O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 5-6 dekabr kunlari davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘ldi.
O‘zbekiston mustaqillikning ilk kunlaridan Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Qozog‘iston bilan o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidan bordi. Xalqlarimiz nafaqat yaqin qo‘shni, balki qardosh sifatida ko‘p qirrali hamkorlikning barcha masalalari bo‘yicha azaldan bir-birlarini tushunib, qo‘llab-quvvatlab kelgan. O‘tgan yillar davomida bu aloqalar yanada mustahkamlandi, mamlakatlarimiz yaxshi qo‘shni va o‘zaro manfaatli hamkor sifatida taraqqiyot yo‘lidan yelkama-yelka bormoqda.
Tashrifning asosiy tadbirlari 6 dekabr kuni bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kuni Nur-Sulton shahridagi "Otan korg‘aushilar" ("Vatan himoyachilari”) monumentiga gul qo‘ydi.
Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat madhiyalari yangradi.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev faxriy qorovul oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdilar.
So‘ng davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Samimiyat va ishonch ruhida o‘tgan uchrashuvda yetakchilar ko‘p qirrali O‘zbekiston – Qozog‘iston sherikligiga doir keng ko‘lamli masalalarni, shu jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni ko‘rib chiqdilar, xalqaro va mintaqa kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar.
Qozog‘iston Prezidenti davlatimiz rahbarini tashrifi bilan qutlab, Prezident saylovida ishonchli g‘alaba qozongani bilan yana bir bor tabrikladi va kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi, ushbu uchrashuvning muhim ahamiyatini alohida qayd etdi.
– Siz Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan kelganingizdan juda mamnunmiz. Hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishda ushbu voqea juda muhim. Bugun imzolanadigan hujjatlar sherikligimizga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydi. Mamlakatlarimiz hukumatlariga belgilangan maqsadlarga erishish uchun sa’y-harakatlarni jadallashtirish topshirig‘ini berdik. O‘ylaymizki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi, – dedi Qosim-Jomart Toqayev.
Prezidentimiz taklif uchun minnatdorlik bildirib, ushbu uchrashuv Qozog‘iston mustaqilligining 30 yilligi arafasida o‘tayotganini ta’kidladi hamda O‘zbekiston xalqi nomidan birodar qozoq xalqini ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy tabrikladi, tinchlik-osoyishtalik, ravnaq va yangi zafarlar tiladi.
Birinchi Prezident – Elboshi Nursulton Nazarboyev boshlagan katta bunyodkorlik ishlari bugungi kunda Qosim-Jomart Toqayev rahbarligida davom ettirilayotgani va Qozog‘iston barqaror taraqqiyot yo‘lidan dadil borayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi ikki birodar davlat o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining rivojlanish sur’atini mamnuniyat bilan qayd etdi.
– O‘zbekiston va Qozog‘iston – tabiiy iqtisodiy hamkorlar. Iqtisodiyotlarimiz raqobat qilmaydi, bir-birini to‘ldirib turadi. O‘zaro savdo ortmoqda. Joriy yilda tovar ayirboshlash rekord daraja – 4 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Avtomobilda va temir yo‘llari orqali yuk tashish hajmlari oshmoqda. Aviaqatnovlar to‘liq qayta tiklandi, yangi yo‘nalishlar ochilmoqda. Yetakchi korxonalarimiz kooperatsiyani muvaffaqiyatli kengaytirmoqda. Keyingi yillarda iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida qo‘shma korxona va loyihalar soni 6 barobarga oshdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanib borayotgani, bunda mamlakatlarimiz hududlari va tadbirkorlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar muhim o‘rin tutayotgani alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidentining tashrifi arafasida Turkiston shahrida Bosh vazirlar raisligida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va Hududlar forumi o‘tdi. Kuni kecha Qozog‘iston poytaxtida qo‘shma biznes-forum muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar natijasida jami 6 milliard dollarlik kelishuv va shartnomalar imzolandi.
Keyingi yillarda qo‘shma korxonalar soni 6 barobarga oshdi. Kostanayda avtomobil, avtobus va qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Turkiston va Chimkentda zamonaviy to‘qimachilik va maishiy texnika korxonalari ishga tushirildi. O‘zbekistonda qozog‘istonlik hamkorlar bilan birgalikda energetika, sanoat, kimyo, oziq-ovqat tarmoqlari, qurilish sohasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Pandemiya davrida birodar xalqlarimiz bir-biriga yordam berib keldilar.
Gumanitar sohadagi hamkorlik faol rivojlanmoqda. Qayta tiklangan Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida Qozoq kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Shu hafta Qozog‘iston poytaxtida O‘zbek kinosi kunlari bo‘lib o‘tadi.
Mintaqa davlatlari rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlari o‘z samarasini ko‘rsatdi. Ochiq va ishonchli muloqot uchun noyob maydon shakllandi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston BMT, MDH, SHHT, IHT, Turkiy tilli davlatlar tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida ham faol hamkorlik qilmoqda.
– Bugun ikki tomonlama strategik sherikligimizni ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘tarish to‘g‘risida tarixiy qaror qabul qilamiz. Bu nafaqat mamlakatlarimiz, balki butun mintaqaning izchil taraqqiyoti, barqarorligi va ravnaqi uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘ladi, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Yetakchilar mintaqa va xalqaro kun tartibining tomonlarni qiziqtirgan dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Uchrashuvda davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishi qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom etdi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston strategik sherikligi va ko‘p qirrali hamkorligini yanada mustahkamlashning istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, tranzit va logistika, energetika, suv va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi qo‘shma sa’y-harakatlarni faollashtirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi. Hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlarni jadallashtirish choralari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, global va mintaqa kun tartibida turgan hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.
Prezidentimiz O‘zbekiston xalqlarimiz o‘rtasidagi samimiy birodarlik munosabatlarini yuksak qadrlashini ta’kidladi.
– Bugun tarixiy qaror qabul qilyapmiz, hamkorligimizni ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘taryapmiz. Ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va keng ko‘lamli sheriklikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi intilishimiz qat’iy. Buning uchun barcha imkoniyat va resurslarni ishga solamiz. Maqsadimiz – birodar xalqlarimizning ko‘p qirrali hamkorligini aniq mazmun bilan boyitish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ikki mamlakat yetakchilari strategik sheriklikni yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasining Davlatlararo Oliy Kengashi, Parlamentlararo hamkorlik kengashi va Tashqi ishlar vazirlari kengashini ta’sis etishga kelishib oldilar.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning yangi “o‘sish nuqtalari”, ustuvor yo‘nalishlari va muhim vazifalari belgilab olindi.
Uchinchi mamlakatlardan import qilinayotgan mahsulotlar o‘rnini bosish orqali zarur mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish nomenklaturasi va hajmini salmoqli darajada kengaytirish uchun katta salohiyat mavjud. Tovar ayirboshlash miqdori jadal sur’atda oshayotgani ham buning tasdig‘idir.
Tomonlar iqtisodiyotning turli sohalarida yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish orqali o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar. Investitsiyalarni jalb qilish, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, energetika, farmatsevtika, qurilish sohalari ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha aniq loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda muvaffaqiyatli loyihalar ko‘p. Endilikda qurilish, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va boshqa ustuvor sohalarda yangi yirik loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Xususan, kuni kecha ishbilarmon doiralar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirlarda umumiy qiymati ikki milliard dollardan ziyod istiqbolli investitsiya loyihalari tayyorlandi.
Bu boradagi sa’y-harakatlarga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlash maqsadida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma xalqaro markaz tashkil etiladi.
Hududlararo aloqalar hamkorlikni kengaytirishda drayver bo‘lib xizmat qilmoqda. Jumladan, yaqinda o‘tgan Hududlar forumi natijasida qator kelishuv va savdo shartnomalari imzolandi.
Ikki mamlakatning chegaraoldi hududlariga o‘zaro mahsulot yetkazib berish va yangi kooperatsiya loyihalarini ishlab chiqishda yanada yaqindan hamkorlik qilishga topshiriq berildi.
Transport sohasi muhim yo‘nalish sifatida belgilab olindi. Avtomobilda va temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi ortib bormoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlar to‘liq tiklandi, yangi yo‘nalishlar ochildi.
O‘zbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz va uchinchi davlatlar bozorlariga chiqishni ta’minlaydigan yangi yo‘laklarni shakllantirish muhim ekanini qayd etdi. Yetakchilar “Uchquduq – Qizilo‘rda” temir va avtomobil yo‘lini hamda “Turkiston – Chimkent – Toshkent” yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan temir yo‘l qurilishi loyihalarini jadallashtirishga kelishib oldilar.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Shu maqsadda o‘zaro manfaatli hamkorlikning barqaror, uzoq muddatli mexanizmlarini ishlab chiqish va ikki mamlakat o‘rtasida suv munosabatlarining barcha yo‘nalishlariga oid takliflar tayyorlash bo‘yicha Ishchi guruh faoliyatini davom ettirishga kelishib olindi. Suv tejaydigan yangi texnologiyalarni jadal joriy etish bo‘yicha birgalikda amaliy ishlash, Orolbo‘yida daraxtzorlar barpo etish borasida qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida o‘zaro manfaatlar va mintaqaviy yaqinlashuv g‘oyalarini ilgari surgan holda tashqi siyosat sohasida yaqindan hamkorlik qilish istagini bildirdilar. Prezidentlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatini ishtirokchi davlatlar manfaatlariga qat’iy hurmat asosida mavjud salohiyatlardan maksimal darajada to‘liq foydalanish maqsadida takomillashtirish yo‘lida ish olib borishga kelishib oldilar.
Gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, turizm va sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.
Qozog‘iston Prezidenti xalqlarimizning ma’naviy yaqinligi va ko‘p asrlik do‘stligi ramzi sifatida Nur-Sulton shahrida Alisher Navoiy haykali o‘rnatilishini ta’kidladi.
Samarali muzokaralardan so‘ng hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Qosim-Jomart Toqayev O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaga imzo chekdilar. Hujjatda qardosh xalqlarimizning hayotiy muhim va uzoq muddatli milliy manfaatlari, ko‘p qirrali sheriklik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadi o‘z ifodasini topgan.
Marosimda imzolangan yana bir muhim hujjat yaqin 5 yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni 10 milliardga yetkazish bo‘yicha Amaliy harakatlar rejasidir. Unda ikki mamlakat tarmoqlari va hududlari uchun qulay sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbarlari huzurida hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi. Bojxona, favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish, fazoviy makonni tadqiq etish va undan tinch maqsadlarda foydalanish sohasiga doir hamda “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlar shular jumlasidan. Shuningdek, savdo, investitsiyalar, energetika, transport kommunikatsiyalari, sud-ekspertlik faoliyati, mudofaa, bandlik va fan sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha tegishli hujjatlarga imzo chekildi.
Toshkent va Turkiston viloyatlari, Toshkent va Nur-Sulton shaharlari, Navoiy va Qizilo‘rda viloyatlari hokimliklari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xarita”lari qabul qilindi.
Umuman, ko‘p qirrali O‘zbekiston – Qozog‘iston hamkorligining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolandi.
Davlat tashrifining asosiy tadbirlaridan so‘ng OAV vakillari uchun brifing o‘tkazildi.
Prezidentlar har doimgidek ochiq, ishonchli va ishchan muhitda o‘tgan muzokaralar natijalaridan mamnunligini bildirdilar.
Xususan, muzokaralarda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali, o‘zaro manfaatli hamkorlikni ikki tomonlama va mintaqa kun tartibidagi barcha yo‘nalishlarda yanada rivojlantirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z bayonoti avvalida Qozog‘iston xalqini mustaqillikning 30 yilligi bilan yana bir bor tabrikladi.
Keyingi yillarda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlarida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi bugun tarixiy qaror qabul qilinib, ikki tomonlama hamkorlik ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘tarilgani, bu birodar xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlaridan kelib chiqib, ularga to‘liq mos ekanini qayd etdi.
– O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkorligi zamirida bir-birimizni to‘ldirib turish borasidagi ulkan salohiyatdan foydalanishga intilish ham mavjud. Biz sa’y-harakatlarimizni birlashtirish va yangi o‘sish nuqtalarini izlash niyatidamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi – savdo-iqtisodiy hamkorlikda erishilayotgan natijalar mamnuniyat bilan qayd etildi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishni kengaytirish maqsadida tomonlar agroklasterlar, ulgurji-taqsimlash va logistika markazlarini tashkil etishga, “Agroekspress” loyihasini ilgari surishga kelishib olganliklari ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zbekistonda sanoat, energetika, kimyo, qurilish, bank va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Tashrif arafasida o‘tkazilgan ishbilarmonlik tadbirlari yakunida qiymati 6 milliard dollarga yaqin bo‘lgan yangi investitsiya va savdo kelishuvlari imzolandi.
– Bunday ko‘rsatkichlar avval bo‘lmagan. Qolaversa, barchasi qat’iy kelishuvlar, ular istiqbolga yaxshi zamin yaratadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tomonlar “yashil” energetika loyihalarini faol ilgari surishga, eng yangi suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, Orolbo‘yida daraxtzorlar yaratish borasida birgalikda ishlash va xalqaro donorlar bilan hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Brifingda madaniyat, fan va ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm sohalarida erishilgan kelishuvlar ham qayd etildi.
– bugungi murakkab va ziddiyatli zamonda odamlar ongi va qalbiga, ayniqsa, yosh avlodga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi madaniyat va ma’naviyatning ahamiyati ortib bormoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu munosabat bilan muzokaralarda Qozog‘istonda O‘zbekiston yili va O‘zbekistonda Qozog‘iston yili tadbirlarini muntazam ravishda o‘tkazib borish yuzasidan kelishuvga erishildi. Kelgusi yilda yurtimizda birinchi Yoshlar kongressi hamda Ijodiy va ilmiy ziyolilar forumi tashkil etiladigan bo‘ldi.
Qayd etilganidek, O‘zbekistonda sakkiz yuz mingdan ziyod qozoq millatiga mansub fuqarolar istiqomat qilmoqda. Ular milliy madaniyati, tili va an’analarini rivojlantirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. To‘rt yuzga yaqin maktabda o‘qitish qozoq tilida olib borilmoqda.
Mana o‘ttiz yildirki, O‘zbekistonda Qozoq milliy madaniyat markazi va uning sakkizta hududiy bo‘linmalari faol ishlab turibdi.
– Qozoq yurtdoshlarimiz orasida O‘zbekiston Qahramoni yuksak unvoniga va boshqa davlat mukofotlariga sazovor bo‘lganlar, senator va deputatlar, vazir va generallar, yirik korxonalar rahbarlari borligidan faxrlanamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining o‘ttiz yilligini kelgusi yilda keng nishonlash maqsadida tegishli dastur qabul qilishga kelishib oldilar.
Mintaqaviy va xalqaro maydondagi hamkorlik masalalariga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvidek samarali platformani yaratishga muvaffaq bo‘lingani, uning doirasida umumiy uyimizni kompleks rivojlantirish yo‘llari belgilanayotganini alohida qayd etdi.
Muzokaralarda mintaqamizda xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlarga, eng avvalo qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatdan kelib chiqqan holda qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada O‘zbekiston va Qozog‘iston pozitsiyalari to‘liq mos ekani tasdiqlandi.
Mamlakatimiz Qozog‘istonning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raisligi doirasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Qozog‘iston esa O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi.
– Ushbu tashrif doirasida salmoqli hujjatlar to‘plamini imzoladik. Ishonchimiz va sherikligimiz juda yuksak darajaga chiqqanidan, birgalikda harakat qilib, har tomonlama ko‘makdosh bo‘lishga tayyor ekanimizdan dalolat beruvchi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya ular orasida eng asosiysi. Biz ikki qardosh xalqlarning ravnaqi yo‘lida ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng ko‘lamli hamkorlikni mustahkamlashning qat’iy tarafdorimiz, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Prezident Qosim-Jomart Toqayev ham keng doiradagi masalalar yuzasidan fikr almashilgan muzokaralar yakunidan mamnunligini bildirdi.
Davlatimiz rahbari Qozog‘iston Prezidentini o‘ziga qulay vaqtda tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif qildi.
Oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Elboshini mustaqil Qozog‘iston asoschisining ulkan xizmatlari e’tirofi sifatida dekabr oyining birinchi sanasida nishonlanadigan bayram – Birinchi Prezident kuni bilan samimiy qutladi.
Mamlakatimiz yetakchisi Nursulton Nazarboyevning chuqur o‘ylangan siyosati tufayli birodar Qozog‘iston xalqi ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotning barcha sohalarida yuksak muvaffaqiyatlarga erishganini ta’kidladi.
Prezidentimiz O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik rivojiga Elboshining shaxsiy hissasini yuqori baholadi. Bugun Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangani muloqotlarni faollashtirish jarayonining mantiqiy davomi bo‘ldi.
Uchrashuvda ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Markaziy Osiyo makonida siyosiy muloqot faollashgani, Maslahat uchrashuvlari mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani, do‘stlik va ishonch muhiti shakllangani ta’kidlandi.
Nursulton Nazarboyev bu galgi davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
So‘ng Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti muzeyiga tashrif buyurdi.
Bu yerda Nazarboyevning ish xonalari asl holicha saqlab qolingan. Yig‘ilishlar va jurnalistlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan majlislar zalida zamonaviy Qozog‘istonning taraqqiyot yo‘liga bag‘ishlangan ekspozitsiya joylashgan. Ko‘plab eksponatlar Qozog‘istonning xorijiy hamkorlar bilan tashqi siyosiy aloqalaridan so‘zlaydi.
Davlatimiz rahbari muzey bilan tanishib, Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi.
O‘zbekiston Prezidentining davlat tashrifi doirasida Nur-Sulton shahrida mamlakatimiz elchixonasi yangi binosining ochilish marosimi bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Qosim-Jomart Toqayev ramziy bog‘ichni kesib, yangi binoni tantanali ravishda ochdilar.
Ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi.
Prezidentlar elchixonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Zamonaviy bino yurtimiz quruvchilari tomonidan barpo etilgan. Xonalar milliy uslubda bezatilgan.
Diplomatik vakolatxona hududida asosiy bino, konsullik bo‘limi, xodimlar uchun uy, diplomatik missiya rahbarining qarorgohi, bolalar va sport maydonchalari joylashgan.
Muzokara xonalari, anjumanlar zalida barcha sharoit mavjud. Elchixonaning o‘z kutubxonasi ham bor.
Ish jarayonlarini samarali tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan, axborot texnologiyalari keng joriy qilingan. Bu yerdagi interfaol uskunalar muzokaralarni onlayn shaklda o‘tkazish imkonini beradi. Konsullik faoliyati uchun “elektron navbat” tizimi o‘rnatilgan, bu yerga keluvchilar ma’lumotlarni interfaol tarzda olish imkoniyatiga ega.
Alohida ehtiyojli odamlar uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi elchixona binosida barchasi ish sifati va samarasi yuqori bo‘lishiga, qardosh mamlakat bilan sheriklikni yanada kengaytirishga qaratilgan.
Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev elchixonaning Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdilar.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Bosh vaziri Asqar Mamin hamrohligida Nur-Sulton shahridagi EXPO ishbilarmonlik markazida joylashgan Raqamli hukumat ofisiga tashrif buyurdi.
Ushbu muassasa joriy yil sentyabr oyida ochilgan. Uning tarkibiga Milliy tahlil markazi, Raqamli transformatsiya markazi va Milliy loyiha ofisi kiradi.
Davlatimiz rahbari situatsion markaz imkoniyatlari bilan ham tanishdi. Markaz barcha ma’lumotlar bazalariga ulanadi va hududlar bilan yaqindan hamkorlik qiladi, bu esa real vaziyatni onlayn ravishda ko‘rish, masalan, mamlakatda emlash sur’atlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kuzatib borish imkonini beradi.
Ichki va tashqi savdo bo‘yicha tahliliy platforma imkoniyatlari namoyish qilindi. Uning yordamida oziq-ovqat narxlarini onlayn ravishda monitoring qilish va narx-navoning prognoz ko‘rsatkichlarini shakllantirish mumkin. Bundan tashqari, ofis negizida innovatsiyalar va aerokosmik sanoat sohalaridagi loyihalar ishga tushiriladi.
Ofis mutasaddisi O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish, IT-parklar tashkil etish, dasturchilar tayyorlash, davlat xizmatlarini onlayn ko‘rsatish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni e’tirof etib, Qozog‘iston ham shu yo‘ldan borayotganini aytdi.
Davlatimiz rahbari bu sohada tajriba almashish, davlat xizmatlari sohasiga sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish, har bir hayotiy vaziyatni tahlil qilib, odamlarga qulaylik yaratish muhimligini ta’kidladi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga davlat tashrifi yakunlandi.