11/10/2024

Joriy yilning 11- oktabr kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida "Huquqiy bilimlarni mustahkamlash" mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.

Mazkur o'quv seminarida Statistika boshqarmasi bosh yuriskonsulti Bohodir Ismatullayev tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 16.07.2024-yildagi “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-257-son Qarori mazmun-mohiyati haqida boshqarma xodimlariga maʼlumot berdi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan 2024-yil 1-sentabrdan boshlab Toshkent shahri va Navoiy viloyatining tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida, 2025-yil 1-sentabrga qadar respublikaning qolgan hududlarida fuqarolarga nogironlikni belgilash bo‘yicha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratilishi, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi ko‘rigi uchun fuqarolarning tibbiy hujjatlarini yo‘llash oilaviy shifokorlar tomonidan elektron tarzda amalga oshirilishi, bunda vrachlik-maslahat komissiyalari oilaviy shifokorlar tomonidan tibbiy hujjatlar o‘z vaqtida to‘g‘ri rasmiylashtirilgan holda yuborilishiga uslubiy ko‘maklashishi, 2024-yil 1-oktabrdan boshlab ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlar tomonidan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlik tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan belgilanishi haqida tushunchalar berildi.

Seminar davomida 2025-yil 1-apreldan boshlab fuqarolarni TIEK ko‘rigiga yo‘llash uchun lozim bo‘lgan amaldagi davolanish muddatlari bo‘yicha talab bekor qilinishi hamda har bir kasallikning kechishi va turidan kelib chiqib alohida belgilanishi, TIEK tomonidan kasbga, sportga va ta’limga tavsiya berish tartibi bekor qilinishi va TIEKning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasining muddatini uzaytirish hamda maxsus jihozlangan transport vositasini boshqarish layoqatini belgilashga oid funksiyalari davlat tibbiyot muassasalariga o‘tkazilishi orqali tugatilishi, 18 yoshdan katta shaxslarga nogironlikni belgilashda shaxsning klinik-funksional buzilishlarining tavsifidan kelib chiqib nogironlikning muddati, sababi, tibbiy reabilitatsiya tadbirlari, shuningdek, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalariga muhtojligiga oid ma’lumotlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida shakllantirilishi, 2025-yil 1-sentabrdan boshlab tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan faqat tibbiy hujjatlarga asosan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlikni shaxs sog‘lig‘ining holati va funksionallikni baholash natijalaridan kelib chiqib elektron tarzda belgilash tartibi yo‘lga qo‘yilishi haqida ham ma’lumotlar berildi.