14/09/2023

Aholini ro‘yxatga olish tarixiga bir nazar
Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlab qadimgi Gretsiya, Vavilon, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya va Misr kabi mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish ishlari o‘tkazilgan. Shu davrda soliq yig‘ish, ya’ni boj olish hamda harbiy maqsad uchun asosan erkaklar sonini aniqlash muhim bo‘lgan va asosan ular ro‘yxatga olingan. Aholini ilk bor rasmiy ro‘yxatga olish 1790- yil AQSHda, keyinchalik 1800- yil Shvetsiya va Finlyandiyada, 1801- yil Angliya, Daniya, Norvegiya va Fransiyada o‘tkazilgan. Ammo ro‘yxatga olish juda oddiy shaklda bo‘lib, uzoq muddatga cho‘zilgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin aholini ro‘yxatga olish tizimi yanada takomillashtirildi. 1945-1954 yillarda 151 ta davlatda, 1965-1974 yillarda 179 ta davlatda aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilgan.
XIX asrga kelib, aholini ro‘yxatga olish kengaydi. Aholini ro‘yxatga olish – fuqarolar haqida axborot to‘plashning keng ko‘lamli va ko‘p maqsadli tadbirdir. Ushbu mavzu doirasida Yevropaning qator mamlakatlarida statistika tashkilotlari tuzildi. Aholini ro‘yxatga olish ilmiy dasturlar asosida olib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 1870-1879 yillar dunyoning 48 ta, 1890- yil esa 57 ta davlatida aholi ro‘yxati o‘tkazilgan. XIX asr oxirida dunyo aholisining 21 foizi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, XX asr boshida 54 foiz aholi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Respublikamizda demografik jarayonlarning holatini o‘rganishda mamlakat hududida o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlari muhim ahamiyat kasb etadi. Manbalarda keltirilishicha, O‘zbekiston hududida dastlab aholini ro‘yxatga olish ishlari 1897- yilda o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu ro‘yxatga olish ma’lumotlari XIX asr oxirida O‘zbekistonda mavjud oilalar, aholi soni, aholining yoshi va jinsi, etnik tarkibi, tug‘ilish, o‘lim holati kabi demografik jarayonlar haqida tasavvur hosil qilishga yordam bergan.
Keyinchalik O‘zbekiston hududida 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989 yillarda aholini ro‘yxatga olish ishlari tashkil etilgan. Aholining rivojlanishi uning tarkibiy tuzilishi, xususiyatlari va demografik jarayonlarning uzluksiz ravishda o‘zgarib borishi ta’sirida sodir bo‘lib boradi. Shu sababdan aholini tadqiq etish hamda doimiy ravishda kuzatib borish talab etiladi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizday mamlakatimizda oxirgi marotaba aholini ro‘yxatga olishning o‘tkazilganiga 30 yildan oshdi. Bu vaqt oralig‘ida ro‘yxatga olishning standartlari, mexanizmlari va metodologiyasi tubdan o‘zgardi. Buni shu kungacha o‘zlarida tadbirni o‘tkazgan davlatlar tajribasidan ham yanada yaqqolroq ko‘rish mumkin.
Bugungi kunda olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonlari mazkur tadbirning har bir mayda elementigacha puxta rejalashtirishni taqozo etmoqda. Aholini ro‘yxatga olishning ishtirokchilari bo‘lgan ro‘yxatga oluvchilarni tanlash masalasi ham nihoyatda dolzarbdir. Chunki turli toifadagi respondentlar (ro‘yxatga olinuvchi shaxslar) bilan bevosita muloqotga kirishib, belgilangan so‘rovnomalar bo‘yicha ma’lumotlarni shakllantirish aynan ularning zimmasidagi vazifa sanaladi va ma’lumotlarning to‘g‘riligiga ular bevosita mas’uldirlar. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar turli yoshda va har xil kasb egalari bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, tadbirga, birinchi navbatda, statistika agentligi va uning viloyat, shahar va tuman bo‘limlari xodimlari, statistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar jalb etilishi maqsadga muvofiq. Bevosita aholini ro‘yxatga olish jarayonlari boshlanishi avvalida barcha ro‘yxatga oluvchilar ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni tartibga soluvchi asosiy normativ-huquqiy hujjatlar, ro‘yxatga olish hujjatlari tarkibi va uni to‘ldirish tartibi, ro‘yxatga oluvchi xodimlarning vazifalari, axloq normalari, respondentlar so‘rovini o‘tkazish, kelib chiqadigan barcha qiyinchiliklarni aniqlashtirish bilan muammoli masalalarni muhokama qilish, texnika xavfsizligi bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda maxsus o‘qitiladi va tayyorgarlikdan o‘tkaziladi.
Aholini ro‘yxatga olish jiddiy tayyorgarlikni talab etadigan jarayoni hisoblanadi. Shahar va qishloq aholi punktlari kesimida aholiga doir to‘liq ma’lumotlarni olish uchun, avvalo, ushbu hududning sxematik chizmalarini mukammal tarzda qayta ishlab chiqish va uy-joylarning ro‘yxatini tuzish talab etiladi. Aytish joizki, aynan chizma va xaritalarni to‘liq ishlab chiqilishi ro‘yxatga olishga tayyorgarlikning muhim bosqichlaridan biridir.
Bu bo‘yicha batafsilroq to‘xtaladigan bo‘lsak, ma’lum bir hududdagi turar, noturar va ko‘p qavatli uylarning to‘liq ro‘yxati, har bir uyda qancha odam yashashi, qaysi ko‘chada nechta xonadonda uy raqamlari mavjud, nechtasida mavjud emasligi bo‘yicha ma’lumotlar uy-joy ro‘yxatini tuzuvchilar tomonidan olinadi. O‘z navbatida olingan so‘nggi ma’lumotlar asosida mavjud xaritalar va kartografik chizmalarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. Aholini ro‘yxatga olish davomida aynan ushbu xaritalar hududning joylashuviga doir ma’lumotlarni o‘zida umumlashtirgan asosiy manba vazifasini bajaradi.
Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerakki, bugungi kunda respublikamizning 200 dan ortiq tuman va shaharlarida statistika idoralari xodimlari tomonidan kuzatish natijasida aniqlangan raqamlanmagan uy joylarni raqamlashtirish va ko‘cha nomlarini joylashtirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Bu tadbirlar mahalliy davlat hokimiyati organlari va kadastr idoralari vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Respublikamizda aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish bizga nima beradi?
Birinchidan, ma’lum bir sanada aholining aniq soni (yoshi va jinsi tarkibi, fuqaroligi, milliy tarkibi (keng qamrovli), barcha aholi punktlari bo‘yicha soni, oilaviy ahvoli, ma’lumot darajasi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, iqtisodiy faol aholi, aholi bandligi (kasbi va mutaxassisligi) va ishsizligi, daromad olish manbalari, nogironligi bo‘yicha batafsil ma’lumot olinadi.
Ikkinchidan, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblashda (yalpi ichki mahsulot, aholi daromadlari, sanoat mahsuloti hajmi, iste’mol mahsulotlari hajmi, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari) ishlatiladi.
Uchinchidan, aholi migratsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladi.
To‘rtinchidan, Respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot sifatida foydalaniladi.
Beshinchidan, statistika idoralari tomonidan tashkil etiladigan tanlama kuzatuvlarni tashkil etishda ma’lumotlar bazasi sifatida qo‘llaniladi.
Oltinchidan, Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritishda xizmat qiladi.
Yettinchidan, aholi punktlarining infratuzilmasini yaxshilashda, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda foydalaniladi.
Sakkizinchidan, Xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tomonidan amalga oshiriladigan tahlillar uchun keng qamrovli axborotlar manbai hisoblanadi.
Bunday ma’lumotlar ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni prognoz qilish, bandlik sohasidagi siyosatni belgilash, ijtimoiy siyosat va aholi salomatligi bo‘yicha dasturlarni yaratishda, shuningdek davlat hokimiyati organlarining vazifalarini bajarishi, fan va jamiyatni axborot bilan ta’minlash uchun zarurdir.

 

Xalqaro tavsiyalarga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish quyidagi muhim tamoyillarga asoslanadi:

1. Aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning qat’iy markazlashtirilishi ushbu tadbirni muvaffaqiyatli o‘tkazishning asosiy shartlaridan biridir.
2. Aholini ro‘yxatga olishning muntazamligi. BMT tavsiyalariga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish 10 yilda kamida bir marotaba o‘tkazilishi belgilangan.
3. Aholini ro‘yxatga olish maxsus tayyorlangan mutaxassislar – hisobchilar tomonidan o‘tkazilishi. Mazkur tadbirni amalga oshirish uchun ko‘p miqdorda maxsus xodimlar yollanadi, ularning tarkibiga ziyolilar, talabalar ham kiritilishi mumkin.
4. Aholini ro‘yxatga olishni aniq bir muddatda o‘tkazish.
Bu tadbirni amalga oshirishga odatda 10–12 kun talab etiladi. Aholini ro‘yxatga olish bir necha kun davomida o‘tkazilsa ham, ma’lumotlar aniq bir vaqtda – ko‘pincha aholini ro‘yxatga olishning birinchi kunining 0 soatdagi holati bo‘yicha qayd etiladi. Bu aholini ro‘yxatga olishning nozik vaqti, deb ham ataladi. Masalan, chaqaloq aholini ro‘yxatga olish davrida, ammo ana shu aniq muddatdan keyin tug‘ilgan bo‘lsa, u aholi ro‘yxatiga kiritilmaydi. Lekin, kimdir bu aniq nozik muddatda hayot bo‘lib, shundan keyin, ya’ni aholini ro‘yxatga olish davrida vafot etsa, u aholi ro‘yxatiga kiritiladi.
5. Aholini ro‘yxatga olishning belgilab qo‘yilgan aniq dasturining mavjudligi va tadbirni unga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkazish. Aholini ro‘yxatga olish dasturi – ro‘yxatga olishda muayyan talablarni hisobga olgan holda, aholiga murojaat qilinadigan savollar ro‘yxatini, ma’lumotlarni qayd etish, to‘plash, qayta ishlash, yakuniy ma’lumotlarni e’lon qilish tartiblarini o‘z ichiga oladi.
6. Aholining to‘liq qamrab olinishi. Aholini ro‘yxatga olishda kimdir unutib qoldirilishi yoki ikki marta ro‘yxatga olinishi hollari uchrasa ham, mavjud aholining ro‘yxatdan joy olinishini ta’minlash asosiy vazifa hisoblanadi.
7. Ma’lumotlarning maxfiyligi va shaxsiylashtirilishi. Aholini ro‘yxatga olishda individual asosda har bir shaxs to‘g‘risidagi yakka ma’lumotlar to‘planadi. Shu bilan birga, respondentlardan olingan ma’lumotlarning nomsizligi kafolatlanadi. Aholini ro‘yxatga olish varaqasidan faqat natijalarni umumlashtirish uchun foydalaniladi.
8. Shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar so‘ralayotgan (respondent)ning javoblari (kichik yoshdagilar uchun – ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosadigan shaxslarning) asosida qayd qilinadi va buni hujjat bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
Ko‘pgina mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish qonun bilan tartibga solinishi mustahkamlab qo‘yilgan.