Mamlakat fuqarolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar har qanday davlat milliy statistikasining muhim qismi sanaladi. Bunday ma’lumotlar ma’lum vaqt oralig‘ida aholini ro‘yxatga olish tadbirlari orqali to‘planadi. Ular nafaqat respublika, balki Yer yuzi aholisining soni, ijtimoiy holati, daromadlari kabi bir qancha muhim axborotlarni hisoblab borishga xizmat qiladi.
BMT dunyo mamlakatlariga fuqarolar bilan yuzaga keladigan bir qator ijtimoiy muammolarning yechimi hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlarning demografik ko‘rsatkichlar bilan mutanosib ravishda o‘sib borishini ta’minlash uchun har o‘n yilda kamida bir marotaba aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tavsiya etadi. Afsuski, yurtimizda mustaqillikdan so‘ng keng ko‘lamda aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilmagan.
Aholini ro‘yxatga olish mamlakat hududida millati, elatidan qat’iy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir bo‘lib, uning o‘tkazilishidan barchamiz, siyosiy qarashlarimiz va ijtimoiy mavqeimizdan qat’i nazar birdek manfaatdormiz. Boisi, mazkur yirik ijtimoiy tadbir orqali, birinchi navbatda, jami aholining soni, fuqaroligi, nikoh holati ya’ni rasmiy nikoh, norasmiy nikoh yoki erta nikoh, odamlarimizning ta’lim darajasi (o‘rta, o‘rta maxsus yoki oliy), yashash uchun daromad manbalari, uysizlar soni, uy xo‘jalinining yashash sharoitlari kabi bir qancha ko‘rsatkichlar bo‘yicha bugungi kunda yetarlicha mavjud bo‘lmagan ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Shaharcha, mahalla, qishloq va ovullar soni hamda ularning chegaralari, turar joylar soni, ulardagi mavjud shart-sharoitlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritiladi.
Nega 10 yilda bir marta?
Dunyo bo‘ylab ming yillar davomida o‘tkazib kelinayotgan aholini ro‘yxatga olish tadbiri ilk bor eramizdan avvalgi 3800 yillarda bobilliklar tomonidan o‘tkazilganiga tarixiy ishoralar bor. Har 6 yoki 7 yilda o‘tkazilgan bunday tadbirlarda aholi va chorva soni, meva-sabzavot, oziq-ovqat mahsulotlari miqdori hisobga olingani haqida tarixiy manbalarda ayrim ma’lumotlar saqlanib qolgan.
Qadimgi Misr, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya, Vavilon, Gretsiya va Yunoniston davlatlarida esa aholini ro‘yxatga olish tadbirlari soliq to‘lovchilar va harbiy xizmatga yaroqli aholi sonini bilish maqsadida o‘tkazilgan. Shuningdek, shaharlardagi yerlar va xo‘jaliklar, hunarmandchilik va savdo-sotiq hamda ular bilan birga aholini statistik hisobga olishning turli shakllari mavjud bo‘lgan.
Aholini muntazam ro‘yxatga olish tarixi 1790-yilga borib taqaladi. O‘shanda AQSHda, 1801-yilda esa bir vaqtning o‘zida Angliya, Shotlandiya, Fransiya, Daniya va Norvegiyada shunday tadbirlar o‘tkazilgan. Biroq ular hali mukammal bo‘lmagani holda, uzoq vaqt davomida aniq bir vaqtga bog‘liq bo‘lmagan, belgilangan qoidalarga amal qilinmagan tarzda olib borilgan.
1846-yilda yirik statistik olim Adolf Ketl (1796-1874) boshchiligida Belgiyada o‘tkazilgan ro‘yxatga olish birinchi chinakam ilmiy ro‘yxatga olish deya e’tirof etiladi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, ro‘yxatga olish muddati bir kunlik bo‘lib, haqiqatda mavjud aholi hisobga olingan. Mazkur ro‘yxatga olish tajribasidan keyinchalik, Yevropaning ko‘plab davlatlari foydalangan. 1870-1879 yillarda dunyo bo‘yicha atigi 48 ta davlatda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilgan bo‘lsa, XX asr oxiriga kelib, deyarli barcha davlatlar o‘z aholisini ro‘yxatga olishga kirishdi.
Bugungi kunda BMT dunyo mamlakatlarini har 10 yilda kamida bir marotaba o‘z aholisini ro‘yxatga olishga da’vat etadi. Shu vajdan, aksariyat mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish tadbiri har 10 yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Xo‘sh, nega aynan 10 yilda bir marta? Buning bir qancha sabablari bor, albatta. Avvalo, 10 yil ichida jamiyatda salmoqli o‘zgarishlar ro‘y beradi. Avvalgi ro‘yxatga olish usullari samaradorligi sezilarli darajada kamayishi sababli, so‘rovnomalar mazmuniga tuzatishlar, ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash usullariga zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda o‘zgartirishlar kiritish talab etiladi.
2015-yilda BMTning “2020-yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasi qabul qilinib, 2020 yil raundiga start berilgan edi. Bu raund 2015-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston ham o‘z aholisini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni rejalashtirgan davlatlar qatoridan joy oldi va dunyo xalqlari bo‘yicha 228 chi bo‘lib BMT tomonidan ro‘yxatga olindi. Biroq koronavirus pandemiyasining dunyo bo‘ylab keng tarqalishi ko‘plab holatlar singari aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish jarayonlariga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Aksariyat mamlakatlarda bu tadbirlarning muddati o‘zgartirildi.
Fuqarolarda davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatiga ta’sir etish imkoniyati vujudga keladi
Aholini ro‘yxatga olish, avvalo, davlat yoki hukumat emas, balki jamiyatning o‘zi uchun zarur bo‘lib, u vaqti-vaqti bilan o‘z-o‘zini ko‘zguda ko‘rish orqali rivojlanish natijalarini baholash imkoniyatidir. Ro‘yxatga olishda qatnashayotgan har bir fuqaro o‘zi haqidagi ma’lumotlarni taqdim eta turib, o‘zlari mansub bo‘lgan kishilar guruhiga tegishli ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.
Misol uchun, ishsizlarning so‘rovnomadagi javoblari mehnat bozorini o‘rganish va aynan kerakli joyda yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini bersa, bolalar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar maktab, maktabgacha ta’lim muassasalari va shu kabi muassasalar qurilishi rejalarini tuzishda qo‘l keladi. Yosh haqidagi ma’lumotlar pensiyaga chiqadiganlar soni, ularning pensiya to‘lovlari uchun zarur bo‘ladigan mablag‘larni jamg‘arib borish imkonini beradi. Har yili maktabgacha ta’lim, umumta’lim maktablari yoki oliy ta’limga qabul qilinadigan yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham xuddi shunday shakllanadi. Yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar esa har birimizning uyimizgacha keladigan yo‘llar qurilishi, kommunikatsiyalar bilan ta’minlashni rejalashtirish uchun zarur.
O‘zbekistonda axolini ro‘yxatga olish tarixi
Dunyodagi har bir mamlakat, o‘zining aholisi va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida muntazam ravishda aholini ro‘yxatga oladi. Ko‘pchilik mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish har besh yoki o‘n yilda amalga oshiriladi.
Hozir jahonning ko‘plab rivojlangan davlatlarida aholi o‘rtacha har o‘n yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Xalqaro amaliyot shunday! Bizda-chi? O‘zbekiston hududida ilk bor aholini ro‘yxatga olish tadbiri 1897-yilda amalga oshirilgan. Shundan so‘ng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980 yillarda aholi ro‘yxatga olingan. Ushbu tadbir so‘nggi bor 1989 yilda o‘tkazilib, o‘sha paytda respublikamiz aholisi 19,7 million kishini tashkil etgan.
Mamlakatimizda 1989-yildan keyin hali biror marta ham aholini ro‘yxatga olish ishlari bajarilmadi. Bu masalani roppa-rosa 30 yil ortga surib keldik. Shu tufayli demografik muammolarimiz qalashib ketdi. Odamlarning haqiqiy hayot tarzini o‘rganish va ularga amaliy yordam ko‘rsatishda qator qiyinchiliklar vujudga keldi.
Respublikamizda aholini ro‘yxatga olish bizga nima beradi?
Avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha aholi punktlari bo‘yicha), oilaviy ahvoli, ma’lumoti, kasbi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabilar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planadi.
Binobarin, mazkur ko‘rsatkichlar orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi. O‘z navbatida, yurtdoshlarimiz migratsiyasi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar shakllantiriladi.
Bundan tashqari, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyati kengayadi.
Aholi punktlari infratuzulmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish va samarali joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda bu ma’lumotlar nihoyatda qo‘l keladi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish natijasida milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tahlillari uchun keng qamrovli axborotlar manbai yaratiladi.