12/05/2023

Bugun global o‘zgarishlar ta’sir o‘tkazmagan biror sohani topish qiyin. Ayniqsa, insonlar o‘rtasidagi muloqotning kuchayib ketishiga bu jarayonning qo‘shayotgan hissasi haqida yetarlicha dalillar mavjud. Ayni davrda zamonaviy dunyoni axborot texnologiyalarisiz, ya’ni internet tizimining ijtimoiy tarmog‘isiz tasavvur etib bo‘lmaydi, chunki ular allaqachon hayotimizning bir qismiga aylanib ulgurgan. Bir necha yillar oldin internet haqida, virtual muloqot haqida tasavvurga ega bo‘lmagan odamlar hozir muloqotning eng oson va har taraflama qulay yo‘liga o‘tishdi. Bu muloqotning qulayligi shundaki, u hech qanday masofani tan olmaydi. Shuningdek, joy, muhit va boshqa subyektiv jihatlarsiz onlayn muloqotni ta’minlaydi. Qiziqligi shundaki, bunday muloqotda nafaqat suhbatlashish, balki, turli ma’lumotlar almashish, har qanday savolga javob topish, nimadir sotish va sotib olish, qiziqarli filmlarni tomosha qilish, turli xorijiy tillarni o‘rganish, hattoki muayyan mablag‘ ishlab topish uchun ham imkoniyatlar mavjud.

Bugungi kunda mashhur bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasiga ega bo‘lmagan insonni topish qiyin. Ayniqsa, bu holatning yuqori darajasini yoshlar orasida ko‘rish mumkin. Ma’lumotlarga qaraganda, dunyo yoshlari, jumladan mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlod asosiy vaqtining taxminan 50% foizi virtual muloqotga sarflanmoqda. Gap shundaki, ko‘pchilik yoshlar o‘z hayotlarini ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur qila olmaydilar.

Ekstremistik oqimlar o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun zamonaviy axborot kommunikatsiyalaridan keng foydalanish, internet tizimining ijtimoiy tarmog‘i orqali turli tillarda targ‘ibot olib borish va puxta ishlangan strategiya asosida virtual jamoalar tuzishga harakat qilmoqdalar. Masalan, yirik terrorchi tashkilotlar o‘z saflariga faol tarzda ijtimoiy tarmoqlar orqali, asosan, 17- 35 yosh oralig‘ida bo‘lgan kishilarni yollamoqda. Bunda psixologik ta’sir samaradorligini yanada oshirish maqsadida ijtimoiy tarmoq a’zolarining sahifalari, qo‘yilayotgan rasmlar, sharh va izohlar hamda olib borilayotgan suhbat va mavzularni puxta o‘rganadi va shu asosida «nishon»ga olingan shaxsga mavzuga oid materiallar internetning «Facebook», «Odnoklassniki», «Vkontakte», «Viber», «Instagram», «Telegram», «WhatsApp» va «Twitter» kabi keng auditoriyaga ega bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar orqali (yozma xabar, matn, fotosurat, stiker rasmlar, audio-video rolik) jo‘natiladi va o‘zaro aloqa yo‘lga qo‘yiladi.

Yoshlarning bu kabi turli xil yot va zararli g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasliklari uchun har tomonlama mafkuraviy qurollantirishni zamonaning o‘zi talab qilmoqda. Shunday ekan, «Al Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturudiy, Alisher Navoiy va boshqa buyuk allomalarimiz asarlari milliy tarbiyamizning bosh g‘oyasi bo‘lib qolishligi va ularning asarlarida keltirilgan ibratli fazilatlaridan bahramand bo‘lishimiz lozim.

Umuman, bugungi kunda internet tizimining ijtimoiy tarmoqlari salbiy ta’sirining oldini olish uchun yoshlarning ma’naviy salohiyatini oshirish, iqtidorli va iste’dodli bolalarning o‘z ijodlarini erkin namoyon etish va axborot almashish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida zamonaviy axborot texnologiyalari orqali maxsus internet dasturlarini ko‘proq tuzib, yoshlarga mo‘ljallangan turli mavzular bo‘yicha maqsadli loyiha va sohaviy tizimli dasturlarni tayyorlash va ularni doimiy tarzda yangilab borish maqsadga muvofiqdir.

Masalaning mohiyatidan kelib chiqib shunday xulosalarni qilish mumkinki, har qanday kasallikning oldini olish uchun, avvalo, kishi organizmida unga qarshi immunitet hosil qilinadi. Biz ham farzandlarimizni ona vatanga muhabbat, boy tariximizga, ota-bobolarimizning muqaddas diniga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun, ta’bir joiz bo‘lsa, avvalo, ularning ma’naviy kamolotini yuksaltirishimiz zarur.

Yoshlarimizni xalqimizga xos odob-axloq meyyorlariga mos, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqatli qilib tarbiyalash, ma’rifiy keng amalga oshirish, milliy tarbiya uslub va shakllarini, milliy g‘oya va ma’naviyatni izchil targ‘ib qilish orqali yuksak ma’naviyatli yoshlarni tarbiyalashga ko‘maklashish jamiyatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish hamda uning mustahkamligini ta’minlash, yoshlarning ma’fkuraviy immunitetni yanada oshirishga doir ishlarni tashkil qilish va nazorat qilib borishdan iborat.

Ogohlik ham hayot maktabidir, zero ogohlik davrimizning eng katta muhim talabidir.  Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib davlatimiz tomonidan qaratilayotgan yuksak etiborga javoban Vatanimiz, yurtimiz istiqboli yo‘lida tinmay mehnat qilib, jonajon O‘zbekistonimizning jahonning eng rivojlangan davlatlari qatoridan munosib o‘rin egallashiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak.

Toki yoshlarimiz milliy o‘zligini, shu bilan birga, dunyoni chuqur anglaydigan, zamon bilan barobar qadam tashlaydigan insonlar bo‘lib yetishsin. Ana shunda yot va zararli g‘oyalarning turli xil «da’vati» ham, odob-axloq tushunchalarini rad etadigan, biz uchun mutlaqo begona g‘oyalar ham ularga o‘z ta’sirini o‘tkaza olmaydi.