Chakana savdo sohasida korxonalarning kichikdan yirik xo‘jalik subyekti maqomiga o‘tishi yoki aksincha bo‘lishi, shuningdek, yangi korxonalar yoki faoliyat yuritmagan korxonalar hisobiga, hisobot davrida yirik korxonalarning jami chakana tovar savdo aylanmasi sezilarli darajada tebranishini ko‘rsatishi mumkin.
Masalan, 2022- yilning yanvar oyida chakana savdo sohasida jami 1 349 ta yirik korxona savdo hajmlarini aks ettirgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar oyida 1 453 ta, shundan 138 tasi yangi korxonalar, 89 ta korxona esa yuqori o‘sish surʼatlarini qayd etgan.
Xususan, joriy yilning yanvar oyida bir qator yirik savdo majmualari hamda neftebazalar yuqori o‘sish surʼatlarini ko‘rsatganligi bois, jami yirik korxonalarning umumiy hajmida o‘sish surʼatlari kuzatildi (yirik korxonalar maʼlumotlari oylik statistik hisobotlar asosida shakllantiriladi).
2023- yilning yanvar oyida ichki savdoning barcha yo‘nalishlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish surʼatlarida pasayish kuzatilgan.
Taʼkidlash joizki, savdo tarkibida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi yuqoriligi hisobiga jami savdo hajmida o‘sish surʼatlari kamaygan.
Shu bilan birga, umumiy ovqatlanish sohasida Namangan viloyati bo‘yicha yagona yirik korxona mavjud bo‘lib, mazkur korxona 2022- yilning yanvar oyida 52 mln. so‘m, 2023- yilning yanvar oyida esa 2,4 mlrd. so‘mlik savdo aylanmasini amalga oshirgan bo‘lib, mos davriga nisbatan 39,1 martaga o‘sish surʼatlarini qayd etgan. Mavjud maʼlumotlarga ko‘ra, mazkur korxona joriy yildan boshlab autsorsing asosida ish faoliyatini amalga oshirishni boshlagan.
Shuningdek, "Rasmiy statistika to‘g‘risida"gi qonunning 27 moddasiga asosan rasmiy statistikani tayyorlovchilar tasarrufidagi mavjud individual maʼlumotlardan faqat statistika maqsadlarida, jamlanma statistika maʼlumotlarini shakllantirish uchun foydalanilishi belgilanganligini inobatga olib, korxonalar kesimida batafsil maʼlumotlarni oshkor qilish imkoni mavjud emasligini maʼlum qilamiz.