Toshkent shahrida 16-iyul kuni “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining tashqi ishlar vazirlari, jami 44 ta mamlakat va 30 ga yaqin xalqaro tashkilot delegatsiyalari, nufuzli xorijiy ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ochib, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, uni bugungi kunda o‘zaro ishonch va manfaatdorlik asosida mustahkamlashning ahamiyati haqida nutq so‘zladi.
Markaziy va Janubiy Osiyo azaldan bir-birining madaniyatini boyitgan. Buyuk ipak yo‘li hamda Hind-gang yo‘li orqali mahsulotlar, bilim, hunar va qadriyatlar tarqalgan. Ko‘pincha bu mintaqalar yaxlit davlat tarkibida ham bo‘lgan. Baqtriya va Kushon imperiyasi, Turk hoqonligi, G‘aznaviylar, Temuriylar va Boburiylar davlati bunga yaqqol misoldir.
Afsuski, 19-asrga kelib, bunday yaqinlik va bog‘liqlikka putur yetdi. Chegaralar paydo bo‘lib, hamkorlik o‘rnini turli qarama-qarshilik, ishonchsizlik egalladi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida tarixiy aloqalarni tiklash muhimligini, sa’y-harakatlarni birlashtirish fursati kelganini ta’kidladi.
– Bugun dunyo ham tahdidlar, ham yangi imkoniyatlarni o‘zida tutgan global geosiyosiy transformatsiyalar davriga qadam bosdi. Bunday sharoitda 2 milliarddan ziyod odam yashayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarning qayta tiklanishi yanada muhim va ob’ektiv jarayonga aylanib bormoqda. Xalqlarimizning ulkan tarixiy, ilmiy va ma’naviy-madaniy merosidan, iqtisodiyotlarimizning bir-birini to‘ldirib turishidan, intellektual salohiyat va mehnat resurslarining borligidan kelib chiqib, birgalikdagi sa’y-harakatlarni birlashtirish fursati keldi, deb o‘ylayman va bu, shubhasiz, katta manfaat keltiradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Haqiqatan ham, tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchning mustahkamlanishi, hamkorlikning rivojlanishi, ochiq va amaliy siyosat yo‘lga qo‘yilishi Markaziy va Janubiy Osiyodagi barcha davlatlarning manfaatiga to‘g‘ri keladi.
Prezidentimiz nutqida shu maqsadlarga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
→Batafsil president.uz saytida.