03/11/2021

Ma’lumki, “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasi sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish belgilangan bo‘lib, sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi deb ko‘rsatilgan.
Shunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qaroriga asosan 2021- yil 1-25 noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish belgilandi.
Mazkur qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom, O’zbekiston Respublikasida 2021- yilda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish dasturi, O’zbekiston Respublikasida 2021- yilda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish varag‘i shakllari, Aholini ro‘yxatga olish jarayonlariga jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etish va ularga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom va O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish hamda natijalarini e’lon qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasida 2021- yilda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish varag‘i shakllari beshta shakldan iborat bo‘lib, ya’ni quyidagilar:
1-shakl. “Turar joyning xususiyatlari va unda yashovchilar ro‘yxati”. Ushbu shakl Turar joy xususiyatlari bo‘limi, Uy xo‘jaligi a’zolari uzoq vaqt foydalanadigan vositalar bilan ta’minlanganligi haqidagi bo‘lim va Ushbu joyda yashovchi uy xo‘jaliklari soni va uy xo‘jaligi a’zolari ro‘yxati to‘g‘risida bo‘limlardan tashkil topgan;
2-shakl. “Shaxsga oid savolnoma”. Ushbu shaklga asosiy demografik ko‘rsatkichlarga tegishli savollar, aholining milliy xususiyatlari va fuqaroligiga tegishli savollar, aholining ta’lim darajasiga tegishli savollar, uy xo‘jaligi a’zolarining iqtisodiy holatiga tegishli savollar,aholining bandligiga tegishli savollar va bolalar soniga tegishli savollar kiritilgan;
3-shakl. “O‘zbekiston Respublikasiga vaqtincha kelgan chet el fuqarolari uchun savolnoma”. Ushbu shaklda O‘zbekiston Respublikasiga vaqtincha kelgan xorijiy davlatlar fuqarolari
va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar to‘g‘risidagi shaxsga oid ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha savollar kiritilgan.
4-shakl. “Aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha savolnoma”. Ushbu shakl maxsus muassasa va tashkilotlarda ro‘yxatga olinadigan respondentlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, savolnomada ushbu muassasada yashovchilarning asosiy malumotlari ro‘yxati yoziladi va shu bilan birgalikda har bir shaxs uchun 2-shakl ham to‘ldiriladi.
5-shakl. “Vaqtincha turgan joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun nazorat varaqasi”.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari doimiy yashash joyidan boshqa joyda vaqtinchlaik bo‘lib turganlarida, ushbu ikki manzilda ham ro‘yxatga olinib aholi soni sun’iy ravishda oshib ketmasligi, ya’ni bir shaxsni ikki marotaba aholi soniga qo‘shib yuborishning oldini olish maqsadida nazorat varaqasi ishlab chiqilgan.

Namangan shahar statistika bo'limi