Inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg‘usi bilan barhayotdir. Xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi – muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi.
Qadr – insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bag‘ishlaydi.
Bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning eng oliy mezoni va bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng va olijanob xalqimizga xos azaliy qadriyatdir.
Insonga har kuni tinchlik-osoyishtalik va xotirjamlik kerak. Tinchligini yo‘qotgan xonadon ham, mamlakat ham aslo xotirjam bo‘la olmaydi. Tinchlik-xotirjamlik – taraqqiyot garovidir.
Biz azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu g‘oya targ‘ibiga bag‘ishlangan buyuk milliy ma’naviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targ‘ib etiladi, urush esa batamom qoralanadi.
9- mayni Xotira va Qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi.
II jahon urushida O‘zbekistonimizdan 1 million 433 ming 230 nafar odam ishtirok etdi. 604 ming 52 nafar hamyurtimiz urush maydonlaridan nogiron bo‘lib qaytdi, 450 mingdan ortiq vatandoshimiz esa qonli janglarda halok bo‘ldi.
Hamon oramizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat-mashaqqat chekkanlar bor. O‘tganlarni xotirlash, safimizda yurganlarning esa qadriga yetish kerak.
Mustaqil O‘zbekiston xalqi va davlati avval-boshdan tinchlik-totuvlik tarafdori sifatida maydonga chiqdi.
Ana shu asoslarga ko‘ra, mustaqillik yillarida ham bizda 9- may umumxalq bayrami sifatida, 1999- yildan boshlab esa Xotira va Qadrlash kuni sifatida nishonlaymiz. Darhaqiqat, Mustaqil davlatning bayramlari ham xalq tabiati va an’analariga mos bo‘lishi kerak. Chunki har bir xalq qanday yashashi, nimani qadrlashi, qaysi sanalarni tantana qilishini o‘zi hal etadi. Bunda o‘z tarixidan kelib chiqadi, bugunini o‘ylaydi va kelajagini ko‘zda tutadi.
Xotira va Qadrlash kuni endi o‘zgacha, aniqrog‘i, milliy xususiyat kasb etdi. Bu bayramning mazmun-mohiyati butkul o‘zgardi – u xalq xotirasi va insonni qadrlash kuniga aylandi.
Xotira va Qadrlash kuni chinakam milliy – umumxalq bayramiga aylandi. Shu kuni O‘zbekistonning barcha qabristonlaridan ziyoratchilar arimaydi.
Bu bayramda Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirlanadi, Afg‘oniston urushida halok bo‘lganlar sho‘ro siyosatining begunoh qurbonlari sifatida eslanadi, umuman, o‘tganlar ruhi yodga olinadi, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltiriladi.
9- mayning Xotira va Qadrlash kuni deb e’lon qilinishi bizda siyosatning insoniylashganidan, davlatning hazrati insonga qayishganidan dalolat beradi. Urushda halok bo‘lgan har bir o‘zbekistonlik – Vatanimiz farzandi edi. Ularni yoddan chiqarishga hech birimizning haqqimiz yo‘q. Istiqlol yillarida 35 jildlik “Xotira” kitobi chop etildi. Endi esa urush qurbonlarining nomi mamlakat poytaxtidagi Xotira maydoniga o‘rnatilgan temir “daftar”ga zarhal harflar bilan bitib qo‘yildi.
Bu yerga ziyoratga kelgan har bir vatandoshimiz, albatta, o‘z jigari, hech bo‘lmaganda, biror qo‘shnisining nomiga duch keladi. Beixtiyor, o‘tganlar ruhiga tilovatu duolar qilib, yuziga fotiha tortadi...
Hozir barcha mintaqalarimiz, ko‘plab shaharlarimiz va tumanlarimiz markazlarida ham shunday xotira maydonlari barpo etildi, bu xayrli ish izchil davom ettirilyapti.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning: “Xotira va qadrlash deganda biz, avvalo, o‘zimizni inson sifatida anglashni, odamiylik fazilatlarini ulug‘lashni nazarda tutamiz”, – degan qimmatli so‘zlari zamirida ana shunday mohiyat yotibdi.
Kuni kecha O‘zbekiston prezidentining “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida” farmoni imzolandi.
Ushbu farmonga asosan Mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, bugun ham safimizda turib, Vatanimizning obro‘-e‘tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma‘naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 78 yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantiriladi. Ushbu pul mukofotlari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga tantanali va bayramona vaziyatda topshiriladi.
Davlat tarafidan ko‘rsatilayotgan bu g‘amxo‘rliklarning bari mazkur umumxalq bayrami mazmunidagi qadrlash mohiyatining amaliy jihatini yaqqol namoyon etadi.
Inson bor ekan, xotira – muqaddas. Hech kim, hech narsa esdan chiqmaydi. Xalq bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylash, qadriga yetish uchun ham urushni, uning qahramonlarini, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan hech bir kishini xotirasidan forig‘ qilmaydi.
Xotira va Qadrlash kunini munosib nishonlashdan ko‘zlagan bosh maqsadimiz – Vatan himoyachilarini xotirlash, oramizdagi fidoyi insonlarning, tinchlikning qadriga yetish, urushni qoralash, tinch-osoyishta yashayotganimiz, turmush farovonligini ta‘minlash uchun ter to‘kib, unumli mehnat qilayotganimizning shukronasini qilishdan iborat.
Bu har qanday kishini ma‘nan rag‘batlantiradi, uni yashashga, yaratishga, elu yurtga sadoqat va qat‘iyat bilan xizmat qilishga undaydi.
Zero xotira hamisha muqaddas, qadr azizdir.
Kirib kelayotgan qutlug‘ kun, 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan barcha fahriylarimizni, aziz yurtdoshlarimizni tabriklaymiz!
Fashizmga qarshi urushda mardonavor jang qilgan, og‘ir mashaqqat va musibatlarni boshdan kechirgan qahramonlar va xalqimiz asrlar davomida orzu qilgan erkinlik uchun o‘z jonini qurbon qilganlar xotirasi hamisha yodimizdadir albat. Vatanini himoya qilishda jonini fido qilgan, xalq orzu qilgan erkinlik uchun kurashgan milliy qaxramonlarimizni ruhi oldida yana bir bor ta‘zim aylaymiz.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin aziz Vatandoshlar!