Joriy yilning 1- dekabr kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasi binosida “Korrupsiya-rivojlanishimizga to‘siq” mavzusida seminar bo'lib o'tdi. Seminarda viloyat IIB O’MIB katta tergovchisi I. Xo‘janov, Namangan viloyat IIB JQB katta tezkor vakili M. Abdullayev, viloyat statistika boshqarmasi rahbariyati hamda xodimlari istirok etishdi.
Seminarni Namangan viloyat statistika boshqarmasi boshligʼi S. Melixujayev kirish soʼzi bilan ochib, unda “Korrupsiya-rivojlanishimizga to‘siq” mavzusida maʼruza qilish uchun soʼzni Namangan viloyat IIB Tergov boshqarma katta tergovchisi mayor I. Xo‘janovga berdi.
I. Xo‘janov respublikamizda ayni vaqtda korrupsiya illatiga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelinayotganligini, chunki poraxo‘rlik - hokimiyat va boshqaruv asoslarini yemiradigan, uning aholi oldidagi obro‘siga putur yetkazadigan, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga putur yetkazadigan jinoyatlardan biriligini, korrupsiya bor joyda davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy putur yetishini, davlatning qonun ustuvorligini zaiflashtirib yuborishini, buning natijasida esa inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, korrupsiya holatini sodir etish, unda ishtirok etish og‘ir jinoyat hisoblanishligini, xususan Jinoyat kodeksining 210-212-moddalarida bu qat’iy belgilanib o‘tilganligini, jumladan ushbu kodeksining 210-moddasi pora olish, 211-moddasi pora berish va 212-moddasi esa pora olish-berishda ishtirok etish bo‘lib, korrupsion jinoyatni sodir qilgan shaxslar ushbu moddalar bilan jinoiy javobgarlikka tortilishini va jazo muqarrarligi ta’minlanishini, ko‘rsatib o‘tilgan holatlarda ya’ni pora berish jinoyati haqida shaxs 30 kun ichida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ariza bilan murojaat etgan taqdirda jinoiy javobgarlikdan ozod etilishini ham tushuntirib o‘tdi va bu borada korrupsion jinoyatlar sodir etilishi bilan bog‘liq bir qator misollarni keltirib o‘tdi.
Jumladan, viloyat ichki ishlar boshqarmasi tergov boshqarmasi tomonidan ham ushbu turdagi jinoyatlar bilan bog‘liq bir qator ishlar tergov qilinib, sud muhokamasiga yuborilganligini va jazo muqarrarligi ta’minlanganligini hamda jinoyatning kelib chiqishi, sodir etilishiga shart-sharoit yaratib berilgan holatlarni bartaraf qilish, kelgusida bu kabi jinoyatlarga yo‘l qo‘ymaslik borasida ish va yashash joylariga taqdimnomalar chiqarilib, muhokama etilayotganligini aytib o‘tdi.
Shuningdek, so‘zga viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi katta tezkor vakili mayor M. K.Abdullayev ham so‘zga chiqib, ma’ruzasida korrupsiyaning kelib chiqishiga aholining qonun va uning mazmun-mohiyatini bilmasligi yoki tushunmasligi, ayrim rahbarlarning mansab vakolatidan foydalanib kelishi kabi holatlar uning sabablaridan ekanligini, korrupsiyaga yo‘l qo‘yilishi oqibatida budjet mablag‘larini asossiz ravishda talon-toroj qilinishi yoki byurokratik to‘siqlar tufayli davlat tashkilotlarida samarali ish unumi yo‘qotilishi, tadbirkorlikning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatilishi, jamiyatda tengsizlik, nohaqlik, halqning davlat idoralariga ishonchsizligi kuchayib borishini tushuntirib o‘tdi. Seminar davomida viloyat IIB JQB xodimi M.K.Abdullayev korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun hozirda bir qator samarali ishlar olib borilayotganligini, xususan, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida doimiy ravishda profilaktik ishlar bilan bir qatorda qat’iy choralar ko‘rib kelinayotganligini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir davomida berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Matbuot xizmati