Avval habar berganimizdek, Statistika agentligi delegatsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Statistika komissiyasining 54-sessiyasida ishtirok etdi.
Sessiya doirasida delegatsiya BMT Statistika departamenti direktori Stefan Shvaynfest, Osiyo va Tinch Okeani bo‘yicha Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (OTOIIK) statistika qo‘mitasi direktori Reychl Biven, MDH Davlatlararo statistika qo‘mitasi (K.E.Laykam), Islom mamlakatlari uchun statistik, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar va o‘quv markazi (SESRIC) direktori (Nebil Dabur), YuNISEF Bosh ofisi rahbariyati (Mark Xerevard va Attila Xandjioglu) bilan uchrashildi.
Bundan tashqari, Malayziya statistika departamenti (Mohd Uzir Mahiddin), Singapur statistika departamenti (Eng Chuan Koh), Koreya statistika boshqarmasi (Xae Ryun Kim), Hindiston statistika va dasturlar ijrosi vazirligi milliy statistika ofisi (Nivedita Gupta), Tayland milliy statistika boshqarmasi (Pyanuch Vuttisom), Birlashgan Arab Amirliklari Federal raqobatbardoshlik va statistika markazi (Hanan Ahli), Saudiya Arabistoni Qirolligi bosh statistika xizmati (Faxad Al-Dossari) hamda Markaziy Osiyo va MDH davlatlari statistika idoralari rahbarlari bilan ham muzokaralar olib borildi.
Uchrashuvlar va muzokaralarning asosiy maqsadi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va erishilayotgan natijalar haqida xabardor qilib borish, shuningdek, Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish va takomillashtirib borish, so‘nggi xalqaro tavsiyalar va ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etish masalalarida yaqindan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga qaratilgan.
Ma’lumot uchun: Birlashgan Millatlar Tashkilotining Statistika Komissiyasi, 1947 yilda tuzilgan bo‘lib, global statistika tizimining eng yuqori organi hisoblanadi. U butun dunyodan BMTga a’zo davlatlarning statistika idoralari rahbarlarini birlashtiradi.
Xalqaro statistika faoliyati sohasida, xususan, statistik standartlar, konsepsiyalar va uslubiyotlarni ishlab chiqish va ularni xalqaro va milliy miqyosda amalga oshirish bo‘yicha qaror qabul qiluvchi asosiy organ hisoblanadi.
Shuningdek, u BMT Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashining (EKOSOS) funksional komissiyasi bo‘lib, Kengashga milliy statistika tizimlarini rivojlantirish va milliy statistik ma’lumotlarning taqqoslanuvchanligini ta’minlashda, BMTning ixtisoslashtirilgan agentliklarining statistika sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishda hamda statistikani va statistik metodologiyani takomillashtirishda yordam beradi.
Statistika komissiyasi o‘zining 75 yildan ortiq faoliyati davomida statistikaning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy xalqaro standartlar, konseptual ta’riflar va uslubiy ko‘rsatmalarni muhokama qilish va qabul qilish uchun asosiy platformaga aylandi.