Aholini ro‘yxatga olish – bu faqatgina aholini sonini hisoblash emas, balki aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsifini aniqlovchi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, olingan ma’lumotlarni qayta ishlash va umumlashtirish, yakuniy ma’lumotlarni keng ommaga e’lon qilish va undan foydalanish jarayoni hisoblanadi.
Aholini ro‘yxatga olish O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari soni, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni va O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari soniga aniqlik kiritibgina qolmay aholi farovonligi to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlar, uzoq muddatli prognozlar va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadli dasturlarini, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlarini ishlab chiqish, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan foydalanish jarayonlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun muhim poydevor hisoblanadi.
Yuqoridagi zarur omillarni hamda mustaqillikka erishilgan yildan buyon mamlakatimizda aholini ro‘yxatga olish ishlari butun mamlakat miqyosida amalga oshirilmaganligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ijtimoiy va iqtisodiy komissiyasining 2015 yil 10 iyundagi “2015-2024 yillar oralig‘ida kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risida” rezolyutsiyalarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi PF-5655-son Farmoni va O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 16 mart kuni “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘RQ-611-son Qonuni qabul qilindi va mamlakat bo‘ylab aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha tashkiliy ishlar boshlandi.
PF-5655-sonli Prezidenti Farmonga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalarning asosiy vazifalari belgilab o‘tildi.
Ro‘yxatga olish qanday amalga oshiriladi?
Mazkur jarayon uch bosqichni qamrab oladi. Birinchisi – tayyorgarlik bosqichi. Bu uch yilga yaqin vaqt davom etadi.
Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala, aholini ro‘yxatga olish jarayonlarida faol ishtirok etishi bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda aholini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq hujjatlar, jumladan, ro‘yxatga olish varaqalari, ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish, uning natijalarini olish va e’lon qilish metodologiyasini ishlab chiqish hamda boshqa shu kabi tadbirlar amalga oshiriladi.
Ikkinchisi – asosiy bosqich. Bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi. Mazkur jarayon taxminan ikki oy davom etadi.
Mamlakatimizda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbiri an’anaviy usulda, ya’ni ro‘yxatga oluvchi shaxslar tomonidan hududlarda uyma-uy yurgan holda, yuzma-yuz suhbat asosida, qog‘oz shaklidagi ro‘yxatga olish varaqalarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, Internet tarmog‘i orqali aholini ro‘yxatga olish imkoniyati ham yaratiladi, ya’ni hoxlovchilar o‘zlari uylaridan yoki masofadan turib, maxsus dastur orqali savolnoma varaqalarini to‘ldirgan holda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
Qariyb uch yil cho‘ziladigan so‘nggi bosqichda esa olingan ma’lumotlar kodlashtirish yordamida tahlil etilib, natijalar rasman e’lon qilinadi. Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik ma’lumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi.
Amaldagi me’yoriy hujjatlarga binoan, yakuniy ma’lumotlar uch tilda (o‘zbek, rus va ingliz tillarida) e’lon qilinishi belgilangan.
Chora-tadbirlar dasturiga asosan aholini ro‘yxatga olishning dastlabki va yakuniy ma’lumotlari arxivda saqlash uchun tayyorlanadi
Shaxsga doir ma’lumotlarni qanday olinadi?
Aholini ro‘yxatga olishda shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish respondentlar yashaydigan turar joy va noturar joylarga, binolarga tashrif buyurgan holda uyma-uy yurib so‘rov o‘tkazish orqali amalga oshiriladigan jarayon bo‘lib, ro‘yxatga olishda “Ro‘yxatga olish varag‘i” ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiriladi. Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish davrida yashash joyida hozir bo‘lmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar mazkur uy xo‘jaligining voyaga yetgan a’zolari tomonidan ma’lum qilinadi. O‘ziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ularning vasiylari yoxud homiylari tomonidan ma’lum qilinadi. Yashab turgan xonadonida ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlar uchun ro‘yxatga olish so‘rovnomalarini to‘ldirish tuman hokimliklar tomonidan ajratilgan bino yoki xonalarda joylashgan statsionar uchastkalarda amalga oshiriladi. Respondent ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda, ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi. Gapirishi va eshitishida nuqsoni bo‘lgan fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini yig‘ish tegishli hudud bo‘yicha nogironlik jamiyatlarining xodimlari yoki ushbu shaxslar bilan muomala qilish imkoniyati mavjud bo‘lgan shaxslar ko‘magida amalga oshiriladi.
Respublikamizda aholini ro‘yxatga olish bizga nima beradi?
Avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha aholi punktlari bo‘yicha), oilaviy ahvoli, ma’lumoti, kasbi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabilar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planadi.
Binobarin, mazkur ko‘rsatkichlar orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi. O‘z navbatida, yurtdoshlarimiz migratsiyasi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar shakllantiriladi.
Bundan tashqari, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyati kengayadi.
Aholi punktlari infratuzulmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish va samarali joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda bu ma’ulotlar nihoyatda qo‘l keladi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish natijasida milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tahlillari uchun keng qamrovli axborotlar manbai yaratiladi.
Aholini ro‘yxatga olish nima uchan kerak!
Tasavvur qiling, xonadoningizda 10 kishi yashaydi. Demak, bozor-o‘char qilishda ular sonini hisobga olasiz. Falon kilo go‘sht, falon litr yog‘, falon kilo un, qanchadir guruch va hokazo... Xonadon bekasi ana shu noz-ne’matlarni pishirib, dasturxonga tortishda ham, tabiiyki, uydagi odamlar sonini inobatga oladi: 10 kosada taom keltiradi. Faqat xonadon a’zolari yoshi, xohishi va ta’bidan kelib chiqqan holda ovqat kimgadir kattaroq kosada, kimgadir kichikroq idishda, kimgadir yog‘sizroq, kimgadir sergo‘shtroq qilib suziladi. Oilangizdagilar uchun kiyim-kechak xarid qilishda ham xuddi shunday yo‘l tutasiz. O‘g‘lingiz yo qizingizni biror to‘garakka bermoqchisiz? Bu o‘rinda uning qiziqishi, qobiliyati, salohiyati, imkoniyatini hisobga olasiz!
Endi savol tug‘iladi: qanday qilib bu borada to‘g‘ri va oqilona qaror qilishga erishyapsiz? Javob aniq: chunki sizda oila a’zolaringizning har biri haqida aniq va to‘liq ma’lumotlar bazasi bor!
Aholini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq chora-tadbirlar zururatini ana shunga qiyoslash mumkin. Masalan, Qoraqalpog‘istonda xonadonlar issiq bo‘lishi, odamlar qora qozoni qishin-yozin qaynab turishi uchun necha ming tonna ko‘mir, qancha saksovul, necha ming kub metr gaz gaz kerak? Buxoroda-chi? Xorazmda necha kishi ishsiz? Surxondaryoda yana nechta ta’lim muassasasi qurish lozim? Farg‘onada nechta oila uy-joyga muhtoj? Samarqandda qancha tug‘uruq yoshidagi ayol bor va mavjud tug‘ruqxonalardagi o‘rinlar soni ana shu ko‘rsatkichga mutanosibmi? Sirdaryoda aholi xonadonlari asosan qaysi yillarda qurilgan? Surxondaryoda chiroq o‘chmasligi uchun bir oyda qancha elektr energiyasi ishlab chiqarish zarur? Andijonda nechta oila bitta xonadonda istiqomat qiladi? Toshkent shahrida aslida qancha kishi istiqomat qiladi?...
Ko‘ryapsizmi, aholini ro‘yxatga olish, ya’ni birgina shu amaliyot bilan qanchadan-qancha savollarga javob, qanchadan-qancha muammolarga yechim topish mumkin!
Biroq yuzaki va taxminiy ko‘rsatkichlar bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Reja va dasturlarning manzilliligi, islohotlarning samaradorligi bu boradagi ma’lumotlarning aniq va ishonchliligiga bog‘liq. Shu bois ham donolarimiz azaldan yetti o‘lchab bir kesmoqni nasihat qilib keladi.