10/04/2023

Hozirgi paytda mamlakatda aholini ro‘yxatga olish xalqaro me’yorlar asosida o‘tkaziladi. Har 10 yilda o‘tkaziladigan bu tadbirda aholi an’anaviy: yoshi, jinsi, ma’lumoti, ish joyi, millati, shuningdek, turarjoyi va uning maishiy asboblar bilan jihozlanishi kabi savollarga javob berishi kerak bo‘ladi. Ammo uy xo‘jaligi a’zolari va turar joy to‘g‘risidagi savollar batafsil – savollarning 34 guruhidan iboratdir.

Polshaning 1999- yildagi Aholi ro‘yxati to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq, mamlakat fuqarolari ro‘yxatga oluvchi hisobchini xonadoniga kiritib, uning savollariga javob berishi yoki so‘rovnoma varag‘ini o‘zi to‘ldirishi mumkin. Lekin, aholini ro‘yxatga olish tartib-qoidalaridan batafsil tanish bo‘lmagan fuqarolar uchun bu oson bo‘lmagan, sababi aholi ro‘yxatini o‘tkazish yo‘riqnomasi 200 varaqdan iborat bo‘lgan. 

Ularning Qonuniga muvofiq, Polshaning har bir fuqarosi so‘rovnoma savollariga to‘la va haqqoniy javob berishi shart. Ma’lumot berishdan bosh tortish uchun jarima to‘lanadi, yolg‘on ma’lumot berganlik uchun esa ozodlikdan mahrum etilishi ham mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan. Aholining soni, yosh-jins tarkibi, hududiy joylashuvi xususiyatlari va boshqa ijtimoiy-demografik holatlaridagi o‘zgarishlar aholining joriy hisobi bo‘yicha mavjud ma’lumotlarni qo‘llashni sezilarli darajada cheklamoqda.

Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish ishlari keng qamrovli tadbir bo‘lib, ketma-ket hamda bir vaqtning o‘zida tegishli tadbirlarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan bosqichlarni o‘z ichiga oladi, ya’ni:

Birinchi bosqichda (3 yilgacha bo‘lgan muddat) quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tashkil etish, o‘tkazish tamoyillari, uslubiy asoslari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlanadi;

aholini ro‘yxatga olish tadbiri dasturini, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish, uning natijalarini olish va e’lon qilishni tashkil etish uslubiyati ishlab chiqiladi;

aholini sinov asosida ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishni tashkil etish, uning natijalarini tahlil qilish ishlari olib boriladi;

har bir ro‘yxatga oluvchilarni o‘z hududi bo‘yicha xaritalar bilan ta’minlanadi;

aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish va aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishning tashkiliy rejasi tuziladi;

har bir xonadon raqamlanishi va ko‘chalar nomlanishini amalga oshiriladi; 

zamonaviy xaritalash texnologiyalaridan foydalangan holda aholini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish, uning o‘tkazilishini nazorat qilish, yakuniy natijalarni olish va taqdim etishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish orqali tadbir monitoring qilib boriladi;

aholiga aholini ro‘yxatga olishning maqsadi va vazifalari axborot-tushuntirish ishlari orqali tanishtiriladi;

ro‘yxatga olish varaqalari va boshqa hujjatlarni chop etilib, joylardagi mutaxassislarga etkaziladi;

ro‘yxatga olish uchastkalarini bino, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlash ishlari tashkil etiladi;

ro‘yxatga olish tadbirida ishtirok etuvchi vaqtinchalik xodimlarni o‘qitilib, ular zaruriy vositalar bilan ta’minlanadi;

aholini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq boshqa ishlar olib boriladi.

 Ikkinchi bosqichda (10 kundan 60 kungacha bo‘lgan davr)

 bevosita aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish tadbiri materiallari qayta ishlash uchun ixtisoslashgan tuzilmalarga taqdim etiladi.

Uchinchi bosqichda (2 yildan 3 yilgacha bo‘lgan davr) quyidagilar amalga oshiriladi:

aholini ro‘yxatga olish tadbirining birlamchi materiallari ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha ixtisoslashgan tuzilmalar tomonidan qabul qilib olinadi;

aholini ro‘yxatga olish tadbiri materiallarini avtomatlashtirilgan tizimda qayta ishlashga tayyorlanadi;

birlamchi ma’lumotlarni kiritish, kodlashtirish, nazorat va tahrir qilish ishlari amalga oshiriladi;

aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha dastlabki natijalar olinadi;

aholini ro‘yxatga olish tadbiri natijalarini e’lon qilish va ularni tarqatish ishlari amalga oshiriladi.