26/04/2023

 Statistika agentligi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti tomonidan «Statistika asoslari» bo‘yicha shartnoma asosida mahalliy davlat hokimiyati organlari iqtisodchi xodimlari uchun Namangan viloyatining Namangan shahrida shu yilning 26 – 28 aprel kunlariga mo‘ljallangan qisqa muddatli sayyor o‘quv kursi boshlandi.

Ta’kidlash lozimki, Prezidentimizning 2020- yil 3- avgustdagi “O'zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga ko‘ra, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda iqtisodiyot tarmoqlari xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida “Statistika asoslari” bo‘yicha turli o‘quv-kurslari tashkil etish vazifasi belgilangan edi.

Davlat rahbarining yuqorida qayd etilgan qarori talabini 2023-yilda bajarilishini tizimli tashkil etish maqsadida, “Statistika asoslari” bo‘yicha 20 soatlik maxsus o‘quv kursi ishlab chiqilgan hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining direktori tomonidan 2023-yil 12-yanvar kuni “O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-avgustdagi PQ - 4796 -sonli qaroriga muvofiq 2023-yilda davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda korxonalar va tashkilotlar iqtisodchi xodimlari uchun shartnoma asosida “Statistika asoslari” kursini tashkil etish va o‘tkazish reja - jadvali” tasdiqlangan.

 Mazkur reja - jadvalga muvofiq va Statistika agentligi hamda Namangan viloyati hokimligining bevosita ko‘magida sayyor o‘quv kursi shu yilning 26 - 28 aprel kunlari respublikamizning eng salohiyatli va nufuzli hududlaridan biri hisoblanadigan Namangan viloyatining barcha bo‘g‘indagi hokimliklari va viloyat tashkilotlari iqtisodchi xodimlari uchun sayyor kurs tarzida tashkil etildi va o‘tkazilmoqda.

O’quv kursi ishtirokchilari Statistika agentligi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti professor - o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan tegishli o‘quv va tarqatma materiallar, shuningdek, 2022-yil yanvar - dekabr holatiga tarmoqlar va hududlar ijtimoiy - iqtisodiy rivojlanishining tahliliy statistik ma’lumotlari bilan ta’minlanadi va kurs yakunida ularga belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.