Aholini ro‘yxatga olish dasturi aholiga yo‘naltirilgan savollar ro‘yxatidir. Dastur savollariga javoblarning jamlanmasi aholini ro‘yxatga olish ko‘zda tutgan aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tashkil etadi. Odatda aholini ro‘yxatga olish dasturining savollari ushbu maqsad uchun maxsus tayyorlangan, aholidan olingan javoblarni hisoblab chiqish usuliga bog‘liq ravishda shakli turlicha blanklarda qayd etiladi. Bu blanklar ro‘yxatli (ya’ni, bir necha kishiga mo‘ljallangan) yoki shaxsiy (bir kishiga mo‘ljallangan) bo‘lishi mumkin. Aholini ro‘yxatga olish dasturi muayyan qoidalar bo‘yicha va ko‘pchiligi har qanday sotsiologik tadqiqotlarga odatiy bo‘lgan muayyan talablar hisobga olingan holda tuziladi. Dasturdagi savollarning bir qismi aholining ijtimoiy-iqtisodiy va demografik xususiyatlari tarkibida ro‘y bergan o‘zgarishlarni aniqlash uchun avvalgi aholini ro‘yxatga olishda qayd etilganlarga mazmuni va tahriri bo‘yicha aniq mos bo‘lishi maqsadga muvofiq (lekin, shart emas). Shu bilan birga, aholiga oid xalqaro ma’lumotlar kabi ma’lumotlarni olish uchun aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha xalqaro tavsiyalarni ham hisobga olish lozim. Xalqaro tavsiyalarga muvofiq, aholini ro‘yxatga olish dasturiga kiritilgan savollar respondentlar (ya’ni, so‘ralayotgan shaxslar) ularga to‘g‘ri javob bera olishlari hisobga olingan holda tuzilishi kerak. Boshqacha aytganda, savollar so‘ralayotganlarning aksariyat ko‘pchiligi uchun murakkab bo‘lmasligi va aholini ro‘yxatga olish tadbirini barbod qilmaslik uchun ularda qo‘rqinch uyg‘otmasligi lozim. Shu bilan bir qatorda savollar aholi savodxonligining umumiy darajasi, milliy xususiyatlar, shu jumladan, urf-odatlarni ham hisobga olgan bo‘lishi kerak.
Аholini ro‘yxatga olishning maqsadi va vazifalari.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida yahlit va har bir maʼmuriy-hududiy birlik boʻyicha aniq bir vaqtda yashovchi shaxslarning turli tavsiflari toʻgʻrisida xalqaro taqqoslana oladigan ishonchli, xolis va yaxlit maʼlumotlarni yagona statistik uslublar asosida yigʻish aholini roʻyxatga olishning maqsadi hisoblanadi. Quyidagilar aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishning asosiy vazifalari hisoblanadi: aholi tarkibidagi global oʻzgarishlarni baholash, demografik siyosatni, aholi sogʻliqini mustahkamlash, ayollar va bolalar ahvolini yaxshilash va oilalarga yordam koʻrsatish chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun axborotlar bazasini kengaytirish; aholi punktlari va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, mehnat resurslaridan foydalanish va ularni joylashtirish boʻyicha qisqa, oʻrta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlar tayyorlash va indikativ rejalashtirish; milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini shakllantirish va uning amalga oshirilishi ustidan monitoring oʻtkazish; aholini roʻyxatga olish davrlari oraligʻida aholi soni va tarkibining joriy hisobini yuritish, aholi sonining hisobi va prognozlarini amalga oshirish uchun statistik bazani yaratish; ijtimoiy-iqtisodiy muammolar boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.
18/12/2023