31/03/2022

2022- yil 31-mart kuni Milliy matbuot markazida “Davlat statistika ishlari dasturi doirasida 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar hisoboti” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.

ichi-310322-anjuman0

anjum

anjum1

anjum3

anjum5

anjum6

anjum7

Tadbirda Davlat statistika qoʻmitasi rahbariyati, markaziy apparati boshqarma boshliqlari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, Davlat statistika ishlari dasturiga muvofiq, 2021- yilning yanvar-dekabr oylarida jami 2492 ta statistika ishlari belgilangan muddatlarda va to‘liq hajmda bajarildi, shundan 2011 tasi davlat statistika organlari tomonidan va 481 ta ishlar boshqa vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan bajarildi.  

Ma’lumot o‘rnida: Davlat statistika ishlari dasturi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021- yil 11- fevraldagi “2021-yil uchun Davlat statistika ishlari dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 62-son qarori bilan tasdiqlangan.

Davlat statistika ishlari dasturiga muvofiq bajarilgan ishlar natijalariga ko‘ra, shakllantirilgan ochiq statistika ma’lumotlari, axborotnomalar, to‘plamlar, press-relizlar ko‘rinishida hamda ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam ravishda milliy va xorijiy foydalanuvchilar uchun e’lon qilib borildi.

Xususan, 2021- yil davomida qo‘mitaning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy Telegram kanalida 8951 ta, Facebook sahifasida 8951 ta, Instagram sahifasida  595 ta yangiliklar e’lon qilindi.  400 dan ortiq infografika roliklari hamda statistika faoliyatiga oid lavhalar “O‘zbekiston 24”, “Uzreport” va boshqa xususiy telekanallarda doimiy tarzda efirga uzatilib kelinmoqda.

Davlat statistika qo‘mitasi rasmiy veb-saytining “Rasmiy statistika” bo‘limida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, milliy hisoblar, narx va indekslar, sanoat, qishloq xo‘jaligi, aholi turmush darajasi va boshqa qator statistika yo‘nalishlari bo‘yicha 330 ta statistika ma’lumotlari to‘plamlari e’lon qilindi.

“Халқ сўзи”, “Народное слово”, “Янги Ўзбекистон”, “Правда Востока”, “Иқтисодий газета”, “Биржа”, “Ишонч” va boshqa nashrlarda statistik ko‘rsatkichlar aks etgan 70 dan ortiq materiallar chop etildi.

“O’zbekiston statistik axborotnomasi” ilmiy-elektron jurnalining samarali faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur jurnalda mamlakatimiz iqtisodiyoti va statistika sohasidagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar, tadqiqot va ishlanmalar natijalari e’lon qilib borilmoqda.

Xalqaro statistika amaliyoti tavsiyalarini inobatga olgan holda statistika sohasining turli yo‘nalishlari bo‘yicha 2021- yil yanvar-dekabr oylarida 38 ta yangi uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqildi hamda 7 ta uslubiy qo‘llanmalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Respondentlar uchun qulaylik yaratish maqsadida ilg‘or axborot texnologiyalaridan foydalangan holda statistika hisobotlarini topshirish tizimi takomillashtirilib, eStat-4.0 axborot tizimi ishga tushirildi va natijada oylik va choraklik hisobotlarni onlayn rejimda qabul qilish yo‘lga qo‘yildi.

 2021-yil 1–25-noyabr kunlari Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida aholini sinov tariqasida roʻyxatga olish tadbiri oʻtkazildi.  Unda xorijiy ekspertlar jalb etilib, ularning taklif va tavsiyalari asosida 2023-yilda oʻtkaziladigan asosiy tadbirga tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasida Multiindikator klaster kuzatuvlarini oʻtkazish maqsadida Davlat statistika qoʻmitasi hamda BMTning Bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF) bilan hamkorlikda 2021-yilning aprel–iyul oylarida kuzatuvning birinchi bosqichi, 2021-yil noyabr-2022-yil yanvar oylarida kuzatuvning ikkinchi bosqichi oʻtkazildi.

Bundan tashqari, 2021-yil 26-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligi sohasida statistik maʼlumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi
104-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilgan boʻlib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishildi va jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

Ochiq ma’lumotlar portali faoliyatini takomillashtirish, ma’lumotlar sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida, portalda e’lon qilinayotgan ma’lumotlar to‘plamlari soni 3600 dan oshdi. Jumladan, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan Portalda e’lon qilinayotgan statistika ma’lumotlari to‘plamlari soni 2041 tani tashkil qildi.

2021-yilda O’zbekiston Respublikasi Xalqaro ochiq ma’lumotlar Xartiyasiga 23-mamlakat bo‘lib qo‘shildi. Ma’lumot uchun mazkur xartiyaga Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston Janubiy Koreya hamda Filippindan keyin uchinchi mamlakat sifatida qo‘shildi.

Open Data Soft tomonidan ishlab chiqilgan 2600 dan ortiq ochiq ma’lumotlar portallarining to‘liq ro‘yxati hisoblangan Open Data Inception ma’lumotlariga ko‘ra, jahon mamlakatlari orasida O’zbekiston 99 ta ochiq ma’lumotlar manbalari bilan ochiq ma’lumotlar manbalari soni mavjudligi bo‘yicha jahonda 5-o‘rinni egalladi.

2021-yilning yanvar–dekabr oylarida xalqaro tashkilotlarning 45 ta savolnomalari, jumladan, BMT Statistika bo‘limining 10 ta, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining 5 ta, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi statistika bo‘limi (BMT YeIK)ning 3 ta, UNESCO statistika institutining 9 ta, Xalqaro elektroaloqa ittifoqining 2 ta, Osiyo Taraqqiyot Bankining 1 ta va boshqa xalqaro tashkilotlarning 15 ta savolnomalari to‘ldirilib, taqdim etildi.

Bundan tashqari, 2 ta xalqaro ma’lumotlar bazalaridagi, xususan Xalqaro valyuta jamg’armasining kengaytirilgan ma’lumotlarni tarqatishning umumiy tizimi doirasida, BMTning UNDATA va COMTRADE ma’lumotlar bazalarida O’zbekistonning statistik ko‘rsatkichlari o‘z vaqtida yangilandi.

Matbuot anjumanida mutaxassislar OAV xodimlari va jurnalistlarning savollariga atroflicha javob berishdi.

 

Axborot xizmati