Dunyodagi har bir mamlakat, oʻzining aholisi va uning yashash holati boʻyicha ishonchli maʻlumotga ega boʻlish maqsadida muntazam ravishda aholini roʻyxatga oladi.
Hozir jahonning koʻplab rivojlangan davlatlarida aholi oʻrtacha har oʻn yilda kamida bir marta roʻyxatdan oʻtkazilmoqda.
Aholi sonini roʻyxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli boʻlgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarni yigʻish, umumlashtirish, baholash, tahlil va eʼlon qilishning yagona jarayonidir.
U aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning asosiy manbai boʻlib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz koʻrsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantiriladi.
Oʻz navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Aholi sonini ishonchli hisoblash boʻyicha rasmiy statistika tizimida asosiy roʻl oʻynaydi.
Koʻpchilik insonlar aholini roʻyxatga olish amaliyotini statistik maʼlumotlar toʻplash tadbirlarining bir koʻrinishi, deb tushunadi. Ammo bu shunchaki statistika emas, balki mamlakat aholisining maʼlum bir vaqtdagi fotosuratini koʻrish imkoniyatini beradigan yirik miqyosdagi tadbir hisoblanadi.
Bunda tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala aholi oʻrtasida roʻyxatga olishda faol ishtirok etish boʻyicha targʻibot ishlarini olib borish hisoblanadi. Bu tadbirlarni sifatli va haqqoniy oʻtkazish uchun targibot va tashviqot ishlarini aʼlo darajada olib borishimiz zarur.
Shu maqsadda Viloyat statistika boshqarmasida "Aholini roʻyxatga olish jarayonlariga puhta tayyorgarlik ko‘rish" mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbir avvalida boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari R. Jiyanov O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari, aholini ro‘yxatga olishning maqsadi, ro‘yxatga olishning nima uchun zarurligi haqida tushunchalar berdi.
Shuningdek, Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i N. Najmiddinov Aholini roʻyxatga olish jarayonlarini xalqaro talablarga mos va sifatli oʻtkazishda kartografik materiallarning aniqligi ham muhim hisoblanishi, hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning roʻyxatini tuzish aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlikning eng asosiy bosqichlaridan biri ekanligini takidladi. Bu vazifaning toʻliq va sifatli bajarilishi, oʻz navbatida, roʻyxatga olish ishlarining samarali boʻlishiga zamin yaratadi.
Ochiq muloqot davomida aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazishda nimalarga e’tibor qaratish lozimligi, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar xususida atroflicha ma'lumotlar berildi.