Dunyodagi har bir mamlakat, oʻzining aholisi va uning yashash holati boʻyicha ishonchli maʻlumotga ega boʻlish maqsadida muntazam ravishda aholini roʻyxatga oladi.
Hozir jahonning koʻplab rivojlangan davlatlarida aholi oʻrtacha har oʻn yilda kamida bir marta roʻyxatdan oʻtkazilmoqda.
Aholi sonini roʻyxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli boʻlgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarni yigʻish, umumlashtirish, baholash, tahlil va eʼlon qilishning yagona jarayonidir.
U aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning asosiy manbai boʻlib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz koʻrsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantiriladi.
Oʻz navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Aholi sonini ishonchli hisoblash boʻyicha rasmiy statistika tizimida asosiy roʻl oʻynaydi.
Koʻpchilik insonlar aholini roʻyxatga olish amaliyotini statistik maʼlumotlar toʻplash tadbirlarining bir koʻrinishi, deb tushunadi. Ammo bu shunchaki statistika emas, balki mamlakat aholisining maʼlum bir vaqtdagi fotosuratini koʻrish imkoniyatini beradigan yirik miqyosdagi tadbir hisoblanadi.
Aholini roʻyga olishni birinchi bosqichida qanday ishlar amalga oshiriladi.
Bunda tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala aholi oʻrtasida roʻyxatga olishda faol ishtirok etish boʻyicha targʻibot ishlarini olib borish hisoblanadi. Bu tadbirlarni sifatli va haqqoniy oʻtkazish uchun targibot va tashviqot ishlarini aʼlo darajada olib borishimiz zarur.
Shu maqsadda viloyat statistika boshqarmasi xodimlari tomonidan Universitet va texnikumlarda seminar tadbirlari o‘tkazilinib talaba yoshlarga roʻyxatga olish nimaligi va unda oʻzlari ham respondet boʻlib ishtirok etishlari va hatto ishga jalb qilinishlari mumkinligi boʻyicha tushuntirishlar berilib borilmoqda.
Bu borada roʻyxatga oluvchilarni tanlash va oʻqitish masalasi ham nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega. Chunki maʼlumotlarning toʻgʻriligi bevosita ularning malaka va amaliy koʻnikmalariga bogʻliq. Shu bois, jarayonga jalb etiladigan xodimlar viloyat statistika boshqarmasi tomonidan reja-jadval asosida maxsus oʻqitiladi. Ular uchun uslubiy qoʻllanma va videodarsliklar ishlab chiqilib, zarur hollarda, qoʻshimcha maslahatlar beriladi.
Aholini roʻyxatga olish jarayonlarini xalqaro talablarga mos va sifatli oʻtkazishda kartografik materiallarning aniqligi ham muhim hisoblanadi.
Aholini roʻyxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish koʻzda tutilgan. Bu — hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning roʻyxatini tuzish bilan bogʻliq masala.
Turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini oʻtab boʻlgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obyektlarni qurish va taʼmirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, Respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda, aholini roʻyxatga olish uchun zarur boʻlgan miqdorda kartografik materiallar (shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalari va xaritalari) bilan taʼminlash vazifasi yuklatilgan.