2022-yilning 11-may kuni soat 15:00da Toshkent shahridagi Milliy matbuot markazida “Qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirlariga tayyorgarlik jarayonlari” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Matbuot anjumanida, Davlat statistika qoʻmitasi raisi, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti rahbariyati, qoʻmita markaziy apparati tarmoq boshqarmalari boshliqlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligi sohasida statistik maʼlumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 104-son qarori qabul qilingan.
Mazkur qarorga muvofiq, Respublikamizda 2024-yilda ilk marta qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish amalga oshirilishi belgilangan.
Qarorga asosan, vakolatli davlat organlari va tashkilotlariga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish borasida ularga tashkiliy-amaliy, uslubiy, ilmiy va boshqa jihatdan koʻmaklashish maqsadida, qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha respublika komissiyasi tarkibi, shuningdek, hududlarning oʻziga xos xususiyatlari va joylardagi dolzarb muammolarni tizimli va kompleks hal etish zaruriyatini hisobga olgan holda, hududiy komissiyalarning namunaviy tarkibi tasdiqlangan.
Roʻyxatdan oʻtkazish ishlari uch bosqichda amalga oshirilishi yaʼni 2022-2024 yillarni oʻz ichiga qamrab olgan tayyorgarlik bosqichi, ikkinchisi, asosiy bosqich boʻlib, yaʼni 2024 yilda roʻyxatdan oʻtkazish tadbiri amalga oshirilishi hamda soʻnggi bosqichda, 2024-2026 yillar davomida olingan maʼlumotlar tahlil qilinishi, qayta ishlanishi hamda umumlashtirilib dastlabki va yakuniy natijalar eʼlon qilinishi taʼkidlab oʻtildi.
Tayyorgarlik bosqichidagi eng asosiy masalalardan biri, roʻyxatdan oʻtkazish jarayonlarida faol ishtirok etish boʻyicha joylarda targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish hisoblanadi. Shu bilan birga, mazkur bosqichda respublikaning ayrim hududlarida sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish amalga oshiriladi.
Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish ishlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 197-son qarori qabul qilindi.
Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishning tashkiliy va metodik prinsiplarini, dasturiy-texnik taʼminoti va maʼlumotlarni qayta ishlashning texnologik jarayonlarini sinovdan oʻtkazish koʻzda tutilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligi sohasida statistik maʼlumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazish qishloq xoʻjaligi faoliyatining quyidagi asosiy koʻrsatkichlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi:
✓ qishloq xoʻjaligi obyektlarining iqtisodiy faoliyat turlari;
✓ mehnat resurslari va ularning demografik xususiyatlari;
✓ yer resurslari va ulardan foydalanish holati;
✓ qishloq xoʻjaligi ekinlarining maydoni;
✓ issiqxonalar maydoni va boshqalar.
Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ – Davlat statistika qoʻmitasi Respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.
Mazkur qarorga muvofiq, 2024-yilda oʻtkaziladigan qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish tadbirini sifatli amalga oshirish maqsadida, 2022-yilning avgust oyida Respublikaning 2 ta hududida, yaʼni Samarqand viloyatining Jomboy tumani hamda Toshkent viloyatining Parkent tumanida sinov tariqasida roʻyxatdan oʻtkazish ishlarini amalga oshirish belgilandi.
Matbuot anjumanida sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish ishlari roʻyxatdan oʻtkazish dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan 6 ta shakldagi roʻyxatdan oʻtkazish soʻrovnomalari asosida olib borilishi taʼkidlab oʻtildi.
Roʻyxatdan oʻtkazish – Oʻzbekiston Respublikasi hududida yaxlit va har bir maʼmuriy-hududiy birlik boʻyicha aniq bir vaqtda, qishloq xoʻjaligi faoliyatining turli tavsiflari toʻgʻrisida xalqaro taqqoslanadigan ishonchli, xolis va yaxlit maʼlumotlarni yagona statistik metodlar asosida yigʻish maqsadida amalga oshiriladi.
Axborot xizmati