Oila — jamiyatning asosiy boshlang‘ich bo‘g‘ini, go‘zal urf-odatlar, milliy qadriyat va an’analarlarni o‘zida asrovchi, asrlar osha tarbiyada o‘ziga xos milliylikni shakllantiruvchi muqaddas maskan. Oila tinch bo‘lsa, mahalla tinch, jamiyat farovon, davlat mustahkam bo‘ladi.
Dunyo bo‘ylab 15- may — Xalqaro oila kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu kunning tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh assambleyasining 1993- yil 20- sentabrdagi yalpi yig‘ilishida 15- may kuni Xalqaro oila kuni deb belgilangan. Bundan asosiy maqsad dunyo jamoatchiligini oiladagi muammolarni bartaraf etish, oila qadriyatlarini mustahkamlash, munosabatlarni tartibga solishdir.
O‘zbekiston Respublikasida ham oiladagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida 2018- yil 27- iyun kuni “O‘zbekiston Respublikasida Oila institutini mustahkamlash kontsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra quyidagilar oila institutini mustahkamlash bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar etib belgilangan edi:
- Oila institutini mustahkamlashning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish;
- Zamonaviy oilani mustahkamlash va rivojlantirish masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish;
- Demografik rivojlanishni rag‘batlantirish va oila farovonligi darajasini oshirish;
- Oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda ma’naviy-ahloqiy muhitni yaxshilash;
- Oilalarga ta’sirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatishning samarali tizimini yaratish.
Yurtimizda oilani mustahkamlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar halqaro hamjamiyatlarda yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘layotganligi ham bejiz emas. Qonunchiligimizga nazar solar ekanmiz oilaga katta e’tibor berilganligini, jumladan, uni qanday tashkil qilish, oila a’zolarining huquqlari va burchlari, umuman oilaviy hayotning barcha masalalariga urg‘u berib o‘tilganlini ko‘rishimiz mumkin.
Huquqiy ma’noda oila – yuridik aloqadir. Oilaviy munosabatlardagi yuridik xarakter huquqiy normalar bilan ularning munosabatlarini tartibga solib, davlatning majburiy qoidalari bilan oila a’zolarining hulqiga ta’sir etib, oilani jamiyat hohlagan asosda rivojlantirishga yordam beradi. Oila muqaddas qo‘rg‘on va Oilamiz hamisha tinch bo‘lsin
Mamlakatimizda yoshlarning turmush qurish oldidagi tayyorgarligidan to barpo etilgan oilaga e’tibor, ularni qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarning muammolarini hal etish, oila vakilllarining tibbiy, ijtimoiy, huquqiy xizmatlardan foydalanishi uchun imkon yaratish kabi qator yo‘nalishlarda zarur shart-sharoitlar qilinmoqda. Mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari oilalar bilan ishlab, ular holidan xabar oladi, notinch oilalarga yoxud ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga alohida e’tibor qaratib, zarur ko‘mak ko‘rsatadi. Ushbu sana munosabati bilan joylarda qator tadbirlar, amaliy ishlar, uchrashuv va o‘rganishlar tashkil etiladi.
Mamlakatimizda oila institutining huquqiy asoslari ham mustahkamlangan. Oila kodeksi hamda qator qonun va qarorlar, qonunosti hujjatlari oilalar mustahkamligi yo‘lida zamin bo‘layotir. Birgina 2018- yil 27- iyun kuni qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida" gi Prezident qarorida oila institutini mustahkamlashga qaratilgan qator vazifalar belgilab berildi.
Yurtimizdagi har bir oila davlatimiz himoyasida, jamiyatimiz e‘tiboridadir.
Mamlakatimizda oilalar soni ko‘payaversin. Har bir oila tinch-osoyishta, farovon va baxtli bo‘lib, yurtimiz barqarorligiga asos bo‘laversin.