2022-yil 20-oktabr kuni Toshkent shahridagi “Hilton” mehmonxonasida Davlat statistika qoʻmitasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro bolalar jamgʻarmasi–UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Multiindikator klaster kuzatuvlarining dastlabki natijalari” mavzusiga bagʻishlangan taqdimot yig’ilishi oʻtkazildi.
Tadbirda Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparati, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro bolalar jamgʻarmasi–UNICEF vakillari, xalqaro ekspertlar, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Taqdimotda qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4273-son qarori ijrosini taʼminlash hamda respublikada bolalar va ayollar holatini xalqaro darajada baholash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 625-son qaroriga muvofiq, 2020-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida Multiindikator klaster kuzatuvlari oʻtkazilishi belgilangan edi.
Multiindikator klaster kuzatuvi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro bolalar jamgʻarmasi–UNICEF tomonidan ishlab chiqilgan uy xoʻjaliklarining tanlanma kuzatuv xalqaro dasturi boʻlib, asosan bolalar va ayollar holatini baholash maqsadida koʻp koʻrsatkichli maʼlumotlarni yigʻadi, shu oʻrinda onalar va bolalar boʻyicha dunyo miqyosidagi eng yirik statistik maʼlumotlar manbaasi hisoblanadi.
MICS kuzatuvlari 1995-yildan boshlab 2022-yilga qadar butun dunyo mamlakatlari oʻrtasida 118 ta davlatda 349 marotaba oʻtkazilgan. Ushbu kuzatuvda ona va bola salomatligi, ayollarning reproduktiv salomatligi, bolalar huquqlari va ularning taʼlim olish darajasi, bolalarning sogʻlom va jismoniy rivojlanishi kabi muhim statistik koʻrsatkichlar jamlanadi.
2021-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida Multiindikator klaster kuzatuvlarini (MICS) oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va BMT Bolalar jamgʻarmasi UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Davlat statistika qoʻmitasi kuzatuvni oʻtkazish boʻyicha vakolatli davlat organi etib belgilangan.
Kuzatuvlar ikki bosqichda o'tkazildi. 2021-yilning mart-iyun oylarida birinchi bosqichda milliy darajada reprezentativ tanlov asosida to'plangan bir qator ko'rsatkichlar bo'yicha ma'lumotlar olindi. Biroq, bir qator omillar, jumladan, COVID-19 pandemiyasi tufayli 2021-yil sentabr oyida qo'shimcha reprezentativ namuna tayyorlandi, uning asosida 2021-yil noyabridan 2022-yil yanvarigacha ma'lumotlarni yig'ishning ikkinchi bosqichi o'tkazildi.
Dala ishlarining birinchi bosqichida so'rov tashrif buyurilgan klasterlardagi 10 879 ta uy xo'jaligida (10 890 ta aholidan) o'tkazildi, shundan so'ng dala ishlarining ikkinchi bosqichi amalga oshirildi. 4507 ta xonadondan iborat yangi tanlanma birinchi bosqichda tashrif buyurilgan bir xil klasterlardan shakllantirildi.
Ikkinchi bosqich doirasida so'rov 4180 ta uy xo'jaligida (4248 ta aholidan) o'tkazildi, bu esa ko'pchilik ko'rsatkichlar bo'yicha ham milliy darajada, ham oltita geoiqtisodiy mintaqa (G'arbiy, Markaziy, Janubiy, Markaziy - Sharqiy, Sharqiy va Toshkent), shuningdek, shahar va qishloq joylari darajasida ishonchli hisob-kitoblarni olish imkonini berdi. O‘n ikki viloyat, Qoraqalpog'iston Respublikasi va Toshkent shahri ushbu oltita geoiqtisodiy mintaqaga birlashtirildi. Har bir mintaqadagi shahar va qishloq hududlari asosiy tanlab olish qatlamlari sifatida aniqlandi va uy xo'jaliklari tanlanmasi uch bosqichda (mahalla, segment va uy xo'jaliklari) amalga oshirildi.
So'rovda to'rtta savolnomadan foydalanildi:
1) uy xo'jaligining barcha a'zolari (odatda yashovchilar), uy xo'jaliklari va turar-joylar to'g'risida asosiy demografik ma'lumotlarni to'plash uchun uy xo'jaliklari so'rovnomasi;
2) har bir xonadondagi ayollar uchun to'ldirilgan 15-49 yoshdagi ayollar uchun individual so'rovnoma;
3) uyda yashovchi 5 yoshgacha bo'lgan bolalarning onalari (yoki tarbiyachilari) uchun mo'ljallangan, 5 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun so'rovnoma;
4) uy xo'jaligida yashovchi 5-17 yoshli tasodifiy tanlangan bitta bolaning onasi (yoki tarbiyachisi) tomonidan to'ldirilgan 5-17 yoshdagi bolalar uchun so'rovnoma.
2021–2022-yillarda o‘tkazilgan MICS kuzatuvlari sturukturasi quyidagilardan iborat:
- Tanlanma qamvori va respondentlarning xususiyatlari
- Yashab qolish
- Farovonlik. Ona va yangi tug’ilgan chaqaloqning salomatligi
- Farovonlik. Bolalar salomatligi, ovqatlanishi va rivojlanishi
- O‘qish
- Zo‘ravonlik va ekspluatatsiyadan himoya qilish
- Xavfiz va toza muhitda yashash
- Hayot imkoniyatlari tengligi
Xususan, kuzatuv natijlari bo‘yicha quyidagilar aniqlandi:
■ Uy xo’jaliklarining 77 %da 0-17 yoshdagi kamida bitta bola bor. Uy xo’jaliklarining 40 %da 5 yoshgacha bo’lgan kamida bitta bola bor.
■ Tug’ruqlarning 99%i malakali tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshirilgan.
■ Ortiqcha vaznli bolalar 5 yoshgacha bo’lgan bolalar umumiy sonining 5 %idan kamrog’ini tashkil qiladi (o’gil bolalar orasida 5 % va qizlar orasida 4 %)
■ Boshlang’ich maktabni bitirish darajasi 100%, quyi va yuqori o’rta ta’lim bosqichlari uchun mos ravishda 98 % va 94 %.
■ Maktabga qatnaydigan va uy vazifasini bajaradigan 7-14 yoshdagi bolalarning 72 %i kattalardan yordam oladi.
UNICEF bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasida Multiindikator klaster kuzatuvlarini oʻtkazish natijasida mamlakatda onalar va bolalar turmush tarziga oid statistik maʼlumotlarni yangilashga va ularni xalqaro maʼlumot bazalarida aks ettirishga erishiladi. Kuzatuv natijalariga koʻra shakllangan koʻrsatkichlar uy xoʻjaligi boʻyicha Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) koʻrsatkichining 40 foizini qamrab oladi. Bu esa, oʻz navbatida, Jahon bankining “Statistika salohiyati” indeksida va boshqa xalqaro reytinglarda Oʻzbekiston Respublikasi koʻrsatkichlarini yuksalishiga xizmat qiladi.
Kuzatuv jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha tanlab olingan 556 ta mahallada, joylarga chiqilib respondentlar bilan shaxsan suhbatlashish orqali, planshetlarda elektron koʻrinishda savolnomalarni toʻldirish yoʻli bilan maʼlumotlar yigʻildi.
Shakllantirilgan tahliliy jadvallar asosida, UNICEFning xalqaro ekspertlari taklif va mulohazalarini inobatga olgan holda hisobot ilovalari va xulosa jadvallarini shakllantirish, hisobot loyihasi tayyorlash ishlari amalga oshirildi.
Kuzatuv natijalari boʻyicha yakuniy maʼlumotlar, oʻzlariga tegishli soha va yoʻnalishlarni rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish uchun respublikaning tegishli vazirlik va idoralariga taqdim etiladi.
Oʻtkazilgan MICS natijalariga asosan Barqaror rivojlanish sohasidagi maqsad va vazifalarga tegishli boʻlgan 20 dan ortiq indikator koʻrsatkichlari shakllantiriladi.
MICS natijalari boʻyicha shakllantirilgan maʼlumotlar, joriy yilning noyabr-dekabr oylarida Davlat statistika qoʻmitasining rasmiy veb-sayti (www.stat.uz) hamda UNICEFning (www.mics.unicef.org) veb-saytiga joylashtiriladi.
Mamlakatimizda oʻtkazilgan MICS natijalarining eʼlon qilinishi xalqaro maʼlumotlar bazalarida uzoq yillar davomida yangilanmay qolayotgan Oʻzbekiston Respublikasiga oid indikatorlarning yangilanishiga hamda xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimiz oʻrnining yaxshilanishi va dunyo hamjamiyatida nufuzini yanada oshishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Matbuot anjumani soʻnggida mavzu yuzasidan jurnalistlarning qiziqtirgan savollariga Davlat statistika qoʻmitasi va UNICEF vakillari tomonidan batafsil javob berildi.
Matbuot xizmati