil etilgan Portal rasmiy statistika maʼlumotlar yagona bazasini shakllantiradi, maʼlum bir davr boʻyicha maʼlumotlarni elektron formatlarda olish imkoniyatini yaratadi.
Portalni ishlab chiqishda Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Belarus, Qozogʻiston va boshqa rivojlangan davlatlarning tajribasi oʻrganilgan.
Hozirgi kunda Portal va umuman SIAT axborot tizimida 19 ta yoʻnalishda jami 1 700 dan ortiq rasmiy statistik koʻrsatkichlar toʻplamlari, 10 yillik dinamik qatorlarda, shuningdek, soʻnggi 30 yillik makrokoʻrsatkichlar 5 yillik davriylikda foydalanuvchilarga qulay va bepul shaklda yuklab olish uchun 3 xil (Excel, PDF va JPG) formatda joylashtirildi.
Bundan tashqari, mustaqil ravishda integratsiya qilish uchun 3 xil (CSV, JSON va XML) format ham foydalanuvchilar uchun havola etilmoqda.
Portaldan oʻzbek, rus va ingliz tillarida foydalanish mumkin. Barcha ma’lumotlar doimiy ravishda, tegishli davriylikda yangilab boriladi.
Portalda maʼlumotlarni interaktiv grafik, gistogramma va diagrammalar koʻrinishida solishtirish, shuningdek, reyting shakllantirish va koʻrsatkichlar oʻrtasidagi munosabatlarni belgilash modullari joriy etilgan. SDMX standarti asosida har bir statistik koʻrsatkich boʻyicha metamaʼlumotlarning tizimga joylashtirilganligi foydalanuvchilarga koʻrsatkich birinchi bor eʼlon qilingan, yangilangan sana, uning birlamchi manbasi, hisoblagan organ va uslubiyoti, masʼul boʻlinma va xodim toʻgʻrisida hamda shu kabi boshqa zarur maʼlumotlarni olish imkonini beradi.
Matbuot xizmati