Aholini ro‘yxatga olish ishlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish quyidagi organlar tomonidan amalga oshiriladi:
2023-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — respublika komissiyasi);
2023-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalar (keyingi o‘rinlarda — hududiy komissiyalar);
davlat statistika organlari;
tegishli vazirliklar va idoralar.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita) O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.
- Qo‘mita aholini ro‘yxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi sifatida quyidagilarni amalga oshiradi:
aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha metodika va qo‘llanma materiallar tayyorlaydi hamda belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
aholini ro‘yxatga olish hujjatlari shakllarini, ro‘yxatga oluvchi xodimlar guvohnomasi shaklini ishlab chiqadi;
aholini ro‘yxatga olish varag‘idagi ma’lumotlarni kiritish, qayta ishlash va yakuniy ma’lumotlarni o‘z vaqtida olish bo‘yicha avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqilishini tashkil qiladi;
aholini ro‘yxatga olish hujjatlarini chop etish, moddiy-texnik ta’minot vositalarini tayyorlash (sotib olish) va ularni o‘z vaqtida hududlarga yetkazib berish ishlarini tashkil etadi;
aholini ro‘yxatga oluvchi xodimlarni tanlab olish va o‘qitish tartibini belgilaydi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda — hududiy statistika boshqarmalari) xodimlarini o‘qitishni tashkil etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda aholini ro‘yxatga olishda foydalaniladigan kartografik materiallarni tayyorlash bo‘yicha texnik shartlarni ishlab chiqadi;
aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish hamda ma’lumotlarni kiritish va qayta ishlash uchun vaqtinchalik binolarni ajratish bo‘yicha qo‘llanmani ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
aholini ro‘yxatga olish varag‘i shakllari tayyorlanishini va hududlarga yetkazilishini ta’minlaydi;
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda 2023-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish haqida aholini xabardor qilish ishlarini (shu jumladan, SMS-xabarnoma, audio va video reklama materiallari, nashrlar va boshqalar) muvofiqlashtiradi;
aholini ro‘yxatga olish jarayonlari hududiy komissiyalar bilan birgalikda sifatli o‘tkazilishini tashkil etishga ko‘maklashadi;
shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish tartibini belgilaydi va ularga ishlov berishni amalga oshiradi.
- O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasida belgilangan aholining ayrim toifalarini ro‘yxatga olish ishlarini tashkil etadi.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari:
ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarini hisobga olib aholi punktlarida yashovchi aholi sonini ko‘rsatgan holda aholi punktlarining to‘liq ro‘yxati tuzilishini ta’minlaydi;
hududlarni aholi sonidan kelib chiqib belgilangan tartibda ro‘yxatga olish, instruktorlik va hisob uchastkalariga bo‘linishini ta’minlaydi hamda ularning faoliyatini tashkil etadi;
ma’muriy-hududiy birliklarda ko‘chalarning nomlari, uylar va kvartiralarning raqamlari ko‘rsatilgan ko‘rsatkichlar bo‘lishini ta’minlaydi;
jalb etilgan ro‘yxatga oluvchi xodimlar tarkibini tasdiqlaydi;
aholini ro‘yxatga oluvchi xodimlarni tanlab olish va o‘qitishni tashkil etadi;
aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga jalb etilgan shaxslarning o‘qishi va ishlashi uchun yaroqli bo‘lgan mebellar va aloqa vositalari bilan jihozlangan vaqtinchalik binolar yoki xonalar ajratilishini ta’minlaydi;
aholini ro‘yxatga olish varag‘i shakllari va boshqa hujjatlarni vaqtinchalik saqlash uchun qo‘riqlanadigan binolar yoki xonalar ajratilishini ta’minlaydi;
zarur transport va aloqa vositalari taqdim etilishini ta’minlaydi;
aholini ro‘yxatga olishni sifatli o‘tkazishni ta’minlaydi;
aholini ro‘yxatga olish yakuni bo‘yicha belgilangan tartibda aholini ro‘yxatga olish varag‘i shakllari va tegishli hujjatlarning birlamchi ma’lumotlari elektron bazaga kiritish uchun topshirilishini ta’minlaydi;
aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ishlarning muvofiqlashtirilishini tashkil etadi.
- O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya:
aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga jalb etilgan shaxslarning xavfsizligini;
jinoyatchilik ko‘p uchraydigan hududlar va tarbiyasi og‘ir oilalar ro‘yxatlari shakllantirilishini;
o‘z xodimlarining ro‘yxatga oluvchi xodimlar bilan birgalikda ro‘yxatga olish jarayonida ishtirok etishini;
aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida hududlarda tinchlik va osoyishtalikni, jamoat tartibini, fuqarolar xavfsizligini ta’minlaydi.
- Zarur hollarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish doirasidagi ayrim ishlar va tadbirlarni bajarishga ko‘maklashish uchun boshqa vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlari qo‘shimcha ravishda jalb etilishi mumkin.
- Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.
Moliyalashtirish uchun zarur mablag‘lar hisob-kitoblari Qo‘mita, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va boshqa mas’ul idoralar tomonidan tayyorlanadi.
Davlatobod tumani statistika bo'limi